Xitoy uchun kim yaxshiroq: Harris yoki Tramp?

13:51 01 Noyabr 2024 Dunyo
208 0

Illyustrativ foto

AQSHdagi prezidentlik saylovi gʻolibi dunyodagi ikki yirik iqtisodiyot va raqib kuchlar AQSH hamda Xitoy oʻrtasidagi bahsli munosabatlarga katta taʼsir oʻtkazishi mumkin. Biroq saylov yangiliklari qattiq senzuralangan Xitoyda aholi u yoki bu nomzodning gʻalabasi ikki davlat oʻrtasidagi keskinlikni yumshata olishiga unchalik ham ishonmaydi. Chunki ular har qanday holatda ham AQSH Xitoyning global sahnadagi yuksalishini cheklashga harakat qilishiga ishonadi.

Pekin Trampning Xitoy mahsulotlariga tariflar kiritgani, Xitoyning telekommunikatsiya giganti “Huawei” kompaniyasiga qarshi kampaniya boshlaganini va birinchi marta Xitoyda aniqlangan “COVID-19”ni keltirib chiqaradigan virusni tasvirlashda irqchilikka oid soʻzlardan foydalanganini unutgani yoʻq.

Prezident Jo Bayden boshchiligidagi soʻnggi toʻrt yil davomida aloqani barqarorlashtirish uchun haminqadar urinishlar kuzatildi. Ammo ikki davlatning bir-biridan xavotirlari mavjud boʻlib, Bayden Xitoyning texnologiya sanoatiga tariflar eʼlon qildi, AQSH rasmiy Pekin oʻziniki, deb daʼvo qiladigan Tayvanni qoʻllab-quvvatlashda davom etdi.

Shu bilan birga, xitoyliklar oʻzlarining iqtisodiy holatlarida sekinlashuv kuzatilgani va mulk bozori inqirozi sharoitida AQSHdagi saylov siyosatiga oldingi yillarga qaraganda katta qiziqish bildirgani yoʻq.

Oq uy uchun kurash davom etar ekan, Pekinning davlat axborot vositalari AQSHdagi ijtimoiy kelishmovchilik va qutblanishga eʼtibor qaratmoqda. Ulardan birida saylovdan keyingi zoʻravonliklar haqida xavotirlar bildiriladi. Yaqinda “China Daily” davlat gazetasining karikaturasida “Ozodlik haykali” “siyosiy zoʻravonlik” deb yozilgan ajdahoning jagʻlarida ezilgani tasvirlangan.

“Amerika Qoʻshma Shtatlarida hayotning barcha qatlamlari juda asabiy va jamoatchilik fikrida ham notinchlik bor. Siyosiy qutblanish va jamoatchilik fikridagi boʻlinishlar kuchaygani sababli bu yilgi AQSH saylovlarida siyosiy zoʻravonlik ham kuchaydi”, — deyiladi “Sinxua” davlat axborot agentligi eʼlon qilgan xabarda.

Harris ham Tramp ham Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida qizgʻin mavzulardan biri boʻlgan. Bayden iyul oyida poygadan chiqqanidan keyin demokratlardan nomzod boʻlgan Harris xitoyliklar uchun notanish boʻlib chiqdi. Shundan buyon Xitoy video ilovalarida vitse-prezident masxara qilinadi. Biroq Harrisning baʼzi nutqlari xitoyliklarda ijobiy taassurot qoldirgan. Misol uchun uning oʻrta sinfdan kelib chiqib yuqori darajagacha koʻtarilishi va Xitoydan farqli oʻlaroq koʻpgina siyosiy elita boʻgʻinlarida hukumatga yaqin oila vakillari oʻtirishi tilga olinadi.

“Odamlar bu ikki nomzodga nisbatan optimistik emas, chunki ularning qiyofasi va qobiliyatlarini oʻtmishdagilarniki bilan solishtirib boʻlmaydi. Bu Xitoy jamoatchiligining boʻlajak saylovga qiziqish darajasi avvalgilaridan pastroq ekanligining sabablaridan biri”, — deydi Shanxaydagi Fudan universitetidagi Amerika tadqiqotlari markazi direktori Vu Xinbo. Uning qoʻshimcha qilishicha, yuqorida aytilganidek, hech kim kim saylanishidan qatʼiy nazar munosabatlar yaxshilanishiga ishonmaydi.

Pekin saylov haqidagi har qanday fikrni bevosita izohlashdan ehtiyot boʻladi. Lekin Trampni munosabatlarga koʻproq noaniqlik va shu tariqa xavf tugʻdirayotganlikda koʻradi. Sobiq prezident Xitoydan import qilinadigan barcha mahsulotlarga 60 foizdan yuqori bojlar qoʻyish bilan tahdid qilgan va oʻzining beqaror tashqi siyosati bilan mashhur. Ammo Pekin AQSHning xorijdagi hamkorligini zaiflashtirsa, bundan foyda koʻrishi mumkin, deydi kuzatuvchilar. Bayden maʼmuriyati Trampnikiga oʻxshamaydi. U Xitoyga qarshi turish uchun Yevropa va Osiyodagi ittifoqchilar bilan yaqinroq ishlashga intildi, Tramp esa AQSHning anʼanaviy ittifoqlarini bir necha bor shubha ostiga qoʻygan.

Shuningdek, Xitoy Tramp saylanadigan boʻlsa, Ukrainadagi urushni qanday toʻxtatishiga qiziqishini yashirmaydi. Pekin Trampning Vladimir Putin bilan aloqalarni tiklashidan xavotirlanishi mumkin. Chunki bu yakunda urushning tugashiga olib keladi. Undan soʻng AQSH eʼtiborini Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga qaratishi turgan gap. Xitoy esa buni istamaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?