«Xonai intizor»ni bezatishga qancha tilla sarflangan?

09:57 09 Iyun 2021 Madaniyat
582 0

Sitorai Moxi Xossa — noyob tarixiy-meʼmoriy obida.Buxoro amirlarining yozgi saroyi vazifasini oʻtagan bu goʻsha oʻziga xosligi bilan aqlni lol qoldiradi. Bunga ishonch hosil qilmoq uchun birgina «Xonai intizor», yaʼni Kutish xonasini tomosha qilmoqning oʻzi kifoya.

— Bu xonani buxorolik naqqosh usta Hasanjon Umarov va Nabijon Hafizov bezatishgan, — deydi Sitorai Moxi Xossa xalq amaliy bezak sanʼati muzeyi katta ilmiy xodimi Nargiza Jumayeva. — «Xonai intizor» deb nomlanishiga sabab shundaki, xorijiy davlatlardan kelgan mehmon va elchilar shu xonada oʻtirib, amirning qabul qilishini kutganlar. Qabul marosimi esa amirning vaqti va kayfiyatiga qarab belgilangan. Shu tufayli kelganlar ijozat berilishini uzoq kutishgan. Ular uchun dub daraxtidan tayyorlangan aylana shaklidagi stol va oʻtirgʻichlar qoʻyilgan.

Shu vaqt oraligʻida mehmonlar xona devoridagi nozik naqshlarni, nozboʻy, atirgul, lolagul, majnuntol tasviri tushirilgan betakror bezaklarni tomosha qilib turishgan.

— Ranglarni ustalarning oʻzlari tayyorlashgan, — deya davom etadi N. Jumayeva. — Oʻrganish ishlari olib borilayotganiga qaramay, bu ranglarning toʻliq tarkibi mavhumligicha qolmoqda. Bilganimiz shuki, ular turli oʻsimliklar va mevalardan olingan. Ularga tuya suti, tuxum sarigʻi, oltin suvi, bodom va pista danagidan olingan yogʻ aralashtirilgan. Boʻyoqlar ustidan esa oʻrik va shaftoli shirasi lak sifatida surilgan.

Ranglar oʻz jilosini yoʻqotmay turganining oʻziyoq ota-bobolarimiz yuksak aql- zakovat egasi boʻlishganidan darak beradi.

Darvoqe, «Xonai intizor»ni bezash ishlariga qancha tilla sarf qilingan ekan?

— Bu savolga aniq javob berish mushkul, — deydi suhbatdoshimiz. — Kutish zalini bezatish uchun ustalar qancha tilla suvidan foydalanishgani maʼlum emas. Lekin Sitorai Moxi Xossadagi yana bir muhtasham xonalardan biri sakkiz xonalik koʻshkni bezatish ishlariga 4 kilogramm 250 gramm tilla sarflanganini bilamiz.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?