Xizmat koʻrsatish sohasi – Fargʻona iqtisodiyoti drayveri

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlidagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar doirasida Fargʻona viloyatini rivojlantirishning 2025 – 2029-yillarga moʻljallangan dasturi ishlab chiqildi. Bu dastur xalqimizga har jihatdan toʻkis, munosib turmush sharoiti yaratish, tadbirkorlik, investitsiya, qishloq xoʻjaligi, qurilish, sanoat, xizmat koʻrsatish kabi sohalarni viloyat iqtisodiyoti drayveriga aylantirish uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Aytish joiz, Fargʻona viloyatida soʻnggi besh yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2,7 barobarga oshdi. Kelgusi besh yilda esa YHM hajmini 167,5 trln. soʻmga, aholi jon boshiga 36,5 mln. soʻmga yetkazish maqsad qilingan. 2025 – 2029-yillarda Fargʻona viloyatining yana bir drayveri – xizmat koʻrsatish sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi ikki barobarga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Besh yillik dasturda Fargʻona viloyatini ishsizlikdan holi hududga aylantirish va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida 1,7 mln. dan ortiq, 2025-yilning oʻzida 340 mingta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilmoqda. “Kambagʻallikdan – farovonlik sari” dasturini amalga oshirish natijasida viloyatda kambagʻallik darajasini 2025-yili – 5 foiz, 2029-yili esa 2,4 foizga tushirish maqsad qilingan.
— Ayni paytda xizmatlar sohasi viloyat iqtisodiyoti rivojida salmoqli oʻringa ega, — deydi Fargʻona viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ilyos Novikov. — Buni raqamlar misolida ham koʻrish mumkin. Xususan, 2017-yili viloyatda 11,7 mingta xizmat koʻrsatish korxonalari faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, oʻtgan yil yakuniga kelib ularning soni 36,7 mingtaga yetdi. Birgina 2024-yilning oʻzida xizmat koʻrsatish sohasida 4 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari ish boshlagani mazkur tarmoq nechogʻli jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Oʻtgan yili viloyatda xizmatlar sohasida 120 mingta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan boʻlsa, amalda ushbu koʻrsatkich qariyb 187 mingtaga yetkazilgani eʼtiborga loyiq. Yashirin iqtisodiyotga barham berish maqsadida 2024-yil mobaynida 39 ming nafar hamyurtimiz norasmiydan rasmiy sektorga oʻtkazildi. Oʻzini oʻzi band qilish hisobiga 125,7 mingta insonning doimiy bandligi taʼminlandi.
Ezgu tashabbusga koʻra, viloyatdagi mingdan ziyod mahallada 18 turdagi xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, bu borada oʻtgan yilning oʻzida 3712 ta yangi tadbirkorlik subyektlari foydalanishga topshirildi. Maishiy xizmat, turizm, taʼlim va tibbiyot, savdo va boshqa istiqbolli sohalarda ish boshlagan tadbirkorlar qisqa fursatda maʼlum bir yoʻnalishga ixtisoslashib, kuchli raqobat sharoitida bozorda oʻz oʻrnini topdi.
— Shuningdek, oʻtgan yili shahar va tumanlarda xizmat koʻrsatish va savdo obyektlarini tashkil etishga moʻljallangan 44,5 gektar yer maydonlari 1458 ta lotlarga ajratilib, auksion savdolariga chiqarildi, — deya suhbatimizni davom ettiradi Fargʻona viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining xizmatlar sohasini rivojlantirish shoʻbasi boshligʻi Zohidjon Soliyev. — Oʻz navbatida auksion savdosi orqali 76 ta yer maydonining gʻoliblari aniqlanib, yengil konstruksiyali savdo va servis shoxobchalari ishga tushirildi.
Shu bilan birga, xalqaro avtomagistral yoʻl boʻylarida umumiy qiymati 56,3 milliard soʻm boʻlgan 29 ta loyiha amalga oshirildi. Misol uchun, xalqaro avtomagistral yoʻlning Yozyovon tumani hududida tadbirkor Ibrohimjon Turgʻunov 0,5 gektar yerda sunʼiy baliq koʻli tashkil etdi. Hozirda baliq ovi ishqibozlari uchun mazkur koʻlda baliq ovlash, shu joyning oʻzida pishirib tanovul qilishga sharoit yaratildi.
Yaqin istiqbolda tadbirkor koʻlni kengaytirish hisobiga oʻrdak, gʻulgʻul kabi parrandalarni boqishni yoʻlga qoʻyish va umumiy ovqatlanish shoxobchasini tashkil qilishni maqsad qilgan.
— Keyingi yillarda turizm salohiyatini oshirish, yangi savdo va servis obyektlarini tashkil etish uchun viloyatdagi 12 ta koʻcha 24/7 rejimida ishlaydigan turizm koʻchalariga aylantirildi, — deydi Fargʻona viloyati turizm boshqarmasi mutaxassisi Nodira Zokirova. — Bu koʻchalarga sayyohlarni keng jalb etish maqsadida 100 ga yaqin zamonaviy loyihalar foydalanishga topshirildi. Hozirda Fargʻona, Qoʻqon shahri hamda bir qator tumanlarda turizm koʻchalari eng gavjum hamda fayzli maskanlarga aylanib ulgurdi. Quvonarlisi, bu manzillar ohanrabosi endilikda xorijlik sayyohlarni ham oʻziga maftun etmoqda.
2024-yili Fargʻona viloyatida IT xizmatlari hajmi 346,3 milliard soʻmni tashkil etib, atigi bir yil oldingiga qaraganda 120 foizga oshdi. IT-Park Fargʻona filiali rahbari Bahromjon Jalilovning qayd etishicha, oʻtgan yil yakuni bilan viloyatda 7,4 million dollarlik IT xizmatlari eksporti amalga oshirildi. IT-Park rezidentlari soni 103 taga yetkazildi. Bu kompaniyalar sohalar kesimida tahlil qilinganda, 50 foizi dasturchilar hissasiga toʻgʻri keladi.
Aytaylik, tadbirkor Sherzod Parpiyev bu soha uchun taqdim etilayotgan imtiyozlardan foydalanib, “Davr RU” kompaniyasini tashkil etdi va 300 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi. Shuningdek, “Audiotele” kompaniyasida 120, “Yunikol” kompaniyasida 300, “Telekontakt” kompaniyasida 200 hamda “Mediaplatform” kompaniyasida 100 nafar yigit-qizlar mehnat qilmoqda. Shu bilan birga “Audiotele” kompaniyasi qoshida autsorsing xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashgan xalqaro koll-markazi ham ish boshladi.
Oʻz navbatida, viloyatda transport, aviatsiya, sogʻliqni saqlash sohalarida koʻrsatilayotgan xizmatlar koʻlami yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Bevosita turizm yoʻnalishiga qaratilayotgan eʼtibor va ragʻbat tufayli oʻtgan yili viloyatga 476 mingga yaqin chet ellik sayyohlar tashrif buyurdi. Mehmon uylari 264 taga hamda yulduz toifasidagi mehmonxonalar soni 10 taga yetkazildi. Bugungi kunda viloyatda 124 ta turoperatorlar va 44 ta turagentlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan joriy yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha yangicha yondashuvlar asosida muhim islohotlarni hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan.
— Birinchi navbatda viloyatdagi barcha mahallalarda eng zarur 18 xil xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish uchun 3362 ta savdo va servis obyektlari ishga tushiriladi, — deydi Ilyos Novikov. — Aholini bandligini taʼminlash maqsadida xizmatlar sohasida 180 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Viloyatning 8 ta (Fargʻona shahri, Buvayda, Dangʻara, Yozyovon, Soʻx, Uchkoʻprik, Fargʻona va Quva tumanlari) hududidan kesib oʻtgan kanallar, koʻl va sohil boʻylarida 53 ta xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etiladi. Viloyatning 7 ta hududidan oʻtgan xalqaro avtomagistral yoʻl boʻyida 161 ta savdo va servis xizmati koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatini boshlaydi.
Quva tumani markazidagi “Gʻalaba” MFYda turizm koʻchasi tashkil etiladi hamda ikki qavatli zamonaviy savdo doʻkonlari quriladi. Shuningdek, unga yondosh hududdagi xiyobon zamonaviy koʻrinishga keltirilib, tashrif buyuruvchilarga kun-u tun xizmat koʻrsatadigan maskanga aylanadi. Umuman olganda, joriy yilda viloyatning 19 ta shahar va tumanida yana bittadan koʻchani 24/7 rejimida ishlaydigan markaziy koʻchalarga aylantirish choralari koʻriladi.
Oʻz navbatida, Fargʻona, Quva, Oltiariq, Rishton va Beshariq tumanlari markazlarida joylashgan 5 ta istirohat bogʻi toʻliq rekonstruksiya qilinib, obodonlashtiriladi. Xususan, piyodalar yoʻlakchasi taʼmirlanib, koʻcha chiroqlari yangilanadi hamda manzarali daraxtlar ekilib, yashil maydonlar barpo etiladi.
Ayni kunlarda viloyatda turizm xizmati imkoniyatlarini toʻliq ishga solish uchun Quva va Yozyovon tumanida joylashgan suv ombori hududlarida yashillik darajasini oshirish hamda 100 dan ortiq yangi xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etish maqsadida master rejalar ishlab chiqilib, amaliy ishlarga kirishildi.
Shuningdek, Fargʻona tumanining Shohimardon hududida zamonaviy turizm komplekslari hamda Soʻx tumanida Soʻx daryosi sohili boʻylari va togʻ yon bagʻri hududlarida zamonaviy majmualar tashkil qilish boʻyicha master rejalari ishlab chiqilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring