Koʻkdalaning ilk Navroʻzi

Foto: Xalq so‘zi
Navroʻz - xalqimizning koʻp asrlik qadriyatlari, urf-odatlari, anʼana va marosimlarini oʻzida mujassam etgan bayram. U yangilanish va yasharish fasli, inson va tabiat oʻzaro bir butunlik kasb etadigan ayyom. Navroʻz shukuhi kezib yurgan shu kunlarda kishi qalbi koʻkliklarga, kengliklarga talpinadi.
Shundan kelib chiqqan holda Qashqadaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida Navroʻz tadbirlari «Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim!» degan bosh gʻoya asosida ochiq maydonlarda, umumxalq sayillari shaklida oʻtkazilmoqda.
Jumladan, viloyatning Dehqonobod hamda Yakkabogʻ tumanlarda Navroʻz tadbirlari 16-mart kuni nishonlangan boʻlsa, 17-mart kuni Shahrisabz shahri, Shahrisabz, Qamashi, Gʻuzor, Kasbi, Koson va Koʻkdala tumanlarining asosiy Navroʻz sayllari oʻtkazildi.
Taʼkidlash joiz, koʻkdalaliklarga bu yilgi bayram yangi tumanning ilk Navroʻzi sifatida yanada oʻzgacha ishtiyoq va koʻtarinkilik bagʻishladi..
Naymansaroy qishlogʻi hududidagi qir-adirlar bagʻrida oʻtkazilgan bayram sayliga yoshu qari birdek oqib keldi goʻyo.
Bir tomonda Koʻkdalaning milliy qadriyatlari, anʼana va urf-odatlarini aks ettiruvchi hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar koʻrgazmalari tashkil etilgan boʻlsa, bir tomonda baxshilar suluv qizlar yonogʻidagi xolidan, alp yigitlarning oʻzbekona gʻururidan, oridan aytib kuylayverdi. Dorbozlar arqon uzra yugurib, tomoshabinlarni hayratga soldi, polvon yigitlar katta kurash musobaqasida, chavandozlar esa uloq-koʻpkari oʻyinida oʻz kuch va mahoratini, abjirligini koʻz-koʻz etishdi. Doshqozonlardan sumalak va osh dasturxonlarga tortiq etildi.
Dilga orom beruvchi mumtoz navolar, folklor-etnografik jamoalar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, raqslar, ayniqsa, poytaxtdan tashrif buyurgan sanʼatkorlar chiqishlari tadbirga yanada shukuh bagʻishladi.
18-mart kuni ham Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Qamashi, Nishon, Mirishkor, Muborak va Qarshi tumanlarida Navroʻz sayllari oʻtishi kutilayotgan boʻlsa, viloyatning asosiy bayram sayli 19-mart kuni oʻtkaziladi.
Jahongir BOYMURODOV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Taraqqiyotning yangi bosqichida
- Siandagi musulmonlar mahallasi (Fotoreportaj)
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring