Konditsionerdan qanday foydalanish kerak?

17:10 17 Iyun 2021 Jamiyat
1446 0

Bugungi kunda konditsionerlar bilan jihozlanmagan ishxona (ofis) yoki uyni uchratish qiyin. U yoz jaziramasida kishini behollikdan, issiq harorat tufayli yuzaga keladigan turli bosh ogʻriqlaridan asraydi. Bir qarashda rohatijon konditsioner yilning issiq faslida juda ahamiyatli boʻlib koʻrinadi. Lekin uning salomatlikka zararli xususiyatlari haqida shifokorlar turli fikrlar bildirib kelishadi. Konditsioner zararini kamaytirish uchun undan toʻgʻri foydalanish kerakligini soha olimlari qayta-qayta taʼkidlamokda. Tibbiyot fanlari nomzodi Eʼzozbek Rizayev bu haqda maʼlumot beradi.

— Aslida yozgi shamollashlarga koʻpincha odamning oʻzi sababchi boʻladi. Masalan, tashqarida issiq havoda terlab, soʻng muzdek, konditsionerli xonaga kirib olamiz. Iliq suvda yuvinib chiqqach yelvizakli xonada oʻtiramiz, uxlaymiz. Konditsionerdan chiqayotgan sovuq havo oqimi tananing yalligʻlanishiga sabab boʻladi.

Butun tana aʼzolari ogʻriydi, hatto bosh ogʻrigʻidan bemor boshini qimirlatolmay qoladi. Konditsioner sovugʻi bosh sohasini zararlasa, meningial simptomlar kelib chiqishi ham mumkin.

Konditsionerni tana haroratiga mos sovuqlikka qoʻysa boʻladi. Masalan, sovuq havoning inson uchun meʼyoriy holati 18 daraja hisoblanadi. Agar havo harorati juda issiq boʻlsa, bu haroratini ozgina tushirish mumkin.

Shuningdek, imkon qadar ish stoli konditsionerdan uzoqroqda boʻlishi kerak. Undan chiqayotgan sovuqlik oqimini tepaga yoki pastga yoʻnaltirib qoʻying, toʻgʻridan-toʻgʻri tanaga urmasligi kerak.

Konditsioner yaqinida oʻtirgan odamning tomogʻi quruqshaydi, koʻzi yoshlanishi, ogʻzida temir taʼmini tuyishi mumkin. Agar konditsioner uchun toʻgʻri joy tanlab oʻrnatilsa va undan chiqayotgan harorat darajasi meʼyorida boʻlsa, hech kim kasallanmaydi.

Konditsionerdan foydalanayotganlar yana bir narsaga eʼtibor berishlari lozimki, issiq kunlarida koʻcha bilan uy ichidagi haroratning farqi 4-5 darajadan oshmasligi kerak.

Konditsionerdan muntazam foydalanadigan uy bekalari va ofis xodimlari quyidagilarni bilib olishlari kerak. Konditsioner havo filtrlari bir yilda kamida 2 marotaba tozalanishi kerak. Konditsioner feni oʻzidan xonadagi havoni aylantirishi natijasida havo tarkibida boʻlgan barcha changlar va kasallik tarqatuvchi mikroblar filtrda qolib ketadi va havo tozalanadi. Agarda filtrlar oʻz vaqtida tozalanmasa filtrlar toʻladi va havo tozalanish oʻrniga ifloslanadi va oʻtkir virusli va oʻtkir respirator kasalliklarning sababchisi boʻladi. Doimo sovuq havo oqimini his etish immunitet pasayishiga olib keladi. Buning natijasida kishi tez-tez shamollaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер