Xalqaro talablarga toʼliq mos keladigan milliy mahsulotlar
Abdumutal Toiyerov - "Xalq so'zi"
“Oʼzmetkombinat” aktsiyadorlik jamiyati hamda “Oʼzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida ishtirokchilar ishlab chiqarish obʼektlaridagi qaynoq ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Birgina “Oʼzmetkombinat” АJ — qora metallar prokati ishlab chiqarish boʼyicha Markaziy Osiyoda eng yirik korxona. Ishlab chiqarishni uzluksiz rekonstruktsiya va modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash salmoqli hajmlarda eksportga yetkazib berilayotgan yuqori sifatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga imkon yaratmoqda.
Аna shular qatoriga poʼlat armaturalar, polosalar, ugoloklar, poʼlat sharlar va simlar, sirlangan poʼlat idishlar, issiqlikni saqlovchi materiallar, ferroqotishmalar, misdan va mis qotishmalaridan tayyorlangan mahsulotlar, shuningdek, gazsimon suyuq argon va boshqalar kiradi. Kombinat mahsulotlarining barchasi muvofiqlik sertifikatiga ega, korxona sifat menejmenti tizimi milliy va xalqaro sertifikatlash tizimida sertifikatlangan.
Elektrda poʼlat eritish sexida 2002 yilda “DSP-100 UMK” poʼlat eritish pechi va “Pechь-kovsh” qurilmasining foydalanishga topshirilishi Oʼzbekistonda poʼlat eritishdagi yangi bosqich boʼldi. Suyuq poʼlatni vakuumlash uchun qurilma qurilishi va poʼlatga kompleks ishlov berish agregatining rekonstruktsiya qilinishi bilan kombinatning ishlab chiqarish quvvatlari sezilarli kengaydi. Sex 980 ming tonna poʼlat ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Kombinatda navli prokat mahsulotlari, asosan, 2-navli prokat sexida ishlab chiqariladi. Sexda raqobatbardosh va eksportga yoʼnaltirilgan, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʼlgan temir-beton konstruktsiyalari uchun issiq holatda haydalgan davriy va silliq armatura, metiz va temir-beton konstruktsiyalari montaji uchun foydalanilayotgan poʼlat doiralar, har xil turdagi burchak, toʼrtburchak, shveller ishlab chiqariladi.
Sexda soʼnggi yillarda mahalliylashtirish dasturi boʼyicha 8, 10, 12, 14, 16 mm. issiq holatda haydalgan toʼrtburchak, №8, №10 shveller va №7,0; 7,5; 8,0 uchburchak mahsulotlar oʼzlashtirildi.
2-navli prokat sexining katanka ishlab chiqarish uchastkasi 100 ming tonna poʼlat simlar va armatura bogʼlamlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ular mamlakat ichki bozorlarida sotilishidan tashqari tashqi bozorlarga eksport qilinadi.
Mustaqillik yillarida 1-navli prokat sexida 40, 68, 80, 100 va 120 diametrdagi poʼlat zoldirlar ishlab chiqarish oʼzlashtirildi. Ular, asosan, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlarida rudani maydalash, shuningdek, sement sanoatida ishlatiladi.
Poʼlat simlar ishlab chiqarish sexida turli hajmdagi poʼlat simlar tayyorlash yoʼlga qoʼyilgan. Kombinat ehtiyojlaridan tashqari bu sexda tayyorlanayotgan mahsulotlarni Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, xususiy korxona va firmalar hamda turli qurilish tashkilotlari shartnoma asosida sotib olishmoqda.
Rangli metallar ishlab chiqarish sexida mis va uning qotishmalaridan tasmalar ishlab chiqariladi. Mavjud ishlab chiqarish asosida mis va jez folьgasi, radiator lentasi ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyildi.
Qalinligi 0,5 dan 4,0 mm. gacha boʼlgan mis va uning qotishmalari tasmasi ishlab chiqarish toʼliq texnologik siklga ega boʼlgan sexda assortimentni kengaytirish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida 0,03 mm.dan 0,5 mm.gacha tasma ishlab chiqarish oʼzlashtirildi.
Kombinatda sirlangan poʼlat idishlar ishlab chiqarish barqaror oshib bormoqda, mahsulotlar turi tobora kengaymoqda. Ishlab chiqarish toʼliq yopiq texnologik sikl negizida amalga oshiriladi. Sexda 46 nomdagi 260 dan ziyod turdagi sirlangan idishlar tayyorlanadi. Bu sexda metiz mahsulotlari, tikanli sim, har xil katakli “rabitsa” simli toʼr ishlab chiqarilmoqda.
“Oʼzmetkombinat” АJda yiliga 10 ming tonna quvvatga ega boʼlgan issiqlikni oʼtkazmaydigan materiallar ishlab chiqarish sexi faoliyat koʼrsatadi. Sex yiliga 500 tonna mineral vata, 2 850 tonna matlar, 6650 tonna plita ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar import oʼrnini toʼliq bosadi hamda qurilish va sanoat tarmoqlarini issiqlik oʼtkazmaydigan materiallar bilan taʼminlaydi.
Kombinatda bazalьt asosida (mineral vata, mat, plita) issiqlik oʼtkazmaydigan materiallar ishlab chiqarishni tashkillashtirish loyihasini amalga oshirishga kirishildi. 2014 yilda Issiqlik oʼtkazmaydigan materiallar ishlab chiqarish sexi ishga tushdi. Buning natijasida yiliga 500 tonna bazalьt vatasi, 2 850 tonna tikilgan matlar, 6650 tonna qattiq va yarim qattiq plitalar ishlab chiqarish, kombinatning eksport potentsialini oshirish, kelajakda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyish imkoniyati yaratildi.
Bungacha mamlakatimiz bozorlarida oʼzimizda ishlab chiqarilgan bazalьt asosida issiqlik oʼtkazmaydigan materiallar deyarli mavjud boʼlmagan. Ichki bozorga asosan Xitoy, Qozogʼiston va bir qator Yevropa davlatlari, xususan, Finlyandiya, Daniya, Polьsha, Slovakiya va Shvetsiya mahsulotlari keltirilgan. 2020 yilda ham kombinatda poʼlat eritish va prokat mahsulotlari ishlab chiqarishda yuqori surʼatlarga erishildi. Joriy yilning yakunlangan toʼqqiz oyida 732 221 tonna poʼlat eritilib, 802 934 tonna prokat mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Taʼkidlash kerakki, kombinatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati jahon andozalari talablariga toʼliq mos keldi. Prokatchilar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning katta qismi eksportga joʼnatiladi.
"Xalq so'zi"
Abdumutal Toiyerov olgan suratlar
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring