Xususiy maktabni bitirayotganlarga qanday koʻrinishdagi shahodatnoma beriladi? — dolzarb savollarga aniq javoblar

14:05 17 Noyabr 2020 Jamiyat
3024 0

Bugun AOKA press-xolida oʻtkazilgan brifingda Xalq taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi Sarvarbek Saʼdullayev xalq taʼlimi tizimida Davlat-xususiy sheriklik asosida maktablar faoliyatini tashkil etish borasidagi savollarga javob qaytardi.

Savol: Maktablarda joriy etilayotgan Davlat-xususiy sheriklik tamoyillarining xalq taʼlimi tizimiga nima foydasi bor? Shuningdek, davlat ushbu loyihalarga moliyaviy tomondan ham sherik boʻladimi?

Javob: Davlat-xususiy sheriklik ikki tomon, yaʼni davlat va xususiy sektorning imkoniyatlarini birlashtirgan holda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topish uchun moddiy resurslarning birlashtirilishi hamda loyiha boʻyicha xavf-xatarlarni tomonlar oʻrtasida taqsimlanishi nazarda tutiladi.

Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, Vazirlik davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotgan nodavlat umumtaʼlim muassasalarining olayotgan moliyaviy daromadlariga hamda foydasiga aralashmaydi va sherik boʻlmaydi. Aksincha, tadbirkorlik subyektlariga maʼlum miqdordagi oʻquvchilarni bepul oʻqitish kabi ijtimoiy majburiyatlar yuklatiladi.

Savol: Davlat-xususiy sheriklikning aholiga nima foydasi tegadi?

Javob: Xalq taʼlimi sohasini olib qaraydigan boʻlsak, birinchi oʻrinda, davlat balansidagi foydalanilmasdan turgan yoki samaradorligi past boʻlgan obyektlar tadbirkorlik subyektlariga foydalanish yoki boshqarish uchun topshiriladi. Qoʻshimcha ish oʻrinlari, zamonaviy infratuzilma hamda oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida davlat infratuzilmalari tashkil etilishi mumkin. Jumladan, hozirda

Xalq taʼlimi vazirligi Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Toshkent shahrida 4 ta va Toshkent viloyatida 12 ta davlat umumtaʼlim maktablari tashkil etilishi boʻyicha loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda, tegishli qaror loyihasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga ishlanmoqda.

Savol: Farzandimni xususiy maktabga bersam, u maktabni bitirayotganda qanday koʻrinishdagi shahodatnoma oladi?

Javob: Avvallari nodavlat umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilari mazkur maktabning shahodatnomasini olish imkoniyatlari yoʻq edi. Ular davlat umumtaʼlim maktablarida eksternat tariqasida yakuniy imtihon topshirib, davlat umumtaʼlim maktabi shahodatnomasini olar edilar.

Bugungi kunda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, nodavlat umumtaʼlim muassasalari ham xuddi davlat umumtaʼlim maktablari singari bitiruvchilariga davlat namunasidagi shahodatnoma berishlariga sharoit yaratildi.

Savol: Hozir Oʻzbekistonda nechta xususiy maktab faoliyat yuritmoqda?

Javob: Bugungi kunga kelib, respublika boʻyicha umumiy 140 ta toʻliq xususiy nodavlat umumtaʼlim muassasalari faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, 18 ta nodavlat umumtaʼlim muassasasi tashkil etish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar imzolangan. Birgina, Toshkent shahri misolida oladigan boʻlsak, unda 52 ta nodavlat umumtaʼlim muassasasi mavjud. Nodavlat umumtaʼlim muassasalar soni, oxirgi yillarda nodavlat taʼlim sektoriga boʻlayotgan eʼtibor va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hisobiga 6 baravarga oshgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?