Kim haq: tadbirkormi yoki shikoyatchi?

16:26 21 Yanvar 2025 Jamiyat
441 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Tahririyatimizga Buloqboshi tumani ”Soy boʻyi” MFYda joylashgan “Gulzor” koʻchasidagi xonadonlarda yashovchi aholi nomidan murojaat keldi. Unda ushbu manzildagi turar joylardan birida fuqaro Akmaljon Hamraboyev tomonidan tovuqxona barpo etilgani, undan chiqayotgan zaharli, badboʻy hid, ayniqsa, homilador ayollar, yosh bolalarning sogʻligiga jiddiy xavf solayotgani, shu bois tovuqxonani aholi salomatligiga zarar yetmaydigan joyga koʻchirish kerakligi maʼlum qilingan.

Holatni oʻrganish yuzasidan manzilda boʻldik...

“Tovuqxonadan mahalla ahli manfaatdor”

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini doimiy daromad manbaiga ega qilish va kambagʻallikka barham berish boʻyicha samarali ishlar qilinmoqda. Quvonarlisi shundaki, bu boradagi saʼy-harakatlar mahallalarda ham oʻzining ijobiy samarasini beryapti. Jumladan, Buloqboshi tumanidagi “Soy boʻyi” MFYda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi hamyurtlarimiz soni 22 nafarga yetdi. Murojaatda tilga olingan Akmaljon Hamraboyev ana shulardan biri.

— Hududimizda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida aholi orasida tushuntirish ishlarini olib bordik, — deydi mahalla raisi Erkinjon Adilov. — Jumladan, fuqaro Akmaljon Hamraboyevning parrandachilik yoʻnalishi boʻyicha loyihasi eʼtiborimizni tortdi. Uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaror qildik. Natijada 2024-yili oʻzining 20 mln. soʻm mablagʻi hisobiga 500 bosh tovuqdan iborat moʻjazgina parrandachilik fabrikasini tashkil etdi. Buning natijasida “Ayollar daftari”da turuvchi uch nafar xotin-qizlar doimiy ish joyiga ega boʻldi. Ular bir oyda oʻrtacha 1,5 mln. soʻm ish haqi olmoqda. Ushbu fabrikaning hududimizda faoliyat yuritishidan mahalla ahli manfaatdor. Biroq bu amaldagi tartib va qoidalarga ham zid boʻlmasligi kerak.

“Murojaat ortidan ishga boʻlgan layoqatim yoʻqolyapti...”

Oʻrganish davomida tovuqxona joylashgan manzilda boʻldik. “Gulzor” koʻchasi mahallaning chetrogʻida boʻlib, yangi barpo etilayotgan uy-joylardan iborat manzilda ekan. Shu koʻchaning eng oxirida, dala bilan tutashgan qismida murojaatda tilga olingan tovuqxona joylashgan. Toʻgʻrisi, biz hech qanday badboʻy hidni sezmadik.

— Fuqaro Tolibjon Boyirov faoliyatimiz yuzasidan norozilik bildirib, tegishli idoralarga murojaat qilgach, 2024-yilning iyul oyida tuman prokuraturasi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimlari tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi, — deydi yakka tadbirkor Akmaljon Hamraboyev. — Tovuqxona tashkil etish, faoliyat davomida amal qilinishi zarur boʻlgan yoʻl-yoʻriqlar tushuntirildi. Shunga muvofiq, binoga havo aylantiruvchi texnik vositalar oʻrnatildi, chiqindilar uchun maxsus joy tashkil etildi va oʻz vaqtida zararsizlantiruvchi amaliyotlar qoʻllanilmoqda. Tovuqxonamiz joylashgan bino muqaddam parrandachilik fermasi boʻlgan. Shu bois bino yoʻnalishga moslashgan. 2024-yilning 6-mart kuni notarius orqali kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan. Bir soʻz bilan aytganda, noqonuniy xatti-harakat sodir etganimiz yoʻq. Lekin fuqaroning murojaati ishga boʻlgan layoqatimizni soʻndirmoqda. Qolaversa, kelgusi rejalarimizni amalga oshirish uchun bino torlik qilyapti. Shu bois tuman hokimligiga qoʻshimcha yer maydoni yoki bino ajratilishini soʻrab murojaat qilganmiz. Unga qadar faoliyatimizni aholiga zarar yetkazmaydigan sharoitda tashkil etishni yoʻlga qoʻydik.

“Biz murojaatga imzo chekmaganmiz...”

Ushbu koʻchada tovuqxonaga yondosh boʻlgan 20 taga yaqin hovlilar joylashgan boʻlib, ularning 50 foizdan ortigʻida aholi yashamaydi. Shu bois mavjud qoʻshnilar bilan yuzlashib, tovuqxona haqidagi fikrlari bilan tanishdik.

— Bizga umuman zarari yoʻq, — deydi 342-xonadonida yashovchi Jamilaxon Yoʻldosheva. — Men tovuqxonaga eng yaqin hovlida istiqomat qilaman. Shu paytgacha biror marta badboʻy hiddan aziyat chekkan emasmiz. Sababi, ferma koʻchaning oxirida va u yerda har doim tozalov ishlari amalga oshirilib turadi. Murojaat masalasiga kelsak, haqiqatdan ham fuqaro shikoyat qilmoqchi ekanligini, tasdiqlab imzo chekib berishimizni soʻragan, biroq rozi boʻlmaganmiz. Negaki, bizning shikoyatimiz yoʻq.

— Oʻtgan yili yoz faslida, kun isigan paytlari tozalov ishlari olib borilayotganda hid kelardi, — deydi 340-xonadonda yashovchi, oʻzini Mirolimjon Joʻrayevning turmush oʻrtogʻi deb tanishtirgan ayol. — Biroq bu aholi salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatadigan darajada emas. Oʻzi bir chekkada joylashgan boʻlsa, qanday qilib bizga zarari tegsin. Shuning uchun shikoyatga imzo chekishga rozi boʻlmaganmiz.

— Sizlar tovuqxonanigina emas, shikoyatchi qurgan uyning hujjatlarini ham oʻrganib qoʻyinglar, — deydi Madaminjon Sobirov ismli yoʻlovchi. — Murojaatchi oʻzi poytaxtda yashaydi. Mahallaning eng chekkasidagi yoʻlning ustiga, tovuqxonaga qoʻshni qilib uy qurib olgan. Natijada tovuqxonaga kirib-chiqadigan yoʻl berkilib qolgan. Tadbirkor simyogʻochning orasidan kirib-chiqib yurgan. Mashinasi koʻchaning boshida qolar edi. Bu Tolibjon deganlari shu bilan ham kifoyalanmay, endi tovuqxonani koʻchirtirib yubormoqchi. Bizga murojaatchining hovlisidan koʻra tovuqxonaning borligi yaxshi. Vaqti-bemahal tuxum, goʻsht, tovuq soʻrasak, nasiyaga ham beraveradi. Baʼzan bir martalik ishlarga chaqirib qoladi. Pul ishlab olamiz. Badboʻy hid kelarmish... Qani oʻsha hid?..

“Ushbu tovuqxona mavzusida avval ham shikoyat boʻlgan”

Yoʻl ustiga qurib olingan turarjoy masalasi alohida mavzu. Biroq bizni bir savol oʻylantirmoqda: butun mahalla ahlining tovuqxonadan shikoyati boʻlmasa murojaatga imzo chekkanlar qayerda yasharkin?

— Fuqaro ushbu tovuqxona mavzusida avval ham shikoyat qilgan, — deydi tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlim mudiri Xasanboy Otaqulov. — 2024-yilning iyul oyida Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 25-moddasiga asosan oʻrganish ishlari olib borilgan. Natijada tadbirkor tomonidan bir qancha kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan. Yaʼni tovuqxona hududida sanitariya himoya maydoni saqlanmagan, bino ichida ventilyatsiya vositalari oʻrnatilmagan, tozalov ishlari oʻz vaqtida amalga oshirilib, zararsizlantiruvchi amaliy harakatlar bajarilmagan. Shu bois tadbirkorga nisbatan tegishli idoralar tomonidan jarima chorasi qoʻllanilgan.

Xulosa

Oʻzbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-modasida shunday deyilgan: “Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manba boʻlishi yoki havoga boshqa tarzda zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan texnogen hosilalarni aholi punktlari hududida yoki ularga yaqin yerlarda joylashtirish taqiqlanadi”.

Ushbu qonunning 24-moddasida esa “Xoʻjalik obyektlari tevaragida sanitariya-muhofaza zonalarini barpo etish” kerakligi bayon etilgan.

Amaldagi tartiblarda maʼlum qilinishicha, tadbirkor Akmaljon Hamraboyev tomonidan tashkil etilgan tovuqxonada ana shu qonunbuzarlik holatlari qayd etilgan va bunga nisbatan oʻz vaqtida chora koʻrilgan. Hozirda havoni ifloslantirish holatlari uchramayotgan boʻlsada, himoya maydoni tashkil etilmaganligi murojaatchining shikoyati asosini tashkil etmoqda.

Avvalo, yurtimizda mana shunday tadbirkorlik obyektlarining vujudga kelishi hammamizning yutugʻimiz. Ularni tashkil etish jarayonida amaldagi tartib-qoidalar yuzasidan huquqiy tushunchalar berilsa, harakatlar tegishli idoralar tomonidan nazoratga olinsa shu kabi muammolarga hojat qolmagan boʻlar edi.

Xoʻsh, murojaatda bayon etilgan holatning ijobiy yechimi qanday boʻladi? Tuman hokimligi tomonidan shu kabi savollarga javob kutib qolamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер