Moʻjiza bagʻridagi moʻjiza

15:55 01 Fevral 2021 Madaniyat
3191 0

Boy madaniy merosga ega xalqmiz. Xattotlik  sanʼati ana shunday jozibador qadriyatlarimizdan biri. Davlatimiz rahbari 29-yanvar kuni Islom sivilizatsiyasi markazida qurilish jarayoniga masʼul mutasaddilar va tarixchi olimlar bilan muloqot chogʻida xattotlik maktabiga eʼtiborni kuchaytirish zarurligini taʼkidlagani ham bejiz emas.

— Bu sanʼat Sharqda husnixat, xattotlik, Gʻarbda esa kalligrafiya nomi bilan keng shuhrat qozongan, — deydi Mir Arab oliy madrasasi mudarrisi, xattot Abdulgʻafur Razzoqov. — Ushbu sanʼat ustalari — xattotlar oʻz davrlarida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlib, ilm-fan ahli qatoridan joy olishgan.

Darhaqiqat, qadimda yurtimizda bu sanʼat benihoya taraqqiy etgan. Uning bir nechta maktabi vujudga kelgan. Masalan, Buxoro xattotlik maktabining Mirali Hiraviy ( vafoti 1557-yil), Mir Ubayd Buxoriy (vafoti 1601-yil), Mir Husayn Koʻlankiy Buxoriy (XVI asr) kabi yirik vakillari boʻlgan. Xorazm, Fargʻona, Samarqand va Toshkent xattotlik maktablarida ham oʻz ishining ustasi sanalgan koʻplab ziyolilar yetishib chiqqan.

 Eʼtiborlisi, xattotlik sanʼati faqat kitobat bilan shugʻullanib qolmagan. Meʼmorchilik va xalq amaliy sanʼatida ham husnixatdan keng va oqilona foydalanilganini koʻrish mumkin.

— Yurtimizdagi qay bir tarixiy yodgorlikni olib qaramang, unda xattotlik sanʼati namunalarini uchratish mumkin, — deydi buxorolik olim, OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, manbashunos Komiljon Rahimov. — Mana bir misol. Chorminorning poydevorida Abdurahmon Jomiyning Buxoro vasfiga bitgan moʻjaz sheʼri bor. Unda “Shariflik maqomi Allohning izni bilan oxirgi marta Buxoroga nasib etdi” degan maʼno mujassam. Esimda, Fransiyalik sayyohlarga toshga bitilgan shu sheʼr haqida soʻzlab berganimizda, ulardan biri "Shahringizdagi har bir yodgorlik, jumladan Chorminorning oʻzi borib turgan moʻjiza.Bu bitik moʻjiza ichidagi moʻjiza, degan taʼrifga munosib», degandi oʻz hayratini yashira olmay.

Chindan ham aniq fanlarning oʻzgarmas qonunlari asosida mukammal qilib barpo etilgan madrasayu masjidlar, timu karvonsaroylar ajdodlarimizning yuksak aql – zakovati, salohiyati mahsulidir. Shu noyob osori atiqalarning tashqi koʻrinishini xattotlik sanʼati asosida bezash, ularga hikmatli soʻzlarni bitish moʻjizada moʻjiza yaratilgani bilan barobar.

Binobarin, barmoq bilan sanarli darajada oz qolgan xattotlarni qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni shu sohaga yoʻnaltirish orqali unutilayozgan xattotlik maktablarini qayta tiklash mumkin. Bunda yosh xattotlar tanlovlarini, Buxoro, Samarqand, Xiva singari qadimiy shaharlarimizda tashkil etilayotgan xalqaro festivallarda xattotlik sanʼati boʻyicha mahorat saboqlarini oʻtkazish foydadan xoli emas.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?