Klaster — qishloq xoʻjaligini harakatlantiruvchi “drayver”

12:40 16 Dekabr 2020 Klaster
2167 0

Prezidentimiz mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigi taqdirini zamin bilan bogʻlagan, yerdan rizq-roʻz undirayotgan kishi borki, qalbini togʻdek koʻtarib yubordi. Axir unda soha xodimlarining mehnati yuksak eʼtirof etilib, jumladan, shunday deyilgan: “Dunyodagi eng qadimiy va olijanob kasb egalari hisoblangan, el-yurt dasturxonini toʻkin va farovon etadigan gʻoyat muhim sohaning zalvorli yukini oʻz yelkasida koʻtarib kelayotgan sizlar kabi minglab yurtdoshlarimizning fidoyi mehnati va jasorati har qanday yuksak eʼtirofga munosibdir”.

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi xodimlariga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilib, agrar sohasini modernizatsiya hamda diversifikatsiya qilishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Natijada amaliyotga ilgʻor yondashuvlar, innovatsion usullar joriy etilayotir. Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining gʻoyasi asosida qishloq xoʻjaligida mahsulot yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning zanjirli usuliga asoslangan klasterlar paydo boʻlgani bunga yaqqol misoldir.

Mazkur yangi tuzilma oʻtgan juda qisqa vaqt ichida agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuch — “drayver”iga aylandi. Bugun nafaqat agrosanoat majmui, balki u bilan bevosita bogʻliq boʻlgan tarmoqlar istiqboli klaster uslubi bilan bogʻlanyapti. Birgina paxtachilik misolida aytadigan boʻlsak, joriy yilda respublikamiz boʻyicha yetishtirilgan 3 million tonnadan ziyod paxta xom ashyosining asosiy qismi yurtimizda faoliyat yuritayotgan 97 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari hissasiga toʻgʻri keldi.

Muvaffaqiyatning bosh omili

Klaster qaysi omillar hisobiga rivojlanyapti, degan savol tugʻilish tabiiy, albatta. Bu haqda toʻxtalganda quyidagi eng muhim jihatlarni alohida sanab oʻtish, kifoya.

Birinchidan, klaster usulida mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilar manfaatlarining mushtarakligi taʼminlanyapti.

Ikkinchidan, u oʻzida chigit ekishdan tortib, paxta yetishtirish, uni birlamchi va chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilishgacha boʻlgan “zanjirli” ishlab chiqarishning toʻliq halqasi yaratilmoqda.

Uchinchidan, klaster ishtirokchilari qishloq joylarga sanoatni olib kirish evaziga sohada yigʻilib qolgan muammolarni hal etishda tashabbuskor boʻlishyapti.

Toʻrtinchidan, qishloq aholisi bandligini taʼminlash, daromadini oshirish orqali ularning boy va farovon yashashi uchun qulay muhit yaratib berilayotir.

Mavsumiy ishchi tushunchasiga barham berilyapti

Prezidentimiz tabrigida paxtadan moʻl hosil yetishtirgan ilgʻor subyektlardan biri sifatida eʼtirof etilgan Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Sluster” klasteri yangi tuzilmaning afzalliklarini amalda isbotladi.

Gap shundaki, ushbu tumanda klaster usuliga oʻtilmasidan oldin paxtadan gektariga 11 — 13 sentnerdan hosil olingan, xolos. Ekin maydonlari klaster ixtiyoriga berilgach, birinchi mavsum — 2019-yilning oʻzida gektaridan oʻrtacha 35 sentnerdan paxta yetishtirilib, yalpi hosil 30 ming tonnadan oshdi. Bu yil esa 10 ming gektarda gʻoʻza parvarishlanib, birinchi terim yakunlanmasdan turib, shartnomaviy rejadagi 34 ming tonna paxta xom ashyosi yigʻishtirib olindi. Mavsum yakunlari boʻyicha oʻrtacha hosildorlik 41 sentnerdan oshdi. Bu masalaning bir jihati.

Uning ikkinchi tomoni shundaki, tumanda fermer xoʻjaliklari davridagi ishchilar soni 898 nafarni, oʻrtacha ish haqi esa 550 000 soʻm boʻlgan boʻlsa, “TCT Sluster”da 8 600 ta ish oʻrni yaratildi, oʻrtacha ish haqi esa 4-marta oshirildi. 2019-yilda fermer xoʻjaliklari davridagi 7,9 mlrd. soʻmdan 6 barobar koʻp yoki 28,7 mlrd. soʻm soliq toʻlovlari toʻlandi. Mana, koʻryapsizmi, klasterning afzalliklari nimada?

Eng muhimi, paxta-toʻqimachilik klasterida mavsumiy ishchi degan tushunchaga barham berilayotir. Klasterlarda odamlarning yil — 12 oy bandligi taʼminlanyapti. Ular xuddi zavod va fabrikalar ishchilaridek, qishin-yozin mehnat qilib, oylik maosh olishmoqda.

Katta ishonch va gʻamxoʻrlikning yuksak namunasi

Shuning uchun klasterlar davlatimiz tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, qulay agrobiznes muhiti yaratilmoqda. Birgina 2020-yilda qabul qilingan 5 ta qonun, Prezidentimizning 12 ta Farmoni va 30 dan ortiq qarori, shuningdek, hukumatning koʻplab qarorlari mazkur soha vakillarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, qoʻshimcha erkinlik va yengilliklar berishga qaratilgan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi tashkil etilgani esa klaster ishtirokchilariga boʻlgan katta ishonch, gʻamxoʻrlikning yuksak namunasi boʻldi. Bunday eʼtibor bizlarni ruhlantirish bilan birga, zimmamizga masʼuliyat ham yuklamoqda. Buni chuqur his qilgan holda, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlarni mustahkamlash yoʻlida bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda. Shulardan eng muhimi, bu — ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirishdir.

Hammasi ilmga asoslanadi

Tajriba shuni koʻrsatyaptiki, ilm-fan va texnika yutuqlari ishlab chiqarish bilan chambarchas bogʻlanmasa muvaffaqiyatga erishib boʻlmaydi. Shu bois bugun klasterlar va oliy oʻquv yurtlari hamkorligini mustahkamlash borasida dastlabki muhim qadam tashlandi. Yaʼni mamlakatimizda birinchi boʻlib Buxorodagi “BCT Cluster” hamda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida davlat-xususiy sheriklik yoʻlga qoʻyildi. Uning doirasida dual taʼlim tizimi amaliyotga joriy qilinib, kelgusida klaster talabidan kelib chiqqan holda, barcha boʻgʻindagi mutaxassislar tayyorlanadigan boʻldi.

Yana bir yangilik shundan iboratki, Prezidentimizning gʻoyasi asosida yurtimizda faoliyat yuritayotgan klasterlar qoshida Ilmiy markazlar, Ilmiy-texnik kengashlar tashkil etilmoqda. Ularga sohaning yetuk olim va professorlari, yosh tadqiqotchilar jalb etilyapti. Pirovardida dehqonchilikka intensiv texnologiyalar, ilgʻor usullar qoʻllanilmoqda. Shuningdek, barcha agrotexnika tadbirlari ilmiy asosda amalga oshirilyapti. Buning hisobiga urugʻlik, mineral oʻgʻit, yonilgʻi-moylash materiallari — muxtasar aytganda, moddiy va tabiiy resurslar tejalishiga erishilib, qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl va sifatli hosil yetishtirilmoqda.

Milliy brendlar dunyoni zabt etadi

Paxta-toʻqimachilik klasterlarining izlanishlari tufayli keyingi paytda yangi milliy brendlar yaratilib, Oʻzbekiston mahsulotlari dunyo bozorlarini zabt etmoqda. Bu haqda soʻz yuritganda, Buxorodagi “BCT Cluster” klasterining beshta fabrikadan iborat toʻqimachilik majmuasida tayyor jinsi kiyim-kechaklari ishlab chiqarish toʻliq oʻzlashtirilgani va milliy brend yaratilganiga alohida toʻxtalish joiz. Bu yerda tayyorlanayotgan organik toʻqimachilik mahsulotlarni xaridorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berish maqsadida respublikamiz hududida 50 ta savdo doʻkoni ochilyapti. Ularning dastlabkilari hozirgi paytda faoliyat koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning chet davlatlardagi elchixonalari koʻmagida xorijiy davlatlarda 100 ta savdo nuqtasini tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni vaqtda Germaniyaning Myunxen, Drezden kabi yirik shaharlarida dastlabki 7 ta savdo doʻkonini ochish saʼy-harakati olib borilmoqda. Bunday savdo tarmoqlari yaqin istiqbolda Yevropa davlatlari, Boltiqboʻyi respublikalari, Yaponiya va hatto jinsi vatani boʻlgan AQSHda ham faoliyatini boshlaydi. Pirovardida dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yiliga oʻrtacha 20 — 25 million yevro miqdorida valyuta tushumiga erishiladi. Bu milliy brendlarimiz yaqin yillarda dunyoni egallashidan bir nishonadir.

Ishonchni, albatta, oqlaymiz!

Toʻgʻrisini aytish kerak, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar barobarida hali klasterlar, ularning boshini bir joyga qovushtirayotgan “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi oldida muhim vazifalar, ulkan ishlar turibdi. Prezidentimiz klaster usuliga Oʻzbekiston paxtachiligining kelajagi, deya katta ishonch bildirgan ekan, biz, paxta-toʻqimachilik klasterlari ishtirokchilari ana shuni oqlash uchun amaliyotga yirik innovatsion loyihalarni tatbiq etib, qishloqlarni obod, odamlar turmushini farovon qilishga harakat qilaveramiz.

Bugun yurtimizda ajoyib ayyom — rizq-roʻzimiz bunyodkorlarining kasb bayramlari nishonlanmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida keng tantana qilinayotgan “Hosil bayramlari”da joriy dehqonchilik mavsumi sarhisob qilinyapti, kelgusi yil rejalari tuzilmoqda. Fursatdan foydalanib, Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan ushbu sohada mehnat qilayotgan fidoyi dehqonlar va klaster ishtirokchilarini chin dildan tabriklaymiz! Ularning ishiga unum va baraka tilaymiz! Zahmatli mehnatingizni rohatini koʻring!

Murtazo RAHMATOV,
“Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari”
uyushmasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori,
professor, senator.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?