Xonobod dunyoga eshik ochmoqda

17:06 14 Iyul 2023 Jamiyat
838 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shu yilning 18-20-iyul kunlari Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada festivali boʻlib oʻtadi.

Ayni kunlarda respublikamizda ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu tadbirga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Festival oldidan boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilinishicha, unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 400 nafar ishtirokchi milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimizni oʻz sanʼati orqali ifoda etadilar.

— Bundan tashqari, Chexiya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Serbiya, Gruziya, Rossiya, Qozogʻiston, Gretsiya kabi 20 dan ortiq davlatlardan ham mehmonlar kelishi kutilmoqda, — deydi respublika tashkiliy ishchi guruhi rahbari Farhod Joʻrayev. — Ular festivalda nafaqat oʻz tillarida, balki oʻzbek tilida ham qoʻshiq ijro etadilar. Bu oʻzbek sanʼatini dunyo boʻylab targʻib qilishda muhim vosita hisoblanadi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Aytish joiz, ushbu festivalni tashkil etish gʻoyasi 2019-yilda shakllangan boʻlib, oʻtgan davr mobaynida uni munosib tashkillashtirish va jahon talablariga mos ravishda oʻtkazish uchun tayyorgarlik ishlari olib borildi. Hozirga kelib festival ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash, yotoqxona, ovqatlanish, transport, tibbiyot xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq barcha imkoniyatlar yaratildi.

Festival doirasida “Turizm xaritasi”ga binoan viloyatdagi 40 ta tarixiy va ziyorat obyektlari orqali hududning sayyohlik salohiyati namoyish etilishi koʻzda tutilgan.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер