Xorijlik ekspert: Oʻzbekiston suv xoʻjaligi davlatning doimiy eʼtiborida
Фото: "Халқ сўзи"
Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha maslahatchisi Jon Aleksandr Rayt ishtirokida “Oʻzbekistonning suv xoʻjaligi sohasidagi islohotlar xorijlik ekspert nigohida” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Jon Rayt 2021-yil aprel oyidan buyon ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelmoqda. U davlat-xususiy sheriklik va autsorsing xizmatini joriy etish, shuningdek, suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni boshqarish yoʻnalishlarida ish olib bormoqda.
— Oʻzbekiston iqtisodiyotida agrar soha yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi. Mamlakatning millionlab aholisi qishloq joylarda istiqomat qiladi va ularning daromadi asosan qishloq xoʻjaligi sohasi hisobidan shakllanadi. Shu bois, xalqaro ekspert sifatida men 2018-yilda Qishloq xoʻjaligi va Suv xoʻjaligi vazirliklarining tashkil etilishi Oʻzbekiston uchun toʻgʻri qaror boʻlgan, deb hisoblayman, — deydi Jon Rayt.
Uning taʼkidlashicha, oʻtgan davrda Prezident va hukumatning Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatiga doir 13 ta Farmon va qarorlari qabul qilingan. Bu esa oʻz oʻrnida, soha rivoji davlatning doimiy eʼtiborida ekanligidan dalolat.
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga moʻljallangan strategiyasi xalqaro moliya institutlari bilan juda puxta ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Ustuvor yoʻnalishlar belgilanib, tizimli va samarali ish olib borilayapti.
Ilgari Oʻzbekistonda suv xoʻjaligining quyi tashkilotlari mutaxassislari tomonidan suvni oʻlchash ishlari qoʻlda olib borilib, kunlik hisob-kitob natijalari daftarga qayd etilgan va maʼlumotlar telefon orqali markazga yetkazilgan.
Strategiyada 2023-yilgacha suv resurslarini prognozlashtirish, ularning hisobini yuritish va maʼlumotlar bazasini shakllantirish tizimini takomillashtirish hamda shaffofligini taʼminlash boʻyicha qator vazifalar belgilangan.
Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan qoʻyilayotgan bu keng qamrovli vazifalar suv va elektr energiyasidan foydalanish boʻyicha maʼlumotlarning ishonchliligini oshirish va ularni tezkor qaror qabul qiluvchilar uchun ochiqlash hamda suv yetkazib berishning sifati va yetkazib berish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Davlat-xususiy sheriklik Oʻzbekiston suv xoʻjaligi uchun mutlaqo yangi yoʻnalish. Xususiy sheriklar suv xoʻjaligidagi muayyan infratuzilmani modernizatsiya qilishga investitsiya kiritadi va uni boshqaradi. Bu xalqaro tajribada yoʻllar yoki shifoxonalar kabi infratuzilmani rivojlantirish va ishlatishda xususiy kapital va tajribani jalb qilish uchun keng qoʻllaniladigan mexanizmdir. Xususiy kapitaldan sugʻorish va suv infratuzilmasida foydalanish xorijda ham nisbatan kamroq tarqalgan. Biroq, Oʻzbekiston hukumati suv xoʻjaligida DXSH loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ulkan maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan. Asosiy eʼtibor nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan boʻlib, bu energiyani iqtisod qilish va agregatlardan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
2021-yil yakuniga kelib Oʻzbekistonda suv xoʻjaligi obyektlariga 5 567 ta zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, 3 099 ta “Aqlli suv”, 426 ta nasos stansiyasiga suv miqdorini va 2 022 ta meliorativ kuzatuv qudugʻiga sizot suvlari koʻrsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qilish qurilmasi oʻrnatildi. 20 ta suv xoʻjaligi obyekti avtomatlashtirildi.
1688 ta nasos stansiyasiga 2173 ta avtomatlashtirilgan elektr oʻlchov asboblari oʻrnatildi va respublika boʻyicha yagona elektron axborot tizimiga integratsiya qilindi hamda elektr energiya sarfini “onlayn” nazorat qilish imkoniyati yaratildi.
2021-yilda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish boʻyicha qiymati 1 216 mlrd. soʻm boʻlgan 100 ta loyiha yuzasidan bitimlar imzolandi. Ushbu loyihalar doirasida xususiy sheriklar tomonidan dastlabki 3 yilda 112,3 mlrd. soʻm miqdorida investitsiya kiritilishi va 152,9 mlrd.soʻm byudjet mablagʻi iqtisod qilinishi koʻzda tutilgan.
5 ta xorijiy investitsiya loyihasi doirasida 136,2 mln. dollar oʻzlashtirildi. Buning natijasida yil yakuniga kelib jami 554,5 km kanal va ulardagi 353 ta gidrotexnik inshoot rekonstruksiya qilindi, 92 ta vertikal sugʻorish qudugʻi burgʻilandi. Loyihalar hududida 800 mln. soʻm ekspluatatsiya mablagʻlari iqtisod qilinishiga, irrigatsiya tizimi kanallarining foydali ish koeffitsiyentini 15 foizga oshirishga erishildi.
Yaqinda Oʻzbekiston Prezidenti “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonni imzolandi. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 7 ta yoʻnalish belgilangan. Uning uchinchi yoʻnalishida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish maqsadlardan biri sifatida koʻrsatilgan.
2022-yilda yangi va foydalanishdan chiqqan 129 ming gektar yerlarni oʻzlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni 260 ming gektarda joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 mlrd kub metr suvni iqtisod qilish kabi vazifalarning qoʻyilishi Oʻzbekiston hukumatining kelajakda kutilayotgan xatarlarga oldindan tayyorgarlik koʻra olishini, jumladan, muqarrar suv tanqisligini yumshatish boʻyicha amaliy choralar qabul qilayotganligining isbotidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring