Kon-metallurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar qurish oʻzlashtirildi

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”
“Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kon-metallurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar qurish yoʻlga qoʻyildi. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ buyurtmasi asosida ana shunday vagonlarning dastlabki 15 tasi ishlab chiqarildi.

Kecha zamonaviy dizaynga ega yangi avlod vagonlarini buyurtmachilarga toshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqanlar alohida taʼkidlaganidek, Yangi Oʻzbekiston timsoli koʻrinishidagi mazkur vagonlar mamlakatimiz vagonsozlarining navbatdagi yutugʻi boʻldi. Shubhasiz, bu davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan zavodning ishlab chiqarish quvvatini oshirish, yoʻlovchilar uchun qulay, sifatli va xavfsiz vagonlar ishlab chiqarishni kengaytirish borasida olib borilayotgan islohotlarning samarasidir.

Darhaqiqat, Prezidentimiz 2024-yil 19-mart kuni Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodiga tashrifi chogʻida vagonsozlikni bugungi zamon talabi asosida rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan vagonlar dizaynini oʻzgartirib, yoʻlovchilarga qulaylikni oshirish zarurligiga eʼtibor qaratdi. Ayniqsa, kon-metallurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar qurishni qoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq vazifalar berar ekan, uni koʻrgan odamlar Yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarini sezishi, inson manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan hayotiy oʻzgarishlardan ruhlanishi kerakligini aytgan edi.

“Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” AJ boshqaruvi raisining mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda axborot texnologiyalari masalasi boʻyicha birinchi oʻrinbosari Dilmurod Nigmanovning aytishicha, yangi 61-933 rusumdagi vagonlar ana shu koʻrsatmalar asosida qurilgan boʻlib, ular bugungi zamon talablariga toʻliq javob beradi. Muhtasham koʻrinishi, zamonaviy interyeri, eng asosiysi, qulay va xavfsizligi bilan alohida ajralib turadi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga taqdim etilayotgan vagonlar umumiy 160 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan boʻlib, 110 ta oʻrindiqqa ega. Havo sovitish va isitish tizimi bilan jihozlangan.

— Korxonamiz ishchi-xodimlarini tashishda foydalanilayotgan vagonlar eskirib, yangilashga ehtiyoji tugʻilgan edi, — deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Temir yoʻl transporti boshqarmasi vagon xizmati boshligʻi Samat Umarov. — Shu bois maxsus vagonlar sotib olish boʻyicha shartnoma tuzib, zavodning 2025-yilgi ishlab chiqarish rejasiga kiritgan edik. Buni qarangki, zavod jamoasi buyurtmamizni juda qisqa fursatlarda bajarib, atigi besh oy ichida yangi vagonlarni taqdim qildi. Vagonlarni koʻrib, xursand boʻlib oʻtiribmiz. Kutganimizdan ham aʼlo ekan. Avvalgilari bilan taqqoslanganda harakatlanish tezligi yuqori boʻlsada, shovqinsiz. Bu yurtimizda ishchi-xodimlarga qulay mehnat sharoiti yaratib berish borasidagi ishlarning yorqin namunasi, deyish mumkin.

Bir soʻz bilan aytganda, Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodining sanoat korxonalari uchun maxsus vagonlar qurish loyihasi yurtimiz temiryoʻl infratuzilmasini yanada rivojlantirish, transport xizmatlari sifatini oshirish va yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishishni taʼminlash yoʻlida tashlangan navbatdagi muhim qadam boʻldi.






Husnora AHMADALIYEVA,
Toʻmaris SAGINDIKOVA,
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston
Milliy universiteti jurnalistika va
oʻzbek filologiyasi fakulteti 1-kurs talabalari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring