Kollej va texnikumlarda taʼlim olayotgan xotin-qizlarga davlat granti ajratiladi

15:50 03 Oktyabr 2023 Hujjatlar
2054 0

Hukumat qarori (516-son, 29.09.2023 y) bilan “Kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalaridagi kasb (mutaxassislik) boʻyicha taʼlim olayotgan xotin-qizlarning toʻliq davlat granti asosida taʼlim olish tartibi toʻgʻrisida»gi nizom qabul qilindi.

Nizomga koʻra, kollej va texnikumlarga oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun talab etiladigan davlat granti mablagʻlari respublika byudjetidan byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida tizimida kollej va texnikumlar boʻlgan tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladi.

Kollej va texnikumlarga tegishli yoʻnalishlar boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlar oʻquv yilining 10-oktyabriga qadar ushbu kollej yoki texnikum direktori nomiga davlat granti asosida oʻqish uchun ariza bilan murojaat qiladi.

Arizalar taalluqliligi boʻyicha kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kunida koʻrib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda, hududlardagi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.

Hududiy boʻlinmalar har yili 15-oktyabrgacha umumlashtirilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi.

Vazirlik har yili 20-oktyabrgacha umumlashtirilgan maʼlumotlar asosida davlat granti asosida oʻqish uchun ariza bilan murojaat qilgan xotin-qizlar roʻyxatini taalluqliligi boʻyicha tizimida kollej va texnikumlar boʻlgan vazirlik va idoralarga taqdim etadi.

Vazirlik va idoralar mazkur roʻyxat asosida xotin-qizlarning davlat granti asosida taʼlim olishlari uchun zarur mablagʻ ajratish yuzasidan har yili 25-oktyabrgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga murojaat qiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kuni ichida tegishli mablagʻlarni mazkur vazirlik va idoralarga ajratadi.

Kollej va texnikumlar direktorlari 2023/2024 oʻquv yilidan davlat granti asosida taʼlim oladigan xotin-qizlar uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер