«Kitobsevar millat» shiori ostida IV respublika «Kitobxonlik haftaligi» boʻlib oʻtmoqda

11:52 27 Aprel 2024 Jamiyat
586 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Samarqandda bu yilgi haftalik mavjud shart-sharoitdan kelib chiqib oʻzgacha ruhda, har yilgidan kengroq doirada oʻtkazilmoqda.

Xususan, hokimliklar, yoshlar bilan ishlaydigan tashkilotlar tomonidan kitobxonlik targʻiboti kuchaytirildi, shaharlar va tumanlarda kutubxonalar barpo etilmoqda, mavjudlari taʼmirlanib, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda.

Viloyat axborot-kutubxona markazi kapital taʼmirlanib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangach, bu yerda bir vaqtning oʻzida 500 dan koʻproq kitobxonga xizmat koʻrsatish imkoniyati paydo boʻldi. Buning natijasida keyingi besh yilda kutubxonaga keluvchilar soni 872 nafardan 25835 nafarga oshdi.

Viloyatda kitobxonlik madaniyati yuksaltirish borasidagi ishlar natijasida yaqinda Jomboy tumanidagi 12-umumiy oʻrta taʼlim maktabi 8-sinf oʻquvchisi Nargiza Muhammadiyeva «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida gʻolib boʻlib, Prezident sovgʻasi bilan taqdirlandi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Samarqand shahri joriy yilda MDHning madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan. Shu munosabat bilan yaqinda madaniy tadbirlar boshlandi, — dedi viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov. — Yil yakuniga qadar yigirmaga yaqin yirik tadbirlar koʻzda tutilgan. Jumladan, 15-may kuni Samarqandda MDH mamlakatlari kutubxonachilarining forumi oʻtkaziladi va ayni paytda ushbu anjumanga qizgʻin hozirlik koʻryapmiz.

Haftalik davomida «Sevimli kitoblar» koʻrgazmasi, «Qiziqarli kutubxonada» nomli kutubxona boʻylab sayohatlar, «Sevimli kutubxonamga kitob sovgʻa qilaman» aksiyasi oʻtkazildi.

Shunday tadbirlarning biri Alisher Navoiy nomidagi Samarqand shahar markaziy istirohat bogʻida oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston — Finlyandiya pedagogika instituti talabalari oʻrtasida «Yosh kitobxon» tadbiri, «Zakovat» intellektual oʻyini hamda sport musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov ishtirok etdi.

Xuddi shunday tadbirlar Toyloq va Ishtixon tumanlari axborot-kutubxona markazlarida ham boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Milliy kutubxona direktori U. Teshaboyeva Toyloq va Ishtixon tumanlari axborot-kutubxona markazlariga kitoblar hamda ziyo maskanlarining moddiy texnik bazasini boyitish maqsadida 100 million soʻmlik vaucherlar taqdim etdi.

Shuningdek, Ishtixon tuman hokimligi tomonidan ham axborot-kutubxona markazi uchun 70 million soʻmlik vaucher va kitoblar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер