Kino — tarbiyaning zamini

19:37 12 Aprel 2021 Madaniyat
1231 0

Maʼlumotlarga qaraganda, dunyoda milliy kinematografiyasi davlat tomonidan moliyalashtirilmaydigan uchta mamlakat bor ekan. Ular AQSH, Hindiston va Nigeriya. Qolgan barcha davlatlarda ushbu soha davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham.

Mamlakatimizda kinofilmlarning ilk namoyishi 1897-yil Toshkentda boʻlib oʻtgan. 1910-yilda birinchi oʻzbek operatori Xudoybergan Devonov esa qoʻlida kamera koʻtarib, mintaqamizda birinchi boʻlib ilk kadrlarni suratga olgani maʼlum. Shu bois, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda kinoning vatani hisoblanadi.

Sobiq ittifoq davrida ham oʻzbek kino sanʼati doimo eng yuqori oʻrinlarni egallab kelgan. Ammo mustaqillik yillarda ushbu soha davlat eʼtiboridan uzoqlashdi. Xususiy studiyalar koʻpaydi. Ular tomonidan esa faqat yengil-yelpi, maishiy mavzularda tijorat filmlari yaratildi. Qolaversa, ekranlarimizni xorij teleseriallari egalladi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, jumladan, yangi kinoteatrlar qurish lozimligini alohida taʼkidlagan edilar va soha rivojiga katta mablagʻ yoʻnaltirilgandi. Jumladan, «Oʻzbekfilm»dagi barcha pavilyonlar taʼmirlanib, yangi kartinalar suratga olish uchun sharoit yaxshilandi, zamonaviy texnikalar bilan jihozlandi.

2020-yilning noyabrida «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgan davlatimiz rahbari kinoijodkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazgandilar. Oʻzbek tomoshabini faqat chet el teleseriallari taʼsiriga tushib qolmasligi, aksincha, tariximiz, sanʼatimiz, adabiyotimiz, qadriyatlarimizni yaxshi bilishi, shu ruhda tarbiya topishi kerakligini, kino — tarbiyaning zamini ekanini taʼkidlagan edilar.

Prezidentimiz tomonidan yaqinda “Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmon hamda unga muvofiq qabul qilingan “Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish toʻgʻrisida”gi qaror soha rivojiga tashlangan navbatdagi muhim qadamlar boʻldi.

Ushbu hujjatlarda milliy kino sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni tizimli davom ettirish, jumladan, tarbiya sohasidagi roli bilan bir qatorda uning bozor tamoyillariga asoslangan holda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, chet el kompaniyalarini jalb etish orqali filmlar yaratish, sohani iqtisodiyotning alohida tarmogʻi sifatida rivojlantirish, zamonaviy va yuqori texnologik moddiy-texnik bazaga ega infratuzilmasini yaratish, kadrlar tayyorlash, ragʻbatlantirish, mualliflik huquqlarini himoya qilish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Shu oʻrinda, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024-yillarga moʻljallagan Saylovoldi dasturida kinoning xalqimiz milliy urf-odat, anʼana va qadriyatlarini saqlash va boyitish, dunyoga tanitish, yoshlarni turli yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilishdagi ahamiyati eʼtiborga olinib, bu soha rivoji bilan bogʻliq bir qator vazifalar belgilanganini taʼkidlash joiz. Shu maʼnoda, ushbu hujjatlar ijrosi deputatlarga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Davron ARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер