Koʻhna Buxoroda sanʼat biyennalesi boshlandi

Istiqlol yillarida “Ipak va ziravorlar”, “Zardoʻzlik va zargarlik” kabi yirik xalqaro festivallar mezboni sifatida ham tanilgan Buxoroi sharifda yana bir yirik madaniy tadbir boshlandi. Bu yerda sanʼat biyennalesi oʻtkazilmoqda. Mintaqamizda ilk bor tashkil etilgan, “Qalblar dardiga darmon” deb nomlangan anjuman nafaqat yurtimiz turli goʻshalaridan kelgan mehmonlar, balki xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda.
Shu oʻrinda biyennale soʻziga izoh berib oʻtish foydadan xoli emas. U italyancha soʻz boʻlib, ikki yillik maʼnosini anglatadi. Boshqacha aytganda, biyennale, bu — badiiy koʻrgazma. Odatda, u ikki yilda bir bor tashkil etiladi. Dunyodagi eng mashhur shunday madaniy tadbirlardan biri Venetsian biyennalesi sanaladi. U 130-yildan buyon oʻtkazilib kelinmoqda. Biz koʻrib odatlangan koʻrgazmalardan uning farqli tomoni shundaki, tadbir bir emas, bir necha muallifning ijodiy ishlarini namoyish etish maydonchasiga aylanadi.
Aytish joizki, Buxoroning biyennale oʻtadigan eski shahar qismida keng qamrovli obodonchilik yumushlari amalga oshirildi. Yoʻl va yoʻlaklar taʼmirlandi. Oqova suv tizimi yangilandi. Tarixiy yodgorliklar restavratsiya qilindi. U yoki bu manzilga yetib borishni osonlashtirish maqsadida maxsus belgilar oʻrnatildi.
— Yurtimizda sanʼat va madaniyat ravnaqiga juda katta eʼtibor qaratilyapti, — deydi taniqli miniatyurachi rassom, “Shuhrat” medali sohibi Davlat Toshev. — Davlatimiz rahbarining “Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesini yuqori saviyada oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu fikr tasdigʻidir. Qarorga muvofiq, bu yirik tadbir har ikki yilda oʻtkaziladi. Biyennalening asosiy maqsadlaridan biri yurtimizda zamonaviy va amaliy sanʼatni, hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlash ekanligi alohida qayd etilgan. Bundan biz, xalq amaliy sanʼati ustalari benihoya xursandmiz. Mazkur tadbir bebaho sanʼatimizni dunyoga keng tanitishda, koʻhna Buxoroning nufuzini yanada oshirishda qoʻl keladi, albatta.
Davlat aka haq. Xorijiy mehmonlarning milliy qadriyatlarimiz, tariximiz, sanʼatimizga qiziqishi benihoya katta. Buni ularning qoʻl mehnatiga asoslangan xalq amaliy sanʼati asarlarini qunt va sinchkovlik bilan kuzatib, bajonidil xarid qilishlaridan ham bilish mumkin. Ayrimlari hatto bu sanʼat sirlarini oʻrganish maqsadida taniqli ustalardan, jumladan, D. Toshevdan ham mahorat saboqlari olishmoqda.
Darvoqe, biz milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash fidoyisi sanalgan Davlat aka bilan “Govkushon” madrasasida qisqacha suhbatlashdik. Bu yerda u biyenneli dasturi doirasida maktab yoshidagi shogirdlari bilan abri bahor sanʼati boʻyicha mashgʻulot oʻtkazdi. ”Abri bahor” iborasi “Bahor bulutlari” maʼnosini beradi. Vatani Buxoroi sharif sanaladi. Undagi maftunkor, oʻz navbatida kishini mushohadaga chorlovchi manzaralar maxsus tayyorlangan boʻyoqlar va suv vositasida qogʻozga tushiriladi. Bu kamyob va nozik sanʼat usuli keyinchalik Eron va Turkiyada ham keng yoyilgan. Zamona zayli bilan bu usul yurtimizda unutilayozgan edi. Istiqlol yillarida musavvirlarimiz tomonidan qayta tiklandi.
Bevosita biyennalega toʻxtaladigan boʻlsak, u joriy yilning 20-noyabrigacha davom etadi. Tadbirga turli davlatlardan madaniyat va sanʼat vakillari, musavvirlar, hunarmandlar kelishmoqda. 70 nafardan ziyod mahalliy va xalqaro ijodkor birin-ketin tadbir uchun tanlab olingan madaniy meros inshootlarida oʻzining maxsus loyihalarini namoyish etishga kirishdi.
Istam IBROHIMOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring