“Xalq soʻzi”da yangi rukn “Badiyat olami”
Mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar silsilasida adabiyotni rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh iqtidorlarni kashf etish va tarbiyalashga qaratilgan ishlar butunlay yangi bosqichga koʻtarildi.
Zotan, inja sanʼat xalqning maʼnaviy-ruhiy ozuqasidir. Badiiy soʻz qudrati inson qalbini nafaqat poklaydi, balki tafakkur olamini yoritadi, orzu-umidlari roʻyobi sari qanot boʻladi, uni yangi-yangi marralar sari ragʻbatlantiradi.
www.xs.uz saytimizda “Badiyat olami” ruknining tashkil etilishidan koʻzlangan ezgu maqsad-muddao ham shu. Oʻquvchilarga ushbu rukn ostida yozuvchi-shoirlar, adabiyot boʻstoniga endi qadam qoʻyayotgan yosh ijodkorlar asarlaridan tuhfa etib boramiz.
Mushtariylarimizni xalqimizning maʼnaviy saviyasini yanada oshirish, didini yuksaltirish, ularni badiiy soʻzning bepoyon jilvasidan bahramand etish, orzu-umidlari roʻyobi tomon olgʻa intilishga undash, ruhlantirishdek ezgu ishlarga kamarbasta boʻlishga chorlab qolamiz.

Kenes KARIMOV
TUGʻILGAN TUPROGʻIM SOʻQMOGʻI
Sovuq kuz ruhimga sanchilar chim-chim,
Bulutlar – kechikkan karvon emasmi?
Ufq jiyagida sarobdek ohim
Koʻnglimdagi qat-qat armon emasmi?
Mana, mezon oʻtdi. Oʻrladi aqrab,
Shimoldan izgʻirin shamollar esdi.
Negadir yuragim oʻrtandi qaqrab,
Chimboy soʻqmoqlari yodimga tushdi.
Bir ovchi yoʻqotgan poʻlat pichogʻin
Kutilmagan yerdan topgani kabi.
Yuz yil suv chiqmagan choʻllarda tagʻin
Oqin suvlar toshib chopgani kabi.
Umr oʻtayotir bir shirin tushdek,
Koʻnglimda orzular oʻsdi barq urib.
Xayolim misoli bezovta qushdek
Nimanidir izlab, uchdi charx urib.
Koʻngil algʻov-dalgʻov, xotira ogʻir,
Shu olis yoʻllarda yoʻqotdim neni?
Dedi: “Qadamingga bosaman bagʻir”, –
Chimboy soʻqmoqlari chaqirdi meni.
* * *
Koʻklam nafasidan uygʻondi gullar,
Daraxtlar ketma-ket uygʻonaverdi.
Uygʻondi yuz yil suv ichmagan choʻllar,
Olam oʻsma qoʻyib, boʻyanaverdi.
Uygʻondi dalalar, uygʻondi bogʻlar,
Oq qalpogʻin yechib, terladi togʻlar,
Yomgʻirlar suvidan yuvildi dogʻlar,
Oʻrmonlar yashil toʻn – toʻyona berdi.
Suvlar loyqalanib, mavjlanib oqdi,
Choʻllar hazorisband munchogʻin taqdi,
Oʻrdak, gʻoz shoshilib qanotin qoqdi,
Koʻllar ham chayqalib toʻlgʻanaverdi.
Yigit-yalang yechib qishki kiyimni,
Qiz-juvon qirmizi-yashil kiyindi,
Ranglardan dil quvnab, koʻzlar suyundi,
Qarilar yoshardi, yosh yonaverdi.
Tuslandi dalalar, turlandi ellar,
Xushxabar yetkazdi shoshqaloq yellar,
Yaxshilar orzulab ekkan nihollar
Yaproq yozib, gulga choʻlgʻanaverdi.
Boshi koʻkka yetgan novcha oq terak
Osmonga ustundek, zaminga tirgak.
Chayqalib, tebranib, guvlab, gurkirab,
Nozli qiz misoli sollanaverdi.
Navbahor, nimasan? Afsungarmisan?
Olti oy qayerda eding? Bormisan?
Yo sogʻinganimdan bexabarmisan? —
Desam, qovoq uyib, doʻllanaverdi.
Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi

Abdusaid KOʻCHIMOV
SENSIZLIK
Togʻdek gʻamga qilurman toqat,
Mayli, oʻyna, mayliga qiyna.
Mensizlikka oʻrganma faqat,
Sensizlikka oʻrgatib qoʻyma.
Karamingga intizor bogʻim,
Judo qilma fayyoz xoblardan.
Fatton uzlat fath etgan chogʻim,
Oʻzing qutqar sur azoblardan.
Sensizlik... Bu zahri nob boda,
Tubsiz dara, adoqsiz xatar.
Mendan gʻarib boʻlmas dunyoda,
Sensizlikka koʻniksam agar.
FOJIAM
Men oʻzimni bilmayman,
Ishonaman hammaga.
Koʻksim qalqon qilaman,
Doʻstga kelgan hamlaga.
Jazirama oftobda
Soya boʻlgim keladi.
Boʻronlarda himoya,
Qoya boʻlgim keladi.
Ular esa... Eh, ular
Sezmaydilar dilimni.
Oʻgʻri mushuk singari,
Poylaydilar yoʻlimni.
Men oʻzimni bilsaydim,
Yoʻlatmasdim yaqinga.
Kuydirardim choʻgʻ boʻlib,
Aylanardim chaqinga.
Bugun ular oldimni
Toʻsib yotgan kundadir.
Men oʻzimni bilmayman,
Fojiam ham shundadir.

Madina NORCHAYEVA
* * *
Kuz — yogʻmur shevasinda bitilgan maktub.
Hijjalab oʻqirkan har bitta baytni.
Qishloqdagi uylar homuza tortib
Yana moʻrilarga yukingan payti.
Turnalar janubga yetib olgandir...
Daraxtlar parishon qizlar singari
Yecharkan sochidan bogʻichlarini.
Uchurib yuborar gulgun faslga
Qovjirab toʻkilgan sogʻinchlarni.
Turnalar janubga yetib olgandir...
Soylarning labida tiniq kulgilar
Azaliy dardidan boʻlganday forigʻ.
Safdoshlarin qumsar ichimda bir qush
Bu gal ham ketmadi koʻksimni yorib.
Turnalar janubga yetib olgandir...
* * *
Mening osmonimga gulchambar taqdi,
Vidoga sozlangan qushlar ovozi.
Makonsiz loʻlidek o, koʻchar vaqti
Daraxtlar kaftiga surar xinosin.
Horgʻin yoʻlaklarni yuvib oʻtdi sel,
Kuz — sira titrogʻi bosilmagan gʻam.
Libosim alanga,
Tiynatim yomgʻir
Seni yondirmadim...
Gullatmadim ham.
Mening osmonimda chaqinlar suzdi,
Toʻfonni simirgan toʻlqinlar — yoʻlbars.
Qaysidir ontiga qasamin buzdi
Mazlum qushlarini uchirdi qafas.
Makonsiz daraxtlar ketdilar qulab,
Libosim alanga...
Tiynatim tuygʻu.
Vidoga shaylangan fasl oralab
Kimnidir, kimnidir izlab ketdi u.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring