Xorazmda Navroʻz shukuhi

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navroʻz bobodehqonlarimizning dalaga chiqib ekin ekishidan, momolarimizning doshqozonlarda sumalak qaynatib, lapar-u oʻlanlar aytishidan boshlanadi. Zero, yerga qadalgan har bir urugʻ ertangi rizq-u nasibamizdan, sumalak sayllari mehr-u oqibatdan darak beradi.
Xorazm viloyatida ham oʻzida goʻzal milliy anʼanalarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni mujassam etgan Navroʻzi olamni koʻtarinki kayfiyatda kutib olish uchun qizgʻin taraddud koʻrildi. Barcha mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt koʻchatlarini ekish, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Muborak Ramazon oyi munosabati bilan ehtiyojmand oilalar, nogiron va bemorlar holidan xabar olinib, moddiy yordam koʻrsatildi. Navroʻz kunlari viloyatda oʻnlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, madaniy-maishiy obyektlar foydalanishga topshirildi. Urganch shahri va tumanlar markazlarida tashkil qilingan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining anʼanaviy savdo yarmarkalari shaharliklarning bayram dasturxoni toʻkinligiga xizmat qildi.
Ota-bobolarimiz azaldan bahorgi teng kunlik, yaʼni Navroʻz ayyomida yerga urugʻ qadashgan. Qoʻshkoʻpir tumanida viloyat fermerlari ishtirokida oʻtkazilgan koʻrgazmali seminarda nuroniylarning oq fotihasi bilan chigit ekishga kirishildi.
Bayram tantanalarining asosiy qismi Urganch shahridagi “Yoshlik” majmuasida boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan mehnat faxriylari, yoshlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, shuningdek, chet ellik mehmonlar ishtirok etdi. Viloyat hokimi Joʻrabek Raximov jamoatchilik vakillari bilan birgalikda bayram munosabati bilan tashkil qilingan xalq amaliy sanʼati va milliy hunarmandchilik hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmalari bilan tanishdi. Shahar va tumanlardan tashrif buyurgan folklor-etnografik jamoalarning badiiy chiqishlari, dorboz tomoshalari, milliy sport oʻyinlari, bahoriy taomlar barchaga bayramona kayfiyat bagʻishladi.
— Har yil koʻklam kelishini, Navroʻzni intiqlik bilan kutaman, — deydi bir asrlik tarixning jonli guvohi boʻlgan tabarruk yoshdagi yangibozorlik Sara ona Tajiboyeva. — Umrim davomida sumalak tayyorlashga bugʻdoy topa olmagan qahatchilik davrlarini ham, Navroʻz diniy bayram deb uni nishonlash taqiqlangan kunlarni ham koʻrdim. Ming shukr, u kunlar ortda qoldi. Bugun xalqimiz oʻlmas qadriyatimiz – Navroʻzni keng davralarda, shod-u xurramlik bilan bayram qilmoqda. Kecha mahallamizda ham katta doshqozonlarda sumalak tayyorlab, keksa-yu yosh oʻyin-kulgi qildik. Yoshlarga bugungi tinch va farovon turmushimizning qadriga yetish haqida soʻzladim. Ilohim, tinchligimiz barqaror, har bir kunimiz Navroʻz boʻlsin!
Urganchda oʻtkazilgan Navroʻz tantanalari millatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlikning yana bir ifodasi boʻldi. Viloyatda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari oʻzlarining milliy sanʼati, urf-odatlari va qadriyatlarini namoyish etdi. “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida oʻtkazilayotgan yasharish va yangilanish bayrami tantanalari viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring