Xalqlarni yaqinlashtiruvchi madaniy anʼanalar va milliy taomlar festivali

10:38 25 Sentyabr 2022 Madaniyat
2129 0

Foto: Халқ сўзи

Poytaxtimizdagi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Markaziy bogʻda Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar ishtirokida XVIII madaniy anʼanalar va milliy taomlar festivali boʻlib oʻtdi. 

Festivalning asosiy maqsadi poytaxt aholisi va mehmonlariga turli mamlakatlarning madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini taqdim etish, shuningdek, respublika Mehribonlik uylariga xayriya yordamini koʻrsatishdan iborat boʻldi. Tadbirda 28 ta xorijiy vakolatxona vakillari ishtirok etdi. Xorijiy mamlakatlar milliy taomlarining keng assortimentini namoyish etish bilan birga folklor-etnografik jamoalarning chiqishlari ham tashkil etildi.

Afgʻoniston, Ozarbayjon, Misr, Belarus, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Italiya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Kuvayt, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Malayziya, BAA, Falastin, Rossiya, Ruminiya, Tojikiston, Turkiya, Oʻmon, Chexiya, Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻzlarining boy milliy rang-barangligini namoyish etdi. Bayram tadbirida, shuningdek, BMT, YETTB, boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ham faollik koʻrsatdi.

Xalqaro tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi 2000-yildan buyon anʼanaviy Madaniy anʼanalar va milliy taomlar festivalini oʻtkazib kelayotgani, unda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan elchixonalar xodimlari oʻzlarining kulinarlik mahoratini namoyish etish imkoniyatiga ega boʻlayotgani qayd etildi.

Ushbu festival xayriya tadbiri ekani ham maʼlum qilindi. Milliy taomlar savdosidan tushgan barcha mablagʻlar Toshkent va Fargʻona shaharlaridagi Mehribonlik uylariga topshiriladi. Festival ishtirokchisi, Germaniya elchixonasining madaniyat va matbuot masalalari boʻyicha boʻlimi rahbari Xori Adlka intervyu berdi. 

Foto: Халқ сўзи

— Xorijiy diplomatik missiyalarga oʻz milliy madaniyati va taomlarini keng namoyish etish imkoniyati yaratilgani va ushbu goʻzal bayramni tashkil etgani uchun Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligiga minnatdorchilik bildiramiz. Bugungi festivalda boshqa mamlakatlar qatori Germaniya akillari ham faol ishtirok etmoqda. Bu galgi festival oʻziga xos ramziy maʼnoga ega. Chunki bu yil Germaniya va Oʻzbekiston diplomatik munosabatlari oʻrnatilganiga 30 yil toʻldi. Ayni festival ham mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarning kengayishiga xizmat qiladi. Toʻgʻri madaniyat siyosat yoki iqtisodiyot emas. Ammo madaniy aloqalar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер