“Kitob uychalari”, “Yosh kitobxon klubi”... Artel kompaniyasi kitobxonlikni keng targʻib qilmoqda

19:01 18 Iyun 2022 Jamiyat
1342 0

Foto: Artel Matbuot xizmati

Yurtimizda aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilishga, mutolaa madaniyatini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 13-sentyabrda “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi Qarorning imzolanishi, shuningdek, Hukumat qarori bilan “2020 — 2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi” qabul qilinishi bu boradagi ishlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Bundan koʻzlangan maqsad yosh avlodning maʼnan barkamol inson boʻlib voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdir.

Artel kompaniyasi Markaziy Osiyoda eng yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchi kompaniya boʻlish bilan birga jamiyatda intellektual salohiyat, maʼnaviyatning rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshishni oʻzining korporativ ijtimoiy masʼuliyati deb hisoblaydi. Shu bois kompaniya bu borada qator tashabbuslarni amalga oshirib, sport, ilm yoʻlidagi yoshlarni doim qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Mikro kutubxona vazifasini bajaruvchi “Kitob uychalari” va bolalar uchun “Yosh kitobxon klubi” xayriya loyihalari ham aynan shu maqsadni koʻzda tutgan.

Artel kompaniyasi oʻtgan yili poytaxtimizdagi F.N.Rusanov nomidagi Toshkent botanika bogʻida 20 ta “Kitob uychalari”ni oʻrnatgan edi. Ushbu xayrli tashabbus bu yil ham davom ettirildi. Joriy yilning 18-iyun kuni poytaxtning toʻrt hududiga, jumladan, “Moviy gumbazlar” xiyoboniga 4 dona, Adiblar xiyoboniga 2 dona, Yapon bogʻiga 3 dona va Respublika onkologik kasalliklar shifoxonasi hududiga 1 dona, jami 10 dona kitob uychalari oʻrnatildi. 

Siz bu kitob uychalaridan toʻgʻri foydalangan holda turli kitoblarni mutolaa qilishingiz va oʻzingiz yaxshi koʻrib oʻqigan kitoblarni olib kelib, boshqalar bilan oʻzaro kitob almashishingiz mumkin.

Shuningdek, “Yosh kitobxon klubi” xayriya loyihasiga ham start berildi. Bu loyihadan koʻzlangan maqsad respublikamizdagi barcha tashkilotlarni har tomonlama koʻmakka muhtoj bolalarga “Kitobxon klubi” doirasida xayriya qilishga undashdir. Artel kompaniyasi mazkur loyihani birinchi boʻlib boshlab beradi va keyin estafeta tayoqchasini boshqa tashkilotga topshiradi.

Ushbu loyihalar orqali Artel kompaniyasi xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni kitob bilan doʻstlashtirish, kitob orqali oʻzaro muloqotni mustahkamlash, mutolaaga mehr uygʻotish, aholini bevosita kitob bilan oshno qilish va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga munosib hissa qoʻshishni maqsad qilgan.

Vatanparvar, professional kadrlarni yetishtirib chiqarishda kitobxonlikning oʻrni va ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. Negaki, kitob insonning bilimlar manbai boʻlishi bilan birga uning yaqin doʻsti, maslahatchisi ham hisoblanadi. Kitob oʻqiyotgan inson fikrlaydi. Boshqacha aytganda kitob tafakkurimiz manbaidir.

Artel kompaniyasi yurtimizdagi mutolaa madaniyatini yanada oshirishga oʻz hissasini qoʻshish maqsadida boshlagan yangi loyihasini kitobni nonday aziz bilgan xalqimiz qoʻllab-quvvatlab, uni rivojlantirishda jonbozlik koʻrsatishiga umid qilamiz. Kelgusida “Kitob uychalari”ni respublikamizning barcha hududlariga oʻrnatish rejalashtirilgan.

Suratlar: Artel Matbuot xizmati (T)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?