“Xalq soʻzi”da yangi rukn “Badiyat olami”

21:02 29 Noyabr 2022 Madaniyat
676 0

Mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar silsilasida adabiyotni rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh iqtidorlarni kashf etish va tarbiyalashga qaratilgan ishlar butunlay yangi bosqichga koʻtarildi.

Zotan, inja sanʼat xalqning maʼnaviy-ruhiy ozuqasidir. Badiiy soʻz qudrati inson qalbini nafaqat poklaydi, balki tafakkur olamini yoritadi, orzu-umidlari roʻyobi sari qanot boʻladi, uni yangi-yangi marralar sari ragʻbatlantiradi.

www.xs.uz saytimizda “Badiyat olami” ruknining tashkil etilishidan koʻzlangan ezgu maqsad-muddao ham shu. Oʻquvchilarga ushbu rukn ostida yozuvchi-shoirlar, adabiyot boʻstoniga endi qadam qoʻyayotgan yosh ijodkorlar asarlaridan tuhfa etib boramiz.

Mushtariylarimizni xalqimizning maʼnaviy saviyasini yanada oshirish, didini yuksaltirish, ularni badiiy soʻzning bepoyon jilvasidan bahramand etish, orzu-umidlari roʻyobi tomon olgʻa intilishga undash, ruhlantirishdek ezgu ishlarga kamarbasta boʻlishga chorlab qolamiz.

Sirojiddin SAYYID

* * *
Yoshliging bir-bir oʻtib bormoqdadir,
Ne sehr, ne sir — oʻtib bormoqdadir.

Vola, zor dildirmi yoki nolazor?
Lolazor qirdir, oʻtib bormoqdadir.

Yerda — yorning qoshlari, koʻkda — hilol,
Misli uch shamshir oʻtib bormoqdadir.

Yor ham jayron misol javlon qilar,
Qil biror tadbir, oʻtib bormoqdadir.

Zulflari, kokillari aylar shitob,
Bu qator zanjir oʻtib bormoqdadir.

Ketdi suvda qoʻllaringdan gul tushib,
Bul nechuk tasvir — oʻtib bormoqdadir?

Tongmidir bu yoki oqshom yulduzi?
Barchasi birdir — oʻtib bormoqdadir.

Mavjmidir, daryomi, sohil yo shamol,
Bori koʻngildir — oʻtib bormoqdadir.

Neki yillar intizor etmish seni,
Oqu qoramtir oʻtib bormoqdadir.

Oʻylakim, yoshlik emas, umring aro
Rang-barang taqdir oʻtib bormoqdadir.

VATAN ABADIY

Bahrayn suvlariga chaydim yuzimni,
Nasimlar esdilar iliq, arabiy.
Bir osmon toʻldirib keldi koʻksimni,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Ne zotlar oʻtdilar Vatandin ayro,
Sevinchi savdoyu sogʻinchi sahro.
Koʻksimni toʻldirib keldi bir daryo,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Bobo qirlardagi bir xas yo tikan,
Shu ham kimlargadir zoʻr armon ekan.
Koʻp ekan zar topib, zor boʻlib yurgan,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Kim axir bu dahri dundan oʻtmagay?
Kim axir bir kuni aso tutmagay?
Tandan jon ketar, lek Vatan ketmagay,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Har tepa, har doʻnglik turbat emasdir,
Har qanday ayriliq gʻurbat emasdir.
Yurtdan ketgan har zot Furqat emasdir,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Olmon tuprogʻida bir nemis ayol,
Koʻzda yosh, oʻzbekcha ayladi savol.
Xalqim, nonu tuzing hamisha halol,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Har keksa, har yoshning zahmatlarida,
Azim chinorlarning hikmatlarida,
Hazrat Yassaviyning xilqatlarida
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Ayb emas avvaliy va yo soniymiz,
Agarchi insonmiz vale foniymiz.
Barchamiz ushbu kun Turkistoniymiz,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Asta barg toʻkmoqda zarhal ogʻochlar,
Umr goʻyo toʻlar boju xirojlar.
Kelib ketar ekan qancha Sirojlar,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Nodir JONUZOQ

CHIROYLISIZ…

Chiroylisiz. Goʻzalsiz. Magʻrur.
Tashlaysiz goh koʻz qiringizni.
Talpinadi yurak qurmagʻur,
Bilsam deydi dil siringizni.

Ammo sira buzmaysiz pinak,
Xotirjamsiz. Sokinsiz. Sipo.
Goʻyo yoʻq siz yetmagan tilak,
Goʻyo sizda dunyo baxti jo.

Holbuki har lahza betinim
Qalbingizda otilar vulqon.
Garchi qushday yursangiz-da jim,
Qoningizda uxlaydi toʻfon.

Beparvosiz. Vazmin. Osuda.
Oqqush kabi qilasiz pardoz.
Goʻyo beoʻy, begʻamsiz juda,
Goʻyo issiq hislaringiz oz.

Adashdimmi yo koʻngil berib?
Oʻylayversam – yuragim ogʻrir.
Poyingizga toʻkildim erib…
Chiroylisiz. Goʻzalsiz. Magʻrur.

​​BAXT

Men dunyoga keldim,
Xudoga shukur –
Siz bilan hamnafas boʻlganim uchun.
Ilohiy yogʻdudan yorishib shuur,
Muhabbat shavqiga toʻlganim uchun,
Men dunyoga keldim –
Xudoga shukur.

Sizning baxtingizni koʻray toabad,
Kulgingiz bezasin har bir damimni.
Suyunchi qidirib urinay, faqat
Siz ham aslo koʻrmang mening gʻamimni,
Sizning baxtingizni koʻray toabad...

Mehrinoz ABBOSOVA

* * *
Bilaman, yoʻllarda ruhing toliqqan,
Davom etmoq kerak, ammo, azizim.
Chiqavergan misol quyosh, xususan,
Yogʻavergan kabi yomgʻirlar sim-sim.

Davom etmoq kerak har nafas betin,
Koʻngilda zarracha his qilmay hadik.
Bir yoqdan bostirib kelsa-da shovqin,
Bir yoqda kutsa-da bahaybat jimlik.

Nigohing toza tut, xayoling pok tut,
Dunyo ishlaridan axtarma maʼni.
Bori musibat-u qaygʻuni unut,
Hayot degani bu – davom degani.

Davom etmoq kerak..

* * *

Uygʻonmoqqa haqqing bor, uygʻon,
Sen ham inson, sen ham isyonsan.
Borligingga keltirgil iymon,
Ishqdan bunyod pokiza jonsan.

Butunlikka tashna erur ong,
Lahzalaring, hislaring – sochma.
Xudo berdi: seniki shu tong,
Sen ham nursan, quyoshdan qochma!

Nasrullo ERGASH

*  *  *

Shunchalar parishon, shunchalar yolgʻiz,
Dafʼatan bilmaysan tushmi, roʻyomi –
Sohilda oʻltirar sohilday bir qiz
Shirin iforlarga koʻmib dunyoni.

Sheʼriyat oʻltirar balki sohilda;
Sirlari ochilmay qolgan goʻzal sir.
Yozib boshlangan-u, qolgan yozilmay,
Sohilda oʻltirar men yozmagan sheʼr.

U shunday goʻzalki, misoli nargiz,
U shunday chiroyli nargiz misoli.
Sohilga termulib oʻltirar bir qiz
Yo qizga termulib oʻltirar sohil.

Atoyi emasman, ammo gohida
Qonimda anvoyi hislar joʻsh urar.
Ne tong, “Bir sanamkim,
suv yaqosinda paritek oʻlturar”...

SAMOʼ

Poyimda aylanar osmon,
Boshim uzra Yer aylanar.
Qonimda aylanar isyon,
Yuragimda sheʼr aylanar.

Falakda aylanar shamshir,
Boshimda nuri aylanar.
Bir yonda aylanar Shamsim,
Bir yonda Rumiy aylanar.

Tilimda aylanar isming,
Kaftimda umrim aylanar.
Bir yonda aylanar jismim,
Bir yonda ruhim aylanar.

Aylona-aylona ketsam,
Poyimga koʻk yiqilgaymu?
Yelkamda farishta bitgan
Ul gunohlar toʻkilgaymu?

Tilimda aylanar tavba,
Dilimda taskin aylanar.
Koʻzimda aylanar qatra,
Qatrada aksing aylanar.

Boqurman falakka hayron –
Samo bilan Yer aylanar.
Qonimda aylanar isyon,
Yuragimda sheʼr aylanar...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер