Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi

11:58 24 Oktyabr 2024 Siyosat
232 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini (1970 yilda qayta ko‘rib chiqilgan) (Jeneva, 1970 yil 24 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yanada kengayib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Konvensiyada mehnat munosabatlarida xodimlarning mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash choralarini yanada kuchaytirish kabi masalalar nazarda tutilmoqda.

Konvensiya barcha sohalarda ishlaydigan xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini qayta tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda har ish yili uchun beriladigan ta’tillarni ta’minlashga zamin yaratadi.

Qayd etilganidek, shu kunga qadar ushbu Konvensiya 38 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Konvensiyaning qabul qilinishi kelgusida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini yanada yuksaltirishga hamda xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga imkon yaratadi.

Shuningdek, barcha sohalarda ishlovchi xodimlarning dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni amaliyotga samarali joriy etishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?