Kitob — kelajak uchun eng yaxshi sarmoya
Har kuni erta tongda sevimli maskanga kirib kelayotganda ziyo maskani yoʻlaklari, alohida boʻlimlar yoki mutolaa oʻrindiqlari kitobxonlar bilan gavjum boʻlsa behad quvonib ketaman. Yaxshiki, kuniga ota-onalar, talabalar, oʻqituvchi va oʻquvchilar tinimsiz kelishadi, kutubxonaga aʼzo boʻlishadi va kitoblar qoʻlma-qoʻl oʻqiladi.
Baʼzan turli tadbirlar, uchrashuvlarda farzandlar tarbiyasi borasida bahs-munozaralar boʻlib qoladi. Tabiiyki, ota-onalar, ustozlarning fikri, talqini turlicha. Kimdir globallashuv davri asoratlaridan kuyunchak fikrlarini bildirsa, ayrimlar kompyuter, uyali aloqa vositasidan noliydi. Aybni birovga agʻdarib yuborish bu – muammoni hal qilish yoki undan qutilish degani emas.
Shu sababli bunday paytda hamisha bir fikrda sodiqman: bolaga kitob bering, tafakkur va dunyoqarash shakllanishida kitobdan yaxshi doʻst yoʻq. Bugungi zamonaviy ibora bilan aytganda esa kitob kelajak uchun eng yaxshi sarmoyadir.
Ayni paytda kutubxona insoniyatning maʼnaviy xotirasi, bilim va tafakkur xazinasi boʻlish bilan birga innovatsion gʻoyalar, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy faollik markaziga aylanib ulgurdi. Bugun kutubxonamiz viloyatda oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar markazi – yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazish joyi. Yangi avlod uchun bilim bulogʻi, milliy qadriyatlar, zamonaviy va kelajak kasblari, xorijiy tillarni oʻrganishga xizmat qiluvchi moʻtabar maskan.
Jahon andozalari darajasida faoliyat koʻrsatish uchun oʻtgan yili kutubxona mukammal taʼmirdan chiqarildi. Yangi qiyofaga ega boʻlgan kutubxonada yozgi amfiteatr, moʻjazgina bogʻ, toʻgaraklar uchun maxsus xonalar, ilmiy-amaliy anjumanlarga moʻljallangan konferensiyalar zallari hamda professor-oʻqituvchilar, ilmiy izlanuvchilarga alohida joylar tashkillandi.
Oʻquv zallarida kichik yoshdagi kitobxonlar uchun bolalar boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Kitob tashish hamda foydalanuvchilar uchun liftlar oʻrnatildi. Umuman olganda, bu yerda zamonaviy axborot xizmatlari, elektron kataloglar va raqamli resurslar bilan xizmat koʻrsatuvchi barcha qulayliklar muhayyo. Endi u shunchaki kitob oʻqiladigan joy emas, turli uchrashuvlar, taqdimotlar, ijodiy kechalar, kitobxonlar klublari munozaralari oʻtkaziladigan faol maʼrifiy markaz.
Markazda bugungi kunda 7 ta “Kitobxonlar klubi” oʻz faoliyatini olib bormoqda. Ularning orasida oʻzga tilli guruhlar uchun “Oʻzbek tili” klubi ham tashkil etilgani eʼtiborga molik. Bu klub mashgʻulotlari davomida tinglovchilar oʻzbek tili – davlat tilini mukammal oʻrganish, ogʻzaki va yozma nutqni rivojlantirish, kundalik hamda kasbiy muloqotda erkin foydalanish boʻyicha muhim bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlmoqdalar.
Bugun jamiyat taraqqiyotida yoshlar, ayniqsa, qizlarning faolligi har qachongidan ham muhim. Bu boradagi ezgu maqsadlar ijobati yoʻlida ish boshlagan “Qizlar ovozi” klubi ularning bilim olishi, oʻz fikrini erkin bayon qilishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyat yaratayotgan ijtimoiy-maʼrifiy maydondir.
Shu maʼnoda, “Qizlar ovozi” klubi — bu oddiy toʻgarak emas. U yerda qizlar oʻz iqtidorini namoyon qiladi, nutq madaniyatini rivojlantiradi, kitobxonlikka qiziqishi ortadi va turli mavzularda bahs-munozaralarda ishtirok etadi. Klub doirasida muntazam ravishda kitob muhokamalari, motivatsion uchrashuvlar, psixologik treninglar, ijodiy kechalar va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazib borish yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda.
“Kitobxon rahbar” klubi — yangi gʻoyalar va tajriba almashinuvi maydoni. Bu klub viloyatdagi 19 ta shahar-tuman axborot-kutubxona markazi rahbarlari oʻrtasida tashkil etilgan boʻlib, u rahbar xodimlarni kitobxonlikka jalb qilish va mutolaa madaniyatini yuksaltirish, rahbarlar oʻrtasida badiiy, ilmiy va kasbiy adabiyotlarni oʻqish koʻnikmasini shakllantirishga koʻmaklashmoqda. Oʻz navbatida ushbu klub tizimda intellektual muloqot va fikr almashinuv muhitini yaratishga xizmat qilishi maqsad qilingan.
Xalqimizda “Til bilgan – el biladi” degan naql bejizga aytilmagan. Hozirgi globallashuv davrida xorijiy tillarni oʻrganish hayotiy zaruratga aylangani endilikda barchamizga yaxshi maʼlum. Kutubxonada talabalar, oʻquvchilar uchun faoliyat yuritayotgan “Xorijiy tillarga qiziquvchilar klubi” ertangi kun egalarining mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis boʻlishiga xizmat qilishi aniq. Klubda ingliz, koreys tili kabi xorijiy tillarga qiziquvchi yoshlar jamlangan. Klub mashgʻulotlari jarayonida oʻsha davlatning adabiy merosi, tarixi, iqtisodi, milliy qadriyat va anʼanalarini oʻrganishga ham jiddiy eʼtibor qaratiladi.
Muxtasar aytganda, axborot-kutubxona markazida joʻshqin hayot oqimi bir zum ham toʻxtamaydi. Bu yer hayrat va hayajonlar, zavq, unutilmas taassurotlar maskani. Bu joyda rohatbaxsh sokinlik bor. Unga doʻst tutingan inson bir umr unga sodiq doʻst boʻlib qolishga intiladi. Chunki ushbu moʻjizaviy dunyoning ohanrabosi, jozibasi boshqacha. U kitobxonni doimo oʻz huzuriga chorlayveradi.
Kitoblar olami naqadar rang-barang, uning takrorlanmas latofati ana shunda boʻlsa, ne ajab. Boisi kitoblar singari hayotimizning mazmun-mundarijasi ham ham rang-barang boʻlishi juda ham qiziqarli. Biz har kuni bu ezgu yumushda xizmatda astoydil kamarbasta boʻlamiz. Erta tongda kitobxonlar istiqboliga xush tavoze bilan peshvoz chiqish katta baxt.
Bunisi endi – faxr. Bunisi endi – iftixor.
Muhayyo RUSTAMOVA,
Ahmad Fargʻoniy nomidagi Fargʻona viloyat axborot-kutubxona markazi ilmiy-metodika xizmati rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- “Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring