Kichik tomorqa — katta xazina

17:56 20 Yanvar 2025 Jamiyat
203 0

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Jizzax viloyati Arnasoy tumanida oqar suv muammo boʻlgani sababli aksariyat odamlar yashil boʻlib tursin deb hovlisiga 3-4 tup daraxt ekib qoʻyardi. Ammo ishbilarmon kishilar imkoniyat izlab, mana shunday ogʻir sharoitda ham tomorqasini daromad manbaiga aylantirmoqda. Gʻafur Gʻulom mahallasida yashovchi Olim Shaminov olti sotix tomorqasiga sabzavot va koʻkat ekib, yashnatib qoʻydi. Mahalla faollari ham uning hovlisini boshqalarga oʻrnak qilib koʻrsatardi.

Lekin bu ishlardan Olim akaning koʻngli toʻlmadi. Tomorqasini oʻzlashtirish ham gap boʻlibdimi? Kuniga ikki soat mehnat qilsa, bir qarich ham boʻsh yer qolmaydi. Qolaversa, roʻzgʻorga kunlik sabzavot ham chiqib turadi. Olim Shaminov kattaroq maqsadni moʻljallagan edi. Hovlisi yonidan oʻtgan ariqning narigi tomonida 4 sotix boʻsh yer boʻlib, mahalladagilar u yerni chiqindixona qilib olgan. Yozda noxush hiddan atrofda yashayotganlar norozi, ammo buning yechimi haqida hech kimning bosh qotirgisi kelmasdi. Olim aka mahalla raisi Adham Shodmonov bilan hokim yordamchisi Jamol Ismatovga uchrashib, oʻsha yerni tozalab, issiqxona qurmoqchi ekanini aytdi.

Chiqindixona muammosi raisni ham oʻylantirib yurgandi. Chunki koʻp xonadonlar egalari hasharotlar bezor qilib yuborganidan shikoyat qilgan edi. Olim akaning maqsadini eshitgan rais xursand boʻlib ketdi.

— Faqat issiqxona qurishga sarmoyam yetmasligi mumkin, — dedi mirishkor gapning indallosiga koʻchib. — Bu tomonini oʻylamang, bankdan imtiyozli kredit olishga koʻmaklashish bizning zimmamizda, — dedi hokim yordamchisi Jamol Ismatov.

Koʻp yillik chiqindini tozalash oson boʻlmadi. Biroq ishga qatʼiy kirishgan Olim aka ikki oʻgʻli bilan deyarli bir hafta harakat qilib hududni tozaladi. Bu muddatda hokim yordamchisi kredit masalasini hal qildi. Olim akaga issiqxona qurish uchun 33 million soʻm ajratildi. U oʻz sarmoyasini qoʻshib, chiqindixona oʻrnida 4 sotixli issiqxona qurdi.

— Dastlab boshqalar qatori bodring yetishtirishni rejalashtirgandim. Lekin tumanda yoʻq sohaga qoʻl urishni xohladim. Gazetalarni varaqlab, bir maqolaga koʻzim tushdi, — deydi Olim Shaminov. — Unda yozilishicha, bir yurtdoshimiz qishloq joydagi issiqxonada gidroponika usulida qulupnay ekib, qishda katta foyda olayotgan ekan. Nega Arnasoyda qulupnay yetishtirilmaydi, degan savolga javob izlay boshladim. Ancha izlanishga, xorijliklar tajribasini oʻrganishga toʻgʻri keldi. Shunday qilib issiqxonaning deyarli uchdan birini qulupnayga moslashtirdim. Qulupnay juda nozik oʻsimlik boʻlib, unga alohida ishlov berish, parvarishlash talab etiladi. Ammo Olim Shaminov izlanishdan toʻxtamadi. Issiqxonani isitish qurilmalari bilan jihozladi. Issiqlik oʻlchash uskunalari oʻrnatdi. Tomchilatib sugʻorish tizimi oʻtkazdi. Qulupnay guli yaxshi changlanishi uchun maxsus asalarilar olib keldi. Dastlabki hosildan olgan daromadi hisobidan kreditidan qutuldi. Issiqxonaning bir burchagini tajribaxona uchun ajratgan. U yerga Arnasoyda yoʻq oʻsimliklar ekib, parvarish qilmoqda.

— “Innovatsiya burchagi”ga mandarin, banan, limon, apelsin va xurmo koʻchatlari oʻtqazganman. Mana bu yerda esa qopga kartoshka ekkanman. Bir qop oʻgʻitlangan tuproqdan yarim qop kartoshka olsa boʻlarkan, — deydi Olim aka. — Janubiy Koreyaning yaxshigina pul evaziga sotib olingan “Sang-yang” navli qulupnayidan koʻchat qilishni oʻrgandik. Hozir koʻchat yetishtirishni ham yoʻlga qoʻydik. Asli forishlik Olim Shaminov tengdoshlari bilan yaylovda mol boqib ulgʻaygan. Shuning uchun chorva va parranda parvarishining hadisini olgan. Tomorqasining bir chetida zamonaviy qilib qurilgan zimxonada ikki bosh sigir, 45 bosh qoʻy-qoʻzi, 30 ta tovuq, 40 ta joʻja boqmoqda. Joʻjalarni oʻzi koʻpaytirmoqda. Yil oxirigacha parrandalar sonini yuzdan oshirishni moʻljallayapti. Umuman, Olim Shaminov kabi yangilikka intilganlar Gʻafur Gʻulom mahallasi ahliga oʻrnak boʻlmoqda. Ular oʻz tomorqasini oʻzlashtirish va “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonida chorva, parranda, asalari parvarishlab, yaxshi daromad olmoqda. Yaqinda tuman hokimi mahallalar faollari bilan uchrashuvda xonadonlarda qoʻziqorin yetishtirish boʻyicha topshiriq berdi. Gʻallaorol tumanida qoʻziqorin yetishtirayotgan fuqaro manzilini berib, tajriba oʻrganib kelish uchun bir guruh arnasoyliklarni joʻnatdi. Ayni paytda Arnasoyda oʻnga yaqin fuqaro qoʻziqorin yetishtirish uchun hovlisida qurilish ishlarini boshlab yubordi.

Bugun tumandagi qaysi xonadonga kirmang, gullatib, yashnatib qoʻyilgan moʻjaz tomorqaga koʻzingiz tushadi. Avvalgi qishloq aholisi bilan bugungi qishloq odamlarining hayot tarzi, yashash darajasi, daromadida katta farq borligi yaqqol sezilib turibdi.

Xalqimizda boʻsh yerdan unumli foydalanish, kichik tomorqadan ham yaxshi daromad olish koʻnikmasi shakllandi. Bu oʻz-oʻzidan sodir boʻlgani yoʻq, albatta. Mamlakatimizda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish boʻyicha tizimli ishlar qilindi. Natijada oʻz tomorqasini oʻzlashtirib, undan foyda olish koʻpchilik yurtdoshlarimizning asosiy daromad manbaiga aylandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер