Xitoy kompaniyalari Fargʻona viloyatiga qurilish sohasi uchun investitsiya kiritadi

14:18 25 Oktyabr 2023 Jamiyat
134 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Maʼlumki, shu yilning 17 – 18-oktyabr kunlari Prezidentimiz Xitoy poytaxti Pekin shahrida “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasida tashkil etilgan uchinchi xalqaro forumda ishtirok etdi. Samarali muloqotlar davomida ijtimoiy –madaniy, iqtisodiy, xususan, tadbirkorlik, investitsiya singari muhim sohalarda istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Ikki tomonlama manfaatli kelishuvlar samarasi sifatida shu kunlarda Fargʻona viloyatiga kelgan Xitoyning “Jilin Zhong Tian” kompaniyasi rahbari Chjao Vey boshchiligidagi ushbu kompaniya vakillari hamda “Xueyjenshi” kompaniyasi taʼsischisi Sun Szi va direktori Lu Shu Bo viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan yuzma – yuz muloqot oʻtkazdi.

Taʼkidlash oʻrinli, Jilin Zhong Tian” kompaniyasi tomonidan Fargʻona shahrida besh yulduzli mehmonxona, savdo – koʻngilochar markazi hamda apart-rezidensiya majmuasi barpo etish rejalashtirilmoqda. Uchrashuvda ushbu reja asosida ishlab chiqilayotgan investitsiya loyihasi muhokama qilindi.

Shuningdek, “Xueyjenshi” kompaniyasi tomonidan esa Fargʻona shahrida bunyod etilayotgan Ekoshahar hududida toʻgʻridan toʻgʻri Xitoy investitsiyasi hisobiga 12 qavatli turar-joylardan iborat majmua barpo etish maqsad qilingan.

— Biz Xitoyda koʻplab zamonaviy mehmonxonalar hamda restoranlar tarmogʻiga egamiz. Qurilish sohasida qariyb 20 yillik tajribamiz bor,—deydi “Jilin Zhong Tian” kompaniyasi rahbari Chjao Vey. — Fargʻonada amalga oshirish rejalashtirilayotgan istiqbolli loyiha uchun 50 million dollar atrofida investitsiya yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

Bugungi uchrashuvda ikki hafta muddatda besh yulduzli mehmonxona, savdo – koʻngilochar markazi hamda apart – rezidensiya majmuasi rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Oʻz navbatida “Xueyjenshi” kompaniyasi taʼsischisi Sun Szi Fargʻona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, yangi shaharchada 12 qavatli turar-joylar qurish istagida ekanligini maʼlum qildi.

      Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?