Kasb mahoratini egallagan yoshlar aniqlandi

13:25 10 Dekabr 2024 Jamiyat
269 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Namangan shahridagi Monomarkazda “Oʻzbekiston yoshlari forumi – 2024” doirasida “Kasblar tanlovi“ musobaqasi oʻtkazildi. “Besh tashabbus olimpiadasi“ga kiritilgan tanlovning “Novvoylik“, “Payvandlash ustasi“, “Elektromontaj ustasi“, “Dizaynerlik“ hamda “Yosh quruvchi“ yoʻnalishlari boʻyicha saralash bahslarida ustun kelgan 70 nafar iqtidorli yigit-qiz viloyat bosqichi gʻolibligi uchun maydonga tushdi.

— Novvoylik ota-bobolarimdan qolgan meros, — deydi Namangan shahri vakili Husanboy Muhammadiyev. — Toʻrtinchi sinfdaligimdayoq xamir qorish, zuvala yasash, tandirga kirish malakasini oʻzlashtirishga kirishganman. Bugun yopgan nonlarimga hamma havas bilan qaraydi. Tanlovdagi muvaffaqiyatli ishtirokim kasbimga boʻlgan ishtiyoqni yanada mustahkamladi.

Ishtirokchilar mazkur tanlov nafaqat raqobat maydoni, balki oʻz tajribasini oshirish va kelajak rejalarini belgilab olishda muhim qadam boʻlganligini taʼkidladi. Birinchi oʻrin gʻoliblariga tanlovning respublika bosqichi yoʻllanmasi topshirildi. Keyingi oʻrin egalari esa 2,5-3 million soʻm qiymatdagi sertifikatlar bilan ragʻbatlantirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?