Kichik sanoat zonasida elektr choynak ishlab chiqarilyapti

11:57 05 Mart 2025 Jamiyat
74 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Ayni imkoniyat Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Yoshlar” kichik sanoat zonasida ijrosini topgan navbatdagi loyiha sharofati bilan yuzaga keldi. “Smart kettle factory” masʼuliyati cheklangan jamiyatining zamonaviy korxonasida tayyorlanayotgan ushbu roʻzgʻor buyumi turdosh mahsulotlardan oʻziga xos dizayni bilan ajralib turadi. Bu yerda yiliga 600 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgan boʻlib, uskuna va jihozlarni harakatga keltirishga 35 nafar yoshlar jalb etilgan.

Masalaning muhim jihati, korxonada texnologik jarayonlarning asosiy qismi mahalliylashtirilgan holda amalga oshirilmoqda. Yaʼni butlovchi qismlarning barchasi shu joyning oʻzida yasaladi. Tayyor mahsulot sinovdan oʻtkazilgach bejirim qutilarga joylanadi.

— Rang va koʻrinish jihatidan kelib chiqqan holda oʻnlab turdagi choynaklar tayyorlashni moʻljallaganmiz, — deydi ish yurituvchi Botirjon Obidov. — Bu jarayon isteʼmol bozori talablariga koʻra bosqichma-bosqich roʻyobini topadi. Oʻz navbatida, ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksportga chiqishni ham koʻzlaganmiz. Shu maqsadda Afgʻoniston va Pokiston tadbirkorlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish harakatini olib boryapmiz.

Aytish lozimki, mazkur kichik sanoat zonasida yaratilgan qulay infratuzilmadan unumli foydalanilib, rejalashtirilgan 15 ta loyihaning asosiy qismi roʻyobga chiqarilishi natijasida mingga yaqin yoshlarning bandligi taʼminlandi. Ulardan biri — trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Runamtex” xorijiy korxonasi oʻtgan yilning oʻzida 13 million dollarlik tashqi savdo amaliyotlarini bajarishga ham ulgurdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер