Kattaqoʻrgʻon shahri hududi kengaytiriladi

17:39 29 Iyul 2025 Jamiyat
255 0

Arxiv foto

Qonunchilik palatasining 29-iyuldagi majlisida “Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahri, Kattaqoʻrgʻon va Nurobod tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi Qonunchilik palatasi qarori loyihasi koʻrib chiqilib, qabul qilindi.

Taʼkidlanishicha, Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahri hududini kengaytirish orqali oʻrta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga oʻtkazilishi, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholining oʻsib borishini inobatga olgan holda aholiga qulay sharoitlar yaratish, yangi infratuzilma obyektlari hamda koʻp qavatli turar-joy komplekslari barpo etish belgilangan.

Shundan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasining taklifiga asosan, Kattaqoʻrgʻon tumanidan 1 945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer maydoni Kattaqoʻrgʻon shahri tarkibiga hamda Nurobod tumanidan 600 gektar yer maydoni Kattaqoʻrgʻon tumani tarkibiga oʻtkazilishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu chegaralar oʻzgartirilishi natijasida yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etilib, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi. Xususan,50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filiali, shuningdek, 30 gektar maydonda 3 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Hududda 2030-yilga borib sanoat korxonalarining sonini 332 tadan 500 taga yetkazish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni qariyb ikki barobarga oʻsishini taʼminlash reja qilingan. Aholi jon boshiga esa sanoat mahsulotlari hajmi1,5 barobarga oʻsishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, hududda xizmat koʻrsatish sohasida korxonalar sonini 981 tadan 1 285 taga yetkazish hisobiga jami xizmatlar hajmi 1,8 barobarga oʻsishi, 2030-yilga borib xizmat koʻrsatish sohasida korxonalar soni 3 ming taga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan.

Kattaqoʻrgʻon shahrida jami 71 mln. dollarlik investitsiyalar oʻzlashtirilishi, eksport salohiyati kengaytirilib 65 mln. dollarga yetkazilishi hamda qishloq xoʻjalik mahsulotlari qayta ishlash va tayyor mahsulot yetishtirish boʻyicha qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish boʻyicha bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilangani tashabbuskorlar tomonidan aytib oʻtildi.

Bu oʻzgarishlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, istiqbolli rejalarni belgilash, aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish, hudud infratuzilmasini yaratish, shuningdek, yangi hududda belgilangan talablar doirasida ijtimoiy soha, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari qurilishini tashkil etish hamda shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.

Majlisda chegaralarga oʻzgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yigʻinlari, shuningdek, xalq deputatlari Kattaqoʻrgʻon shahar, Kattaqoʻrgʻon va Nurobod tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizigʻining tasnifi maʼqullanganligi qayd etildi.

Shuningdek, qaror loyihasida hududning chegaralarini oʻzgartirish va unda belgilangan vazifalarni tizimli bajarish maqsadida Hukumatga kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatildi. Qaror loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер