Xitoydagi parad AQSH va Yevropa xavfsizligiga signal berdi

17:12 04 Sentyabr 2025 Dunyo
1398 0

Ushbu hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilariga aniq bir signal berdi: Moskva davom etadi, chunki uning kuchli doʻstlari bor.

Rossiya rahbari Xitoydagi turli tadbirlarda Ukrainaga qarshi urush olib borishda yordam bergan rahbarlar bilan uchrashdi. U Xitoy yetakchisi Si Szinpin, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyon va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan yelkama-yelka turdi.

Putin bundan uch yil oldin oʻzining ancha kichikroq va kuchsizroq qoʻshnisini uch kunda bosib olaman, deb oʻylagandi. Ammo Rossiya Xitoy va Hindiston pullari, Eron qurollari hamda Shimoliy Koreyadan kelgan harbiylarsiz kurashni davom ettira olishi dargumon edi.

Xitoydagi sammit va harbiy parad Gʻarbga yanada kuchli signal berdi. Xitoyda yigʻilgan rahbarlar hamma narsada kelisha olmasligi, ularning baʼzilari bir-birini unchalik yoqtirmasligi ham mumkin. Ammo ular Gʻarbning global miqyosdagi hukmronligini tugatish uchun bir joyga toʻplana oladi. Yevropa esa bunday “otishma”ning chizigʻida boʻlishdan qoʻrqadi.

Voqealar Yevropa nima uchun oʻz xavfsizligini qayta koʻrib chiqish kerakligi haqida aniq eslatma beryapti. Mintaqa soʻnggi yillar davomida Rossiya rahbarini yakkalab qoʻyish va uning iqtisodini siquvga olishga harakat qildi. Shunga qaramay, Putin dunyoning eng qudratli odamlari bilan birga boʻlib, ularning doʻstligini yana bir bor tasdiqladi.

Sovuq urush tugaganidan keyin oʻrnatilgan xalqaro tartib, shubhasiz, buzilish xavfi ostonasiga kelib qoldi.

AQSH prezidenti Donald Tramp va uning “Amerika birinchi” dasturi global sahnadan chekinmoqda. Ayni paytda, Yevropa oʻz muammolari bilan kurashyapti, jumladan, oʻta oʻng millatchilik va iqtisodiy bosimlarning kuchayishi mintaqani chalgʻitmoqda.

“Gʻarb ittifoqining xalqaro masalalarda oʻrnatilgan hukmronligi pasayib boryapti va ular xalqaro tizimni jiddiy tarzda qaytadan qurish imkoniyatini koʻrishmoqda”, — dedi Yangi Yevroosiyo strategiyalari markazi tahlil markazining tashqi siyosat boʻlimi rahbari Jon Lof CNN telekanaliga.

Pekin sammit va parad oʻtkazar ekan, oʻz ambitsiyalarini hammaga oshkor qilmoqchi edi. Aynan bu Trampga qaratilgan edi va uni ham beeʼtibor qoldirmadi.

“Sizlar AQSHga qarshi fitna uyushtiryapsiz, Vladimir Putin va Kim Chen Inga ham salomimni yetkazing”, — degan Tramp ushbu voqealarga munosabat tarzida.

Urushga kirmasdan turib, urush ichida boʻlish

Tahlilchilarning fikricha, soʻnggi paytlardagi yaqinlashuvga qaramay, Xitoy va Hindistonning Rossiyaning Ukrainadagi urushiga yondashuvida pragmatizm ustunlik qiladi.

Ikkalasi ham urushda oʻzlarining betarafligini taʼkidlaydi, shu bilan birga Rossiyaga moliyaviy yordam berish orqali urushni kuchaytiradilar.

Xitoy ham Hindiston ham Gʻarb bilan toʻgʻridan-toʻgʻri qarama-qarshilikka kirishga tayyor boʻlmasa-da, Rossiya Gʻarbga qarshi kun tartibini ilgari surayotganidan xursand.

“Xitoy koʻp qutblilik va umuman Gʻarb taʼsirini kamaytirish borasida Rossiyaga ancha yaqinroq. Bu yerda mafkuraviy yaqinlik va sof iqtisodiy manfaat ham bor”, — deydi ekspertlar.

Lofning aytishicha, Rossiyaning AQSH hukmronligidagi dunyo tartibiga qarshi intilishi hindlarga ham maʼqul keladi. Hindiston Rossiyaning global boshqaruv tizimini aholi soni koʻp boʻlgan, oʻsib borayotgan iqtisodlarga moslashishga qaratilgan taʼminlash dasturini ilgari surayotganidan norozi emas.

Pekin va Dehli hozir Rossiya nefti hamda koʻmirining dunyodagi eng yirik ikki xaridori, Xitoy esa Rossiyaning gaz va neft mahsulotlarining ikkinchi yirik xaridoridir. Bundan tashqari sanksiyalar sababli Rossiya chip va telekommunikatsiya uskunalarini ushbu davlatlardan olmoqda.

“Xitoy haqiqatan ham juda muhim yetkazib beruvchi ekanligini koʻrish uchun Ukrainaga uchirilayotgan rus dronlaridagi Xitoy komponentlari soniga qarash kerak”, — deya qoʻshimcha qildi Lof.

Shu bilan birgalikda Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari Hindiston hamda Xitoyni zaiflashishini unchalik ham istamaydi. Agar Tramp Putinga urushni toʻxtatish uchun bosim oʻtkazishdan bosh tortadigan boʻlsa, bu ishni katta ehtimol bilan Pekin yoki Nyu-Dehli qilishi mumkin.

Shimoliy Koreya va Eron esa Rossiya tarafida sobit qoladi. Yadroviy dasturlari va boshqa faoliyati tufayli Gʻarb tomonidan allaqachon izolyatsiya qilingan va bu ikki davlatning yoʻqotadigan narsasi yoʻq. Ayniqsa, Eron urushning dastlabki kunlarida Moskvaga yordam berib, unga sanksiyalarni aylanib oʻtishga yordamlashdi. Eng muhimi, Ukrainadagi janglarini sezilarli darajada oʻzgartirgan “Shahed” dronini ham taqdim etgan. Ikki davlat hatto yangi hamkorlik shartnomasini imzolab, qoʻshma harbiy mashgʻulotlarni boshladi.

Shunga qaramay, Tehron Rossiya bilan har qanday ittifoqning ham chegarasi borligini tushunib yetdi. Ushbu yozda Eron Isroil va keyinroq AQSH tomonidan hujumga uchraganida Putin yordam bermadi. Avvallari Rossiya va Eronning asosiy ittifoqchisi boʻlgan Suriyaning sobiq prezidenti Bashar al-Assadga xavfsiz chiqish yoʻlini taʼminlashdan tashqari, dekabr oyida Asad rejimi agʻdarilganda Putin aralashmadi.

Tahlilchilarga koʻra, yakkalanib qolgan va qashshoqlashgan Shimoliy Koreya uchun Rossiya bilan munosabatlar faqat tranzaksiya boʻlib qolmoqda. Rossiya askarlarga muhtoj va Shimoliy Koreya oʻz xalqini urushga yuborishga qodir boʻlgan yagona davlat edi va shunday ham qildi. Chunki Kim Chen Inning yoʻqotadigan narsasi yoʻq, unga jamoatchilik fikri ham taʼsir oʻtkaza olmaydi.

Pragmatizm hamma narsadan ustunmi?

Putinning Xitoyda iliq kutib olinishi, sammit va harbiy parad davomida namoyon boʻlgan harbiy va diplomatik qudrat bilan bir qatorda, bir xabarni yetkazish uchun moʻljallangan edi.

Bu xabar AQSH va uning ittifoqchilariga qarshi tura oladigan davlatlar borligini namoyon etish edi.

Bir necha yil oldin tasavvur qilib boʻlmaydigan narsalar, masalan, Germaniya mudofaa xarajatlarini oshirish uchun konstitutsiyani oʻzgartirishi yoki qatʼiy neytral Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qoʻshilishi kabi jarayonlarni hech kim oʻylamagan. Bu geosiyosiy oʻzgarishlar tufayli roʻy bermoqda.

Tahlilchilar fikricha, Putinning Si va Modi bilan xushmuomalaligi koʻplab Yevropa poytaxtlarida qandaydir noqulaylik tugʻdirgan boʻlsada, bu iqtisodiy pragmatizm va imkoniyatlar uygʻunligini ham aks ettirmoqda.

Tahlilchi Lofga koʻra, ushbu munosabatlar oʻzaro kuchli mehrga asoslanmagan. Bu mamlakatlar ittifoqi emas, balki manfaatlar ittifoqidir. Trampning qolgan prezidentlik muddatida manfaatlar oʻzgarishi mumkin.

Ekspert yana qoʻshimcha qiladiki, bunday katta oʻyin bunaqa ssenariyda tugamaydi. Chunki bu yerda oʻzaro kelisha olmaydigan davlatlar ham bor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер