Koʻlmi yoki qoraqum? “Yetti koʻl”ga nima boʻlyapti?

12:02 30 Oktyabr 2024 Jamiyat
310 0

Samarqand viloyati hududidan oqib oʻtuvchi oʻtuvchi Zarafshon daryosi boʻyidagi koʻl bugun koʻz oʻngimizda yoʻq boʻlib ketmoqda. Qariyb 22 gektar joyni egallagan. Oʻz vaqtida suv bilan qoplangan qismi 13 gektar boʻlgan koʻlda 2021-yilda ham oz miqdorda suv boʻlgan.

Yaqin yillargacha Samarqand shahri, tumanlar, qoʻshni viloyatlar va hatto, boshqa davlatlardan bu yerga dam oluvchilar kelib, hordiq chiqargan. Bugun esa koʻl qurib, chiqindixonaga aylangan. Yuk mashinalari qurilish chiqindilarini shu yerga tashlamoqda. Xoʻsh, bunday holatning sabablari nimada? Koʻlni saqlab qolishning imkoni bormi yoki uni quritishdan kimlardir manfaatdormi?

– Zarafshon daryosi 887 kilometr uzunlikka ega. Daryo qoʻshni Tojikiston Respublikasidan boshlanib, Samarqand viloyatiga kirib kelgandan soʻng Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlarining katta qismini suv bilan taʼminlaydi, – deydi viloyat ekologiya, tabiatni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Toʻraxon Hoshimov. – Bu koʻlga suv daryo sathining koʻtarilishi yoki suvning pasayishi natijasida shagʻalli hududdan sizib oʻtib toʻplangan. Yillar davomida yovvoyi qushlar vaqtincha qoʻnim topadigan suv havzasi ham boʻlgandi. Keyingi yillarda Zarafshon daryosining suv sathi pasayib ketganligi uchun sizot suvlari chiqmay qoldi. Yaʼni, Ravotxoʻja suv toʻgʻonidan boshlab Zarafshon daryosi koʻprigigacha boʻlgan daryoning 50-60 kilometr qismida qariyb 6 million kub metr qum-shagʻal yetishmaydi. Natijada, oʻrmon hududidagi Zarafshon milliy bogʻidagi koʻp yillik daraxtlar ham qurib bormoqda.

Soha mutaxassislarining fikrlari va internet tarmogʻidan olingan suratlardan koʻrinishicha, bu yer avval Zarafshon milliy tabiat bogʻi bilan uygʻunlashib katta koʻl boʻlgan. Bugun oʻsha manzaradan asar qolmagan. Jahon ekologlari bu kabi tabiat oʻzgarishi, daraxtlar va suvning qurib qolishini insoniyatning kelajak avlodini oʻz qoʻli bilan nobud qilishiga tenglashtirishadi. Biz qaysidir loyihani amalga oshirish uchun butun bir hududning buguni va ertasini sunʼiy ravishda oʻz qoʻlimiz bilan yoʻq qilmoqdamiz.

– 40-yildan buyon suv xoʻjaligi sohasida ishlayman, vaqtimning asosiy qismi Zarafshon daryosi bilan bogʻliq, – deydi Jomboy tuman suv xoʻjaligi boʻlimi mirobi Hasan Ashurov. – Yer ostidan chiqadigan chashmalar, Zarafshon milliy tabiat bogʻining sizot suvlari va daryodan ariqlar orqali keladigan suv ikkita quvur yordamida bu yerni suv bilan taʼminlardi. Yoz boʻyi odamlar bilan gavjum edi. Samarqandga kirib keladigan har qanday odam dastlab suv havzasi manzarasi bilan yuzlashgan. Bu yerni yanada chiroyli koʻrsatish va dam oluvchilarga zavq bagʻishlash uchun 1990-2000-yillar davomida choʻmilish maskanida 5 ta sunʼiy orolcha tashkil etildi. Bu yerdan xalqaro aloqa kabeli, elektr havo tarmogʻi oʻtgan. Ish jarayonida kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetmasligiga eʼtibor berganmiz.

Xoʻsh, hozir ham bu holatni bartaraf etib, koʻlni avvalgi holatiga qaytarish, aniqrogʻi,tiklashning imkoni bormi?

Zarafshon daryosining oʻng qirgʻogʻidan kanal oʻtgan, kanal va daryo oʻrtasida katta hajmda sizot suvlari bor, – deydi suv xoʻjaligi faxriysi Zoyir Joʻrabekov. – Shu bois, atrofda koʻplab tabiiy koʻllar boʻlgan va havzaga ham doim toza suv tushib turgan. Ilgari milliy qoʻriqxona hududi hisoblangan koʻllar oʻrnida hozir baliqchilik xoʻjaliklari tashkil etilgan. Suv yoʻli toʻsilgandan soʻng aholi choʻmilib, dam oladigan maskan yoʻq boʻlib ketdi. Bunga avvalo, daryodan koʻp miqdorda tosh olish va viloyat boʻyicha dehqonchilik uchun minglab yer osti quduqlarining qazilishi hisobiga suv sathi pasayib ketishi sabab boʻldi.

Bu joy nima uchun bu qadar muhim, zamonaviy basseynlarda ham choʻmilish dam olish mumkin-ku, deguvchilar topiladi. Birinchidan, daryo suvida tabiiy minerallar bor va u inson salomatligi uchun juda muhim. Ikkinchidan, bu kabi oilaviy dam olish maskanlari Samarqandda shundoq ham kam edi. Shaharning Xishrav qoʻrgʻonidagi 16 ming kub metr suv hajmiga ega suv havzasi hozir kichik ariqqa aylanib qolgan. Zarafshon daryosi boʻyidagi bu sunʼiy koʻl ham yoʻq boʻlib ketdi. Lekin hozir ham bu maskanni tiklash mumkin. Faqat birinchi navbatda koʻlni chiqindidan tozalash, suv bor sathgacha kavlash, eski oʻzandan suv yoʻlini ochish kerak. Bu dam olish maskanlarini koʻpaytirish, xizmat koʻrsatish sohasida yangi subyektlar ochish va asosiysi ekologiyani musaffo saqlashga xizmat qiladi.

Mavzuni oʻrganish jarayonida koʻl oʻrnida nima tashkil etilishi, bu yerni chiqindi bilan toʻldirishning sabablari bilan qiziqdik. Odamlar orasida koʻl oʻrnida bogʻ boʻlarmish, koʻp qavatli uylar qurilarmish, boshqa joydagi bozor koʻchirib kelinarmish, degan mish-mishlar yuribdi. Bu gaplarga aniqlik kiritish va savollarimizga javob olish uchun Samarqand shahri, Samarqand va Jomboy tumanlari hokimliklariga murojaat qilganimizda “Bu yer bizning hududimiz emas”, degan javobni oldik. Kadastr agentligi viloyat boshqarmasining xaritada belgilab koʻrsatishiga koʻra, koʻl joylashgan hudud Samarqand shahar tasarrufida ekan.

Mavzu soʻngida yana bir eslatma. Yurtimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlarning targʻibot jarayonida beshta siyosiy partiya ham saylovoldi dasturlarida ekologik muammolarga yechim topish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surdi. Bu muammoga partiyalar ham eʼtibor qaratadi, degan umiddamiz.

Oʻktam XUDOYBERDIYEV,

Jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер