Xalqaro gullar festivali nafosat shaydolarini chorlaydi

15:48 03 Aprel 2025 Jamiyat
164 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Har manzilning tashrif qogʻozi bor. Namangan oʻzining gulsevar insonlari, ular koʻngil taftidan yashnagan chamanzorlari bilan dovruqli. Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida kichikkina koʻrgazma sifatida namoyish etilgan gul sayli yillar oʻtib, avlodlar koʻz oʻngida sayqal topdi, shahar ahlining milliy qadriyatlaridan biriga aylandi.

Shu oʻrinda soha rivoji, uning mehnatchilari erishayotgan natijalar anʼanaviy gullar bayramida butun xalq koʻz oʻngida namoyon boʻlayotganini taʼkidlash lozim. 2018-yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan xalqaro festival maqomini olgan anjuman har yil bahorida dunyoning turli burchaklaridagi ishqibozlarni nafosat sayliga chorlab kelmoqda. Bayramning oʻtgan yilgi tomoshalari, ayniqsa, qamrovi bilan yanada fayzi kechgani koʻpchilikning yodida. Qirq kun davom etgan saylga 6 milliondan koʻproq inson keldi. Ularning 200 mingdan ortigʻi 60 ga yaqin davlatda tashrif buyurgan sayyohlar ekan.

Ayni paytda nafosat shahrida navbatdagi 64-Xalqaro festivalga tayyorgarlik ishlari qizgʻin boshlab yuborildi. Bu gal besh hafta davom etadigan anjuman 25-may kuni viloyat markazi koʻchalari boʻylab harakatlanadigan gullarga bezangan avtomashinalar paradi bilan boshlanadi.

— Namangan oʻsha kunlari mamlakatimiz viloyatlari, shuningdek, chet davlatlardan tashrif buyuradigan millionlab goʻzallik shaydolarini koʻzni yashnatadigan manzaralar bilan kutib oladi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov. — Ayni maqsadda maxsus plantatsiyalarda 100 million tupga yaqin mavsumiy gul koʻchatlari parvarishlanmoqda. Ular asosiy tadbirlar oʻtadigan Bobur bogʻi hamda “Afsonalar vodiysi” tematik parki, shaharning xiyobon va koʻchalariga oʻtqaziladi.

Tashkilotchilar festivalning har bir kuni oʻziga xos madaniy va koʻngilochar tadbirlar bilan alohida mazmun kasb etishiga xizmat qiladigan rang-barang dasturlar rejasini ishlab chiqishgan. Xususan, jahon va milliy estrada yulduzlari ishtirokida konsertlar, “Fashion Week 2025” – yirik modalar haftaligi, “Talant shou”, “Ovoz” va “X-Factor” tanlovlari, kattalar va bolalar uchun spektakl va sirk tomoshalari, xalqaro hunarmandchilik koʻrgazmasi, kulgi kechalari, “Dunyo taomlari Namanganda” – gastronomik turizm namoyishi hamda “Lavanda sayli” va dron-shoular anjuman mehmonlariga eng zavqli taassurotlarini hadya etishi tabiiy.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?