Xavi, Inesta va Neymarga nasib etmagan baxtga loyiq koʻrilgan Dembele

12:24 23 Sentyabr 2025 Sport
222 0

Fransiyalik futbolchi Usmon Dembele kecha “France Football” tomonidan anʼanaviy tarzda topshirib kelinadigan “Oltin toʻp” mukofotiga loyiq koʻrildi. Taʼkidlash kerakki, ushbu sovrinni Xavi, Inesta, Badjo, Neymar va yana bir qator jahon futbolining yorqin yulduzlari qoʻlga kirita olmagan.

Futbol tarixida chap va oʻng oyoqda teng kuchli, yuqori tezlikda dribling qiladigan va raqiblarni bir lahzada dogʻda qoldiradigan futbolchilar juda kam uchraydi. Shubhasiz, shunday noyob iqtidor egalari orasida Usmon Dembele alohida oʻrin tutadi. U “Borussiya Dortmund”da chaqnab, “Barselona”da oʻzini koʻrsatgan, hozir esa PSJning asosiy yulduzlaridan biri sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Bugun “Oltin toʻp” mukofotining yangi sohibi haqida batafsil maʼlumot beramiz.

Bolalik va futbolga ilk qadam

Usmon Masur Dembele 1997-yil 15-may kuni Fransiyaning Normandiya mintaqasida joylashgan Vernon shahrida tugʻilgan. Onasi mavritaniyalik, otasi esa malilik boʻlgan, bu esa unga Afrika va Yevropa futbol madaniyatini birlashtirgan kuchli genetik merosni berdi. Yoshligidan futbolga qiziqqan Dembele uyining yaqinidagi maydonlarda soatlab toʻp surib, dribling mashqlari bilan shugʻullanar edi.

Foto: AI

2004-yilda u “Evro FK 27” yoshlar akademiyasida toʻp surishni boshladi. Keyinchalik “Renn” klubi iqtidorli oʻsmirni oʻz safiga qoʻshib oldi. Bu yerda u texnikasi, tezkorligi va ikki oyoqda birdek oʻynash qobiliyati bilan murabbiylar eʼtiborini tortdi.

Professional faoliyatga kirish — “Renn”

2015-yilda Dembele “Renn” asosiy jamoasida debyut qildi. Oʻsha paytdan boshlab u Fransiya futbolida eng tez oʻsib kelayotgan talant sifatida tilga olindi. Uning ilk mavsumiyoq Fransiya Birinchi divizionida 12 ta gol urishi va bir qator samarali uzatmalar amalga oshirgani yirik klublarning skautlarini hayratda qoldirdi.

“Borussiya Dortmund” davri

2016-yilda Dembele Germaniyaning mashhur klubi “Borussiya Dortmund” safiga borib qoʻshildi. Uning transfer narxi 15 million yevro atrofida edi, ammo u tez orada bu pulning arzishini isbotladi. Dembele Bundesligada yuqori darajali dribling, tezkor hujumlar va aniq paslari bilan tomoshabinlarni oʻziga rom qildi.

U “Dortmund” bilan 2017-yilda Germaniya Kubogini qoʻlga kiritdi va oʻsha mavsumning eng yaxshi yosh futbolchilaridan biri sifatida tan olindi. Ayni shu davrda u “Barselona” eʼtiboriga tushdi.

“Barselona”dagi sinovlar va imkoniyatlar

2017-yilda Neymar PSJga oʻtgach, “Barselona” uni almashtirish uchun 105 million yevro va bonuslar evaziga Dembeleni sotib oldi. Bu transfer oʻsha davrda futbol tarixidagi eng qimmat bitimlardan biri boʻldi.

Ammo Kataloniyadagi faoliyati qiyin kechdi: Dembele koʻplab jarohatlarga duchor boʻldi. Son mushaklari, tizzasi va toʻpiqdagi jarohatlar uning oʻyin davomiyligini cheklab qoʻydi. Shunga qaramay, u “Barselona” bilan La Liga va Ispaniya Kubogi gʻolibiga aylandi. Ayniqsa, 2018–19 mavsumida Lionel Messi bilan birga hujum chizigʻida samarali oʻyin koʻrsatib, muxlislar xotirasida qolgan.

PSJ va yangi bosqich

2023-yilda Dembele vataniga qaytdi va PSJ jamoasi safiga qoʻshildi. U yerda Kilian Mbappe va boshqa yulduzlar bilan birga hujum chizigʻini shakllantirdi. Tez orada u PSJning muhim futbolchisiga aylandi: qanot hujumlarida tezligi, har ikki oyoqda birdek zarba bera olishi va koʻplab asistlari bilan jamoaga katta foyda keltira boshladi.

2025-yilda esa Dembele faoliyatidagi eng yirik shaxsiy mukofot — “Oltin toʻp”ni qoʻlga kiritdi. Bu sovrin uning nihoyat jarohatlardan xalos boʻlib, futbol olamida oʻz haqiqiy qadrini koʻrsata olganining timsoli boʻldi.

Milliy terma jamoadagi faoliyati

Usmon Dembele Fransiya terma jamoasi safida ham muhim rol oʻynagan. U 2018-yilda Rossiyada oʻtkazilgan Jahon chempionatida ishtirok etib, terma jamoa bilan jahon chempioni boʻldi. Shuningdek, 2022-yilgi Qatardagi mundialda ham maydonga tushdi va jamoaning finalga chiqishida oʻz hissasini qoʻshdi.

Usmon Dembele siymosi

Usmon Dembele musulmon oilasidan chiqqan. 2021-yilda u nikohdan oʻtgan va oilaviy hayotini ham ommaga koʻrsatmaslikka harakat qiladi. Oddiyligi va imon-eʼtiqodiga sodiqligi bilan tanilgan.

Dembelening eng katta muammosi — jarohatlar. U “Barselona” davrida bir necha bor mushak jarohatlari tufayli 2–6 oy maydondan chetda qolgan. Bu uning rivojiga salbiy taʼsir qilgan boʻlsa-da, u mashaqqat bilan mashq qilib, oxir-oqibat PSJda oʻzining eng yaxshi formasiga qaytdi.

Sportda “chempion boʻlish oson, lekin chempionlikni himoya qilish qiyin”, degan gap bor. Koʻramiz, Usmon “chempionlik”ni himoya qila olarmikan.

Muhammadamin Zuhriddinov,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер