Xalq dardida yashagan ulkan qalb shoir...

Foto: Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Poytaxtimizda Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov hayoti va ijodiga bagʻishlangan xotira kuni boʻlib oʻtmoqda.
Tadbir avvalida Yozuvchilar uyushmasi jamoasi, yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar, adibning oila aʼzolari, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻqituvchi va oʻquvchilari, shuningdek, sheʼriyat muxlislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari “Chigʻatoy” qabristonida boʻlib, shoir qabrini ziyorat qildi.
Shundan soʻng qatnashchilar Toshkentning Huvaydo mahallasida boʻlib, Erkin Vohidov 1966-2016-yillarda yashab, ijod qilgan xonadonni koʻzdan kechirdi. Mehmonlar, ayniqsa, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabining bitiruvchi oʻquvchilari u yerda shoirning yorqin ijodi va ibratli hayoti haqida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻldi, ijodkor foydalangan buyumlarni zavq bilan tomosha qildi. Bir soʻz bilan aytganda, adib nafasi va ruhini his etdi.
Keyingi manzil Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti boʻldi. Tadbir ishtirokchilari mazkur oliy oʻquv yurtida tashkil etilgan Erkin Vohidov muzeyiga sayohat qilishdi.
Kunning ikkinchi yarmida “Adiblar xiyoboni»ga uyushtirilgan sayohat ham adabiyotsevar yuraklarni ruhlantirdi, desak mubolagʻa emas. Qatnashchilar tomonidan aylanish davomida Alisher Navoiy va Erkin Vohidov haykallari poyiga gul qoʻyildi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Buyuk yurtga endi daholar kerak” shiori ostida adabiy anjuman boʻlib oʻtdi.
Tadbirda yozuvchi-shoirlar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, shuningdek, ijodkorning yaqinlari soʻzga chiqib ustoz shoir Erkin Vohidovning hayoti va ijodi, boy adabiy merosi haqida soʻz yuritishdi.
— “Klassik” degani satrlarida biror gʻaliz gap yoʻq deganidir, — dedi Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov. — Klassik ijodkorlarning vaqt, davru zamon qancha beshafqat hukmini oʻtkazmasin yozganlaridan hamisha soʻz ifori, atri kelib turadi. Erkin Vohidov klassik shoirligi, ijodi ana shunday mumtoz ohanglarga boyligi bilan koʻngillarimizdan joy olgan. Bir narsani taʼkidlamogʻim shart, shaxsan men uning ishonchli vorislari yetishib chiqayotganidan, hozir ular aynan bizning oramizda oʻtirganidan xursandman.
Kun nihoyasida “Sehrli shaharcha” bogʻining yozgi amfiteatrida Erkin Vohidov sheʼrlari asosida yaratilgan qoʻshiqlardan iborat “Nazm va navo” kechasi tashkil etildi. Unda nafaqat ijodkorlar, balki keng jamoatchilik vakillari ham bahramand boʻlishdi.
Bir soʻz bilan aytganda “Adabiyot — xalqning yuragi» shiori ostida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy, adabiy-badiiy tadbirlar doirasida tashkil etilgan ushbu adabiy press tur va anjuman, xotira kechasi katta adabiyot bayramiga aylanib ketdi, desak adashmagan boʻlamiz.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
- Rossiya Belarusda yadro quroli joylashtirishni maʼlum qildi. AQSHda xotirjamlik, Yevropa Ittifoqi esa javob berish bilan tahdid qilmoqda
- Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring