“Xushxabar”dan xush xabarlar
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson qadrini ulugʻlash masofa va makon tanlamaydigan masalaga aylandi. Buni Sariosiyo tumani markazidan 80 kilometr, viloyat markazidan 300 kilometr uzoqlikda joylashgan Xushxabar qishlogʻi aholisi turmushi misolida ham koʻrish mumkin.
Xushxabar — Hisor togʻ tizmalarining 4 688 metr balandlikdagi Hazrati Sulton choʻqqisi etaklarida, Maland, Karch, Vochax kabi togʻ qishloqlaridan ham tepada joylashgan. Qishloqda avtomobil yoʻli yoʻq, u yerga soʻqmoq yoʻllardan boriladi. Markazdan qishloqqa yetib borish uchun avtomobil yoʻli orqali 56 kilometr, Toʻpalang daryosida harbiy qayiqda 20 kilometr va piyoda 4 kilometr masofani bosib oʻtish lozim.
Ana shunday eng olis, borish qiyin boʻlgan qishloq aholisining ijtimoiy muammolari ham bugun davlatimizning diqqat markazida boʻlayotir.
— Qishlogʻimizdagi 11 xoʻjalikda 60 dan ziyod odam istiqomat qiladi, — deydi Jonmahmat ota Rahmonov. — Aholimiz uzoq yillar boriga shukr, yoʻgʻiga qanoat qilib yashadi. Sabr tagi sariq oltin, deganlari rost ekan. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning inson qadrini ulugʻlashdek ezgu amallarga yoʻgʻrilgan siyosati mamlakatimizning eng chekka, eng olis hududlarini ham qamrab oldi. Ilgari yilda bir tuman masʼullarini yo koʻrardik yoki koʻrmasdik. Bugun shu moʻjaz qishlogʻimizga ham viloyat, respublika miqyosidagi masʼullar kelyapti, turmush tarzimiz, muammolarimiz bilan qiziqmoqda. Bundan quvonmay boʻladimi?!
Darhaqiqat, ilgari sivilizatsiyadan yiroq qishloq sifatida tilga olinadigan Xushxabar aholisi bugun amalga oshirilayotgan islohotlardan bahramand boʻlmoqda. Samimiy, xushmuomala, mehmondoʻst odamlar bilan suhbatlashgan kishi ularning hayotdan roziligini anglaydi.
— Kim oʻylabdi deysiz, togʻ qoʻynidagi qishlogʻimizga elektr kelishini, ballonlarda suyultirilgan gaz tarqatilishini, — deydi Xusin Muhibulloyev. — Ayollarimiz gaz ballonlari u yoqda tursin, hatto gaz plitalarini ushlab ham koʻrishmagandi. Oʻtgan yili “Sariosiyotumangaz” tashkiloti xodimlari kelib, har bir xonadonga gaz ballonlari tarqatildi, gaz plitalari bilan taʼminlandik. Ular xonadonma-xonadon yurib, moslamalardan qanday foydalanishni oʻrgatishdi, xavfsizlik qoidalarini tushuntirdi. Hozir oʻz vaqtida peshma-pesh gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. Bu bilan xotin-qizlarning ogʻiri yengil boʻldi. Ayni paytda Xushxabar, Maland, Karch, Vochax qishloqlarini bogʻlovchi avtomobil yoʻli jadal qurilyapti. Agar ushbu yoʻl bitsa, nafaqat qishloqlar aholisiga qulaylik boʻladi, balki xushmanzara togʻ qoʻynida turizm ham rivojlanib, bu yerlar obod maskanga aylanadi.
Shu qishloqda yashovchi Hasan Muhibulloyev bolalikdan nogiron boʻlishiga qaramasdan imkoniyati cheklanganlarga beriladigan imtiyozlarning birontasidan foydalanmagan. Ehtirom mahallasining ijtimoiy himoya boʻyicha xodimi uyma-uy yurib, xonadonlarni oʻrganganida, Hasanning ota-onasiga imtiyozlardan foydalanish borasida tushuntirish berdi.
Yaqinda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Muhiddin Togʻayev boshchiligidagi ishchi guruh, tuman “Inson” markazi xodimlari birgalikda Xushxabar qishlogʻiga borib, aholining yashash tarzi, muammolarini oʻrgandi. Ushbu jarayonda Hasan Muhibulloyev ham eʼtibordan chetda qolmadi. Bugungi kunda ushbu oilaga keys-menejment asosida bir qator ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatilmoqda. Xususan, H. Muhibulloyevning nogironligi belgilandi. Nogiron oʻgʻliga qaragan davri onaning ish stajiga qoʻshib hisoblanadigan boʻldi. Hasanning davolanishi uchun reabilitatsiya markaziga order olib berilgan boʻlsa, ota-onasi sanatoriyaga borishi uchun navbatga qoʻyildi.
Xullas, bugun Xushxabar hayotidan barcha masʼullar xabardor. Zero, inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va eʼtibor koʻrsatish davlatimiz siyosatining bosh mezoniga aylangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring