Xorazmda futbol bayrami boʻlib oʻtdi
Foto: Халқ сўзи
Xorazm viloyatida oʻzbek futbolining 110-yillik yubileyiga soha faxriylari va muxlislari bilan uchrashuvlar, matbuot anjumani va ushbu sport turi boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi. Uchrashuvlarda bugungi kunda dunyoda eng ommaviy sport turiga aylangan, “millionlar oʻyini” deb taʼriflanadigan futbolning rivojlanish tarixi, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, mamlakat salohiyatini xalqaro maydonda targʻib etishdagi ahamiyati eʼtirof etildi.

Futbol ixlosmandlari oʻzbek futboli rivojiga katta hissa qoʻshgan xorazmlik futbolchilar, Oʻzbekiston chempionatlarida faol qatnashgan “Narimonovchi”, “Xonqa”, “Dinamo”, “Turbina”, «Spartak» kabi futbol jamoalari nomini esga oldilar.

— Prezidentimizning 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoni oʻzbek futboli tarixida yangi sahifa ochdi, — deydi Xorazm viloyat futbol assotsiatsiyasi 1-vitse prezidenti Islom Abdusharipov. — Viloyatimizda ham futbol infratuzilmasini zamon talablari darajasiga koʻtarish va futbol klublarini moddiy qoʻllab-quvvatlash ishlari jadal surʼat kasb etmoqda. Xususan, Urganch shahridagi “Xorazm” sport majmuasi rekonstruksiya qilindi, futbol akademiyasi oʻz faoliyatini boshladi.

Bugungi kunda viloyatda iqtidorli yosh futbolchilarni tanlash, futbol infratuzilmasini rivojlantirish, futbol boʻyicha sport maktablari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish, oʻtkazilayotgan musobaqalar qamrovi va saviyasini oshirish masalalari mahalliy hokimliklarning doimiy eʼtiborida turibdi.

“Hokim kubogi”, “Besh muhim tashabbus”, sektor rahbarlari kubogi uchun futbol musobaqalari yil davomida oʻtkazilib, unda viloyatning barcha hududlaridan 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻquvchi-yoshlar toʻla qamrab olindi. Viloyatdagi barcha umumtaʼlim maktablarida davlat-xususiy sheriklik asosida sunʼiy qoplamali stadionlar tashkil qilindi. Davlat taʼlim muassasalari futbol uchun zarur boʻlgan sport inventarlari bilan taʼminlandi. Ana shunday sharoitlarda tarbiyalanayotgan yoshlar orasidan kelgusida oʻzbek futbolining yorqin yulduzlari yetishib chiqajak, albatta.

Tadbirda viloyatda futbolni rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun Xorazm viloyati hokimi Farxod Ermanov “Oʻzbekiston futboli rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Futbol bayrami konsert dasturi va Coca-Cola kubogi 2 turidan oʻrin olgan “Xorazm” – “AGMK” bahsi bilan davom etdi.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring