Xurrak epidemiyasi: shunchaki noqulay odatmi yoki oʻlim xavfi?

16:01 09 Fevral 2026 Dunyo
605 0

Illyustrativ foto

Koʻpchilik uchun xurrak shunchaki noqulay odat. Ammo shifokorlar bu noqulaylik ortida xavfli uyqu apnoesi yashiringan boʻlishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Taʼkidlanishicha, bu kasallik insonning nafas olishini tun davomida qayta-qayta toʻxtatib, sogʻliqqa jiddiy zarar yetkazadi. “The Guardian” nashrining yozishicha, birgina Buyuk Britaniyaning oʻzida taxminan 8 million nafar aholi apnoesidan aziyat chekmoqda.

Ilgari bu kasallik asosan keksa va ortiqcha vaznli insonlar bilan bogʻlangan boʻlsa, bugun u yosh, jismonan faol va sogʻlom kishilarda ham aniqlanmoqda. Ekspertlar bu holatni nafaqat semirish, balki irsiy omillar, havo ifloslanishi, iqlim oʻzgarishi va hayot tarzining oʻzgarishi bilan izohlamoqda.

Uyqu apnoesi — inson uxlayotgan paytda nafas olishning qisqa muddatlarga toʻxtab qolishi bilan kechadigan ogʻir holat boʻlib, qonda kislorod darajasining xavfli pasayishiga olib keladi. Bu holat yuqori qon bosimi, diabet, insult, yurak kasalliklari va hatto toʻsatdan oʻlim xavfini oshiradi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yoʻl-transport hodisalarining taxminan 10 foizi ham uyqu apnoesi bilan bogʻliq.

Xurrak esa koʻp hollarda ushbu kasallikning ilk signali hisoblanadi. Uyqu paytida nafas yoʻllari torayganda, havo toʻsiqqa uchrab, tomoq, til yoki yumshoq toʻqimalar tebranishi orqali ovoz paydo boʻladi. Qayd etilishicha, doimiy va kuchli xurrak otish tibbiy muammo sifatida baholanishi lozim. Bunda xurrakning balandligi emas, balki nafasning toʻxtab qolishi hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Soʻnggi oʻn yillikda uyqu apnoesi va xurrak otish holatlarining koʻpayishiga aholida ortiqcha vazn muammosi kengayayotgani ham sabab boʻlmoqda. Shu bilan birga, havo ifloslanishi ham katta rol oʻynamoqda: zararli moddalar yuqori nafas yoʻllarini yalligʻlantirib, ularni yanada toraytiradi. Issiq toʻlqinlar va havosi dim xonada uxlash ham nafas yoʻllarining beqarorlashishiga olib kelishi mumkin.

Tadqiqotlarga koʻra, global isish natijasida kelgusi 75-yil ichida uyqu apnoesi holatlari ikki barobarga oshishi mumkin. Yuqori harorat uyqu sifatini pasaytiradi va kasallik rivojlanishiga qulay sharoit yaratadi. Ayni paytda, davolanmagan uyqu apnoesi AQSH iqtisodiyotiga yiliga taxminan 87 milliard dollar zarar keltirayotgani qayd etilgan.

Muammoning yana bir jiddiy jihati — uning keng miqyosda aniqlanmayotganidir. Britaniyada uyqu apnoesiga chalinganlarning taxminan 90 foizi hali tashxis qoʻyilmagan holda yashamoqda. Ayniqsa, ayollar orasida kasallik koʻp hollarda menopauza yoki oddiy charchoq bilan adashtiriladi. Mutaxassislar doimiy charchoq, bosh ogʻrigʻi, diqqat susayishi va qattiq xurrak otish holatlarida shifokorga murojaat qilishni qatʼiy tavsiya etmoqda.

Ekspertlarning fikricha, uyqu apnoesi faqat shaxsiy sogʻliq muammosi emas, balki global salomatlikka oid jiddiy signaldir. Atrof-muhitga nisbatan beparvo munosabat va hayot tarzining oʻzgarishi inson farovonligiga bevosita taʼsir koʻrsatayotgani ushbu kasallik misolida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер