Xavfsiz oziq-ovqat — xavfsiz hayot va salomatlik kafolati

Foto: «Xalq soʻzi»
Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 9-umumtaʼlim maktabida Butunjahon oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi kuni munosabati bilan “Oziq-ovqat xavfsizligi: ilm-fanning amaliyotda qoʻllanilishi” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi.
U BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, “Eco-Schools Uzbekistan” dasturi hamda “Yosh fermer” loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda oziq-ovqat sanoati mutaxassislari, ilmiy ekspertlar, akademik mutaxassislar, professor-oʻqituvchilar va maktab oʻquvchilari ishtirok etib, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligining inson salomatligi, taʼlim sifati hamda iqtisodiy rivojlanishdagi muhim oʻrni muhokama qilindi.
Taʼkidlandiki, oziq-ovqat mahsulotlari zararli bakteriyalar, kimyoviy moddalar, zamburugʻlar yoki parazitlar bilan ifloslanishi oqibatida 200 dan ortiq turdagi kasalliklar yuzaga kelishi mumkin, ammo ularning koʻpchiligi ilmiy bilimlar va samarali xavfsizlik choralari orqali oldini olish mumkin.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyo boʻylab taxminan 600 million kishi yaroqsiz oziq-ovqat isteʼmoli sababli turli kasalliklarga chalinadi. Ularning 420 ming nafari vafot etadi, shulardan 125 ming nafari — 5 yoshgacha boʻlgan bolalardir. Bu raqamlar butun dunyo boʻylab oziq-ovqat xavfsizligi tizimlarini mustahkamlash zarurligini koʻrsatadi.
Tadbir davomida oziq-ovqat taʼminoti zanjirining barcha ishtirokchilari — ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlovchilar, tashuvchilar, savdo vakillari va isteʼmolchilar — xavfsizlik standartlariga qatʼiy rioya etishlari zarurligini taʼkidlandi.
Forum doirasida maktabning zamonaviy issiqxona obyektida oʻquvchilar va oʻqituvchilar uchun barqaror qishloq xoʻjaligi amaliyoti va oziq-ovqat xavfsizligi protokollari boʻyicha maxsus mahorat darsi oʻtkazildi.
Oʻquvchilarning oziq-ovqat xavfsizligi masalalari boʻyicha tushunchalarini oshirish uchun interaktiv sessiyalar, ekspertlar tomonidan maʼruzalar va koʻrgazmali taqdimotlar tashkil etildi. Bundan tashqari, Toshkentdagi 22 ta maktab oʻquvchilari oʻrtasida Butunjahon oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi kuniga bagʻishlangan rasm musobaqasi oʻtkazildi. Gʻoliblar tadbir davomida eʼtirof etildi va ularga sovrinlar va diplomlar topshirildi.
Har yili 7-iyun sanasi BMTning FAO va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan Butunjahon oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana oziq-ovqat xavfsizligi masalalari boʻyicha jamoatchilik eʼtiborini kuchaytirish va muvofiqlashtirilgan harakatlarni targʻib qilish uchun global platforma vazifasini oʻtaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring