Konstitutsiya xotin-qizlarni qanday himoya qiladi?
Ayollar haqida koʻp ulugʻ soʻzlar aytilgan va aytiladi. Ammo hayotda opa-singillarimiz shu ulugʻ soʻzlardagi kabi eʼzoz koʻrmoqdami? Konstitutsiyamizni sinchiklab oʻqisangiz, ayollar qadr-qimmati, huquqlari himoyasi boʻyicha juda insoniy meʼyorlar belgilangan. Bugun turmushda ular roʻyobga chiqmoqdami?..
Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun arafasida bu kabi savollar haqida chuqur oʻylash ayni muddao boʻladi.
Chunki, hozirgi davrda xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yana-da dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda.
Mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ayollarning barcha sohalardagi samarali mehnati, ayniqsa, farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hech narsa bilan oʻlchab, qiyoslab boʻlmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanliklari mustahkamlab qoʻyilgan, davlatimiz Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi, Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari toʻgʻrisidagi, Bir xil qiymatga ega boʻlgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi konvensiyalarga qoʻshilgan.
Oʻtgan toʻrt yilda yurtimizda ayollar huquqlari himoyasini tubdan kuchaytirishga doir 15 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan va ijroga qaratilgan. Xususan, oʻtgan yili ikkita muhim hujjat – “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.
Prezidentimiz qabul qilgan bir qator farmon va qarorlar davlat tashkilotlariga ayollar huquqlari bilan bogʻliq vazifalarni belgilab, ularning masʼuliyatini oshirdi. “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror ana shunday muhim hujjatlardan biri.
Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Alohida Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya tashkil etilib, u xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi ishlarning holati toʻgʻrisida har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga axborot taqdim etishi belgilab qoʻyildi.
Endilikda davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha vakolatli mansabdor shaxs belgilanadi. Vakolatli shaxsning majburiyatlarini bajarish davlat organi rahbarining oʻrinbosarlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.
Qonun ijodkorligiga “normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizasi”, degan yangi institut kirib keldi.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunda davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chogʻida teng huquqlilikni, jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni kafolatlashi mustahkamlab qoʻyildi.
Respublika boʻyicha turli korxonalarda ishlayotgan rahbar ayollar 2017-yili 44,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda 45,3 foizga yetgan.
Vazirlar Mahkamasining “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Oʻzbekiston Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadi gender tenglikni taʼminlash, barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan. Unga koʻra, 2030-yilga borib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning toʻliq va samarali ishtirokini, yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash zarur.
Xulosa oʻrnida aytish kerakki, Konstitutsiyamizda belgilangan ayollarning haq-huquqlarini roʻyobga chiqarish, ularning qadr-qimmatini oshirish boʻyicha yuqoridan quyigacha amaliy tizim yaratildi. Mana shu yangi tizim samarali ishlashi uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz zarur.
Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- “Real Madrid” alamli tarzda magʻlubiyatga uchradi
- Milliy terma jamoaning JChdagi oʻyinlari qachon va qayerda oʻtishi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring