Xorazm lazgisi Janubiy Afrikada

13:04 04 Aprel 2025 Jamiyat
98 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti tomonidan Janubiy Afrikaning Limpopo universitetida “Oʻzbekiston: bebaho madaniy meros” nomli madaniy dastur tashkil qilindi. Ushbu taqdimot joriy yilda Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi oldidan yurtimizning betakror madaniy merosini dunyoga targʻib qilish maqsadida uyushtirildi.

Madaniy dastur uch qismdan iborat boʻlib, birinchi qismida Oʻzbekistonning turizm salohiyati, madaniyati va sanʼati haqidagi videolavhalar namoyish etildi. Dasturning keyingi qismlarida xalq hunarmandchiligi buyumlari, milliy taomlar koʻrgazmasi hamda Xorazmning joʻshqin kuy-qoʻshiqlaridan iborat konsert dasturi tashkil qilindi.

— Urganch davlat universiteti jamoasi tashkil qilgan madaniy dastur orqali Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari, turizm imkoniyatlari, madaniyati va sanʼati haqida juda boy taassurotga ega boʻldik, — deydi Limpopo universiteti rektori, professor Maxlo Makgalong. — Ayniqsa, Xorazmning oʻynoqi lazgi kuyi chalinganda barchamiz beixtiyor davraga chiqib, raqsga tushib ketdik. Bunday madaniyatlararo muloqot ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

— Tashrif davomida Limpopo universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik, ilmiy tadqiqot yoʻnalishlarida tajriba almashish va oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qildik, — deydi Urganch davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Zafar Ibragimov. — Ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan olimlarni taqdirlash marosimida ishtirok etdik. Janubiy afrikalik hamkasblarimizning milliy madaniyatimiz va ilm-fanimizga qiziqishi nihoyatda katta ekanligidan juda xursand boʻldik.

Uchrashuv yakunida matematika, kompyuter texnologiyalari, lingvistika, qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar, iqtisodiyot yoʻnalishlarida ilmiy hamkorlik, talaba va oʻqituvchilar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, birgalikda vebinar va simpoziumlar oʻtkazish boʻyicha kelishuv imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер