Xivada «Besh tashabbus» doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

15:51 15 May 2021 Jamiyat
1679 0

Hasan PAYDOYEV - “Xalq so‘zi”

Mamlakatimizda yoshlarni jismonan sog‘lom, ma'nan yetuk qilib tarbiyalash uchun barcha sharoitlar yaratib berilyapti. Bugun sport bilan shug‘ullanaman, musiqaga oshufta bo‘laman, axborot texnologiyalarini mukammal egallayman, rassomchilik jonu dilim degan navqiron avlod vakillari borki, ularning orzularini amalga oshirish asosiy maqsadga aylangan. Buning uchun nimaiki kerak bo‘lsa, qanday moddiy-texnika baza yoki infratuzilma talab qilinsa, taqdim etilmoqda. 

Xo‘sh, bu boradagi ishlar amalga oshirishda sektorlar, xususan, 2-sektor tomonidan qanday ishlar olib borilyapti?

Muxbirimiz shular xususida batafsil ma'lumot olish maqsadida Xiva shaxar prokurori adliya kichik maslaxatchisi Mirza Vapaev  bilan suhbatlashdi.

— 2-sektorga biriktirilgan hududlarda “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlar tizimi yaratilgan. Asosiy e'tiborni hududdagi ishsiz ayollar va yoshlarni ish bilan band qilish, ijtimoiy muammolarni hal etish va umuman xalq farovonligini ta'minlashga qaratmoqdamiz.

Yosh avlodni barkamol voyaga yetishlari uchun tizimli ishlar olib borilmoqda. Avvalo, shaharda xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 21 ta ta'lim muassasasi mavjud ekanligini aytib o‘tsak. Ulardan 19 tasi umumta'lim maktabi, 1 tasi ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabi, 1 tasi ixtisoslashtirilgan maktab internatidir.

Prokuror sektori va boshqa hamkor tashkilotlar hamkorligida maktablarning barchasi davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta tashabbus bilan qamrab olingan bo‘lib, ularda yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish ustuvor vazifa etib belgilab olingan.

Ayni paytda shu tamoyil asosida o‘g‘il-qizlar bilan ishlash samarali tashkil etib kelinyapti. Xususan, ularning madaniyat, san'at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha qator madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Ulardan biri yaqinda shahardagi 10-maktabda “Besh tashabbus — besh imkoniyat” shiori ostida o‘tkazildi. 

Prokuror sektori sovrini uchun bo‘lib o‘tgan tanlovda barcha sektor rahbarlari va ularga biriktirilgan ta'lim muassasalari qamrab olindi. Xususan, yoshlarni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san'atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste'dodini yuzaga chiqarishga qaratilgan birinchi tashabbus doirasida maktab jamoalari tomonidan yaratilgan natyurmort hamda rang tasvir yo‘nalishidagi ishlar, musiqa to‘garagi a'zolari tomonidan aytilgan kuy-qo‘shiqlar barchaning olqishini oldi.

Aholi va yoshlar o‘rtasida komp'yuter texnologiyalari, internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan uchinchi tashabbus bo‘yicha ham amalga oshirilgan ishlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Tadbirga kelganlar o‘quvchilar tomonidan yasalgan robototexnika vositalari — haydaladigan mashina, gapiruvchi robot kabi qurilmalarni ko‘rib hayratlarini yashira olmadilar.

Ma'lumki, beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash masalalarini nazarda tutadi. Tadbirda “Orasta qizlar” va “Qizlarjon” klubi a'zolari tomonidan tikilgan, to‘qilgan erkaklar va ayollar kiyimlari, sim yordamida to‘qish, kashtachilik san'ati namunalari ko‘rgazmaga qo‘yildi. Ular ishtirokchilarning yuqori baholariga sazovor bo‘ldi. Umuman olganda, har bir maktab jamoasi tanlovda 50-60 tadan ko‘rgazmalari bilan qatnashdi.

Bu kabi forumlar esa ijodkor, iqtidorli, qobiliyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni izlab topib, qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi, albatta. Binobarin, ushbu tanlovda ham 4 ta sektor tarkibiga kiruvchi maktablar kesimida 1 tadan maktab g‘olib deb topildi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan ta'lim muassasalari vakillari sektor rahbarlari tomonidan diplom va printerlar, rubob, dutor, doira kabi cholg‘u asboblari bilan taqdirlandi. Sovrindor bo‘lgan boshqa maktablarga ham tashakkurnomalar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. 

Rag‘batning qanoti bor, deganlaridek, bunday xayrli ishlar yosh avlodni jamiyatda munosib o‘rin egallashlari, o‘zlariga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlashlarida muhim rol' o‘ynamoqda.

Aholini ish bilan ta'minlash, ularning qiziqishlarini o‘rganish ham diqqat-e'tiborimizda.

Jumladan, 2-sektor hududiga kiruvchi Qiyot mahallasi, Yangi hayot ko‘chasida yashovchi, “yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqaro Dinara Jumaniyazova tikuvchilikka qiziqardi. Uning bu qiziqishini inobatga olib, unga prokuratura yordami bilan 30 mln. so‘m pul mablag‘lari evaziga 6 ta tikuv mashinasi olib berildi. Hozirgi kunda ushbu fuqaro o‘zini-o‘zi band qilish bilan birga o‘zi qatori 4 nafar ishsiz tengdoshini ham ish bilan ta'minlab, faoliyatini yo‘lga qo‘yishida amaliy yordam berilishi ta'minlandi.

Bundan tashqari, Qiyot mahallasi, Buyuk yo‘l ko‘chasida yashovchi “yoshlar daftari”ga kirgan fuqaro Izzatbek Shamuratovga 30 mln. so‘m kredit olib berildi. Buning natijasida u temir darvoza ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi va 7 ta ish o‘rni yaratib, ishsiz yoshlarni ish bilan ta'minlab kelyapti. 

Umuman, Xiva shahar prokurori, ya'ni 2-sektor tashabbusi bilan mahallalarda uyma-uy yurish orqali ularni hal etish kabi ezgu sa'y-harakatlar uzluksiz ravishda davom ettirilmoqda. Bunday intilishlar esa jamiyatda yoshlarning o‘rnini oshirish, ularni yangi g‘oyalar sari rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.


“Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер