Xususiy sherik nega yakkalanib qoldi? Bunga «Agrobank»ning Kasbi tumani filiali rahbarlari aybdormi yoki mahalliy hokimlik?

20:25 17 Iyun 2022 Jamiyat
1408 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Kasbilik Bekzod Qilichev tadbirkor yigit. Ushlagan joyini qoʻyvormaydi. Yaʼni bir ishni boshladimi, oxiriga yetkazmaguncha tinib-tinchimaydi. Rosti, ishi har doim ham “oʻxshayvermaydi”.  Chunki u “oldi-berdi”ni yomon koʻradi. Halol rizq topib oilasini boqishga odatlangan. Shu bois oʻzi istiqomat qilayotgan Kasbi tumanidagi Xoʻjaqarliq qishlogʻida 160 oʻrinli bogʻcha qurishga yer olish uchun qancha vaqti ketdi, asablari zirqiradi.

— Toʻgʻrisi, yerni juda qiyinchilik bilan qoʻlga kiritdim, — deydi “Yulduz Alijon” xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi taʼsischisi Bekzod Qilichev. — Adolat qaror topdi. Lekin bogʻcha qurishga kelganda, bunday katta muammolarga duch kelaman, deb sira oʻylamagan edim. Ammo qi­yinchiliklardan qochmadim. 160 oʻrinli bogʻcha qurish uchun tayyorlagan hujjatlarim asosida­ Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari B. Onorboyev bilan 2021-yilning 4-oktyabrida bitim tuzib, xususiy sherik maqomiga ega boʻldim...

Aldagani bola yaxshimi?

Bekzod Qilichev bitim imzolangan kunning ertasigayoq hujjatlarni “Agrobank”ning Kasbi tumani filialiga olib bordi. Afsuski, filial rahbarlari uni ochiq chehra bilan kutib olishmadi. Nega deysizmi?

— Chunki bitim 5,2 milliard soʻmdan ziyod mablagʻga tuzilgan boʻlib, bu miqdorning 3 milliard 520 million soʻmi bankning 5 foizli krediti hisobidan toʻlanishi belgilangan edi, — deydi tadbirkor. — Bank rahbarlari menga “Oʻzingizning zimmangizga olgan 1,7 milliard soʻmlik ishni bajaring, kreditni keyin beramiz”, deyishdi.

Bekzod Qilichev ishdan qochmaydigan tadbirkor emasmi, xususiy sherik sifatida bogʻcha qurilishini boshlab yubordi. Uning yiliga 3 mil­liard dona pishiq gʻisht ishlab chiqaradigan zavodi borligi uchun ham binoni qurishda qiyinchiliklarga uchramadi. 160 oʻrinli bogʻchaning birinchi qavati bitdi. Shundan soʻng esa...

— Bank rahbarlari menga binoning birinchi qavati tomini yopsangiz, kredit beramiz, deyishdi, — deydi B. Qilichev. — Bunga ham koʻndim. Binoning birinchi qavatini plita bilan yopib, bankka bordim. Ammo ular sizning kredit tarixingiz oʻrganilganda «sredniy» chiqdi, qabilidagi bahonani roʻkach qilishdi. Kayfiyatim tushib ketdi: nahotki, shuncha ish qilib ham kredit ololmasam, degan fikr miyamda yashindek chaqnadi. 

Bilasiz, bolajon xalqimizning erta tongdan farzandini tinch­xotirjamlikda, aqlli, dono, bilimli boʻlishi uchun taʼlim-tarbiya maskaniga joʻnatishdek shirin tashvishi bor. Axir, yurtimizning baxti, ­kelajagi ham shu bolajon­la­rimizku?

Umuman, inson farzandi hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi. Ammo siz yashab turgan hududda maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlmasachi?!

Keling, shu oʻrinda, boshdan doʻppini olib, bir mulohaza qilsak: Xoʻjaqarliq qishlogʻida 600 nafar maktabgacha taʼlim yoshidagi bola bor. Shundan 100 nafardan ziyodi bogʻcha va tayyorlov guruhiga jalb etilgan boʻlsa, qolgan 500 nafarga yaqini bogʻchalarga qamrab olinmasdan qolib ketmoqda. Shuning uchun ham 2021-yil 10-iyunda “Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Va aynan shu qaror asosida Xoʻjaqarliq qishlogʻida 160 oʻrinli davlat-xususiy sheriklik asosida bogʻcha qurishga ­kirishildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

2 milliard soʻmlik ish uddalandi, ikkinchi tomon nega jim?

Bu haqda bank mutasaddisi shunday deydi: 
— “Yulduz Alijon” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi tomonidan taqdim qilingan hujjatlarda chalkashliklar mavjudligi uchun kredit ajratilmayapti, — deydi “Agrobank”ning Kasbi tumani filiali rahbari ­Nodir Yusupov. — Masalan, taʼsischi Bekzod Qilichev faoliyati Kredit-­axborot tahliliy markazi kredit ­byurosi orqali monitoring qilinganda 283 ball bilan «sredniy» daraja qayd etildi.

— Bu monitoring yaqinda oʻtkazildi, tadbirkor esa 8 oydan buyon yugurib yuribdi, nega kerakli hujjatlar roʻyxatini dastlab bankka murojaat qilgan paytda taqdim etmadingiz, — deya soʻraymiz filial rahbaridan.

— Taqdim etganmiz, lekin KATM hamma hujjatlar taxt boʻlganidan soʻng tahlilni boshlaydi, bunga qadar vaqt oʻtib ketdi...

Umuman, N. Yusupovning gapidan shunday xulosa chiqadiki, tadbirkor bankka ishonib, xususiy sheriklik asosida oʻz majburiyatini bajaradi, yaʼni 2 milliard soʻmlik ishni uddalaydi. 160 oʻrinli bogʻchaning birinchi qavatini bitirib, tomini yopadi. Shuncha ish doʻndirilgach esa bank «Sizning kredit tarixingiz «sredniy» chiqdi. Sizga kredit ajrata olmaymiz», ­deydi.

Savollar tugʻiladi: nega, shu gapni tadbirkor 2022-yilning 10-yanvarida bankka hujjat topshirganida aytishmagan? Nega olti oy oʻtgach, kredit berish rad etilayotir? Bu tadbirkorning vaqtini oʻgʻirlash emasmi? Vaholanki, tadbirkor bankka hujjatlarni 2022-yilning 10-yanvarida emas, balki 2021-yilning 5-oktyabridan buyon topshirish uchun yelib-yugurgan. Oʻz nav­batida, bank hujjatlarni qabul qilishni paysalga solib kelgan, tadbirkor kredit hujjatini 15-marta qayta toʻgʻrilashga majbur etilgan.

 Qolaversa, tadbirkor xususiy sherik. Tarozining ikkinchi pallasida davlat, yaʼni Maktabgacha taʼlim vazirligi, uning viloyatdagi tuzilmalari, AT “Agrobank”, mahalliy hokimlik, nazorat organlari, qolaversa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi turibdi. Bu tashkilotlarning nomini tilga olayotganimizning boisi shundaki, Prezidentimizning 2021-yil 10-iyundagi «Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini ken­gaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorida aynan mazkur tashkilotlar mutasaddilari zimmasiga vazifalar belgilangan.

Xususan, mazkur hujjatda «Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin, Onorboyev) tadbirkorlik subyektlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmidan kelib chiqqan holda, shakllangan mablagʻlar doirasida: xususiy sheriklarga imtiyozli kreditlar olishda koʻmaklashsin», deb ­belgilab qoʻyilgan.

KATM kredit byurosi qarz oluvchini “qora roʻyxat”ga kiritmaydi

— Kredit byurosi qarz oluvchilarni hech qanday “qora roʻyxat”ga kiritmaydi. “Qora roʻyxat” ogʻzaki ibora boʻlib, baʼzi kredit tashkilotlari xodimlari tomonidan salbiy kredit tarixi yoki post skoring ballni izohlash uchun ishlatilgan boʻlishi mumkin, — deydi Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi marketing va kredit axboroti tahlili departamenti ­direktori oʻrinbosari Mashhurbek ­Rahimov. — Moliyaviy sektorda skoring potensial qarz oluvchining toʻlov qobiliyatini baholashda qoʻllaniladi. Skoring ball qarz oluvchining kredit tarixi maʼlumotlari asosida hisoblanib, kredit qarzini oʻz vaqtida toʻlay olish ehtimolini baholaydi. Skoring ball qanchalik yuqori boʻlsa, qarz beruvchi tomonidan kredit arizasi maʼqullanish ehtimoli shunchalik yuqori boʻladi.

Yana shuni alohida aytib oʻtmoqchi edimki, skoring ballni amaldagi mavjud barcha muddati oʻtgan kredit qarzdorliklarni bartaraf etish, qarzlarning umumiy summasini kamaytirish, rasmiy daromadni oshirish, ijobiy kredit tarixiga ega boʻlish va kreditlar boʻyicha qarzlarni oʻz muddatida toʻlab borish orqali oshirishga ­erishish mumkin.

Bundan koʻrinib turibdiki, kasbilik tadbirkor Bekzod Qilichevga “Agrobank”ning Kasbi tumani filiali orqali kredit ajratish mumkin. Faqat “bu hujjating notoʻgʻri, u maʼlumotnomang ishonchsiz” deb uni noumid qilgandan koʻra, bank xodimlari ­muammoni birgalikda yechganida, tadbirkorga yordam berganida, muammo uzoq choʻzilmagan boʻlardi. Agar ish hamkorlikda olib borilganida, Xoʻjaqarliq qishlogʻidagi 160 oʻrinli bogʻcha belgilangan muddatda, yaʼni 2022-yilning may oyida ishga tushirilib, past qamrovli hudud hisoblangan Kasbi tumanida Prezident qarori ijrosi taʼminlangan boʻlardi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Nega “Protokol”ga tushgan 4 ta bogʻchaning birortasiga ham kredit berilmadi?

Prezidentning yuqorida zikr etilgan qarori ijrosi yuzasidan Kasbi tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri Abdurahmon Yangiboyevni ham suhbatga tortdik.

— “Yulduz Alijon” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi taʼsischisiga hamma hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashganmiz, — deydi A. Yangiboyev. — U oʻz zimmasidagi majburiyatni ham kam-koʻstsiz uddalagan. Ammo bu oʻrinda bank tomonidan unga nega imtiyozli kredit ajratilmayotgani haqida fikr bildirishga ojizman.

— Oʻzi Kasbi tumanida davlatimiz ­rahbari qarori asosida nechta bogʻcha qurilishi moʻljallangan? — deya soʻrayman mutasaddidan.

— “Yulduz Alijon” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasidan tashqari yana uchta past qamrovli qishloqda bogʻcha qurilishi  boshlangan. Ular “Zafar-Zebo erkatoyi” — 175 oʻrinli, ­“Muqaddas Sulton” — 100 oʻrinli, ­“Bahor gullari” — 50 oʻrinli nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari boʻlib, ularga ham bank tomonidan hozirgacha kredit ajratilgani yoʻq...

Tirnoq ostidan kir qidirish niyatimiz yoʻq. Soʻngsoʻz oʻrnida aytmoqchi boʻlganimiz shuki, bogʻcha qurishga jazm etgan tadbirkorlarning mablagʻi ham, garovi ham, imkoniyati ham boʻladi. Yoʻqsa, ular bu ishga qoʻl urishmagan boʻlardi. Mana oddiygina misol: yuqorida nomi tilga olingan “Bahor gullari” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi muassisi Farhod Abdurahmonov 50 oʻrinli bogʻchani bank krediti ajratilishi belgilangan boʻlsada boshqa manbalardan mablagʻ topib, ishga tushirib yubordi. “Agrobank”ning Kasbi tumani filiali rahbarlari esa tadbirkorni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning uddasidan chiqa olishgani yoʻq. Boʻlmasa, bu nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi ham vazirlik bilan davlat-xususiy sheriklik asosida bitim imzolagan...

Bu oʻrinda xohish, soʻz va amal birligining ifodasi jarayonda muhim ahamiyat kasb etishini mutasaddilarga yana bir bor eslatmoqchimiz, xolos.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratilib, maktabgacha taʼlim muassasalarini zamon talablari darajasiga olib chiqish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilayotgan bir paytda bu kabi holatlarning uchrab turishi uyat, bu yoʻnalishda hamon ishga vijdonan yondashmaydiganlarning borligi achinarli. Darvoqe, davlatimiz rahbari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida “Kim men bilan doʻst boʻlmoqchi boʻlsa, maktabgacha taʼlim va maktab bilan shugʻullansin”, deya taʼkidlaganlaridan Kasbidagi mutasaddilar hali xulosa chiqarishmagan koʻrinadi.

Faxriddin BOZOROV (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер