Kartoshkachilikni rivojlantirish choralari belgilandi

01:26 20 Aprel 2023 Siyosat
706 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan reja va takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda kartoshkaga boʻlgan talab qariyb 4 million tonnani tashkil etadi. Shuning 80 foizdan ziyodi yurtimizda yetishtirilib, qolgan qismi import hisobidan toʻldirilmoqda.

Sababi – sohada bir qancha muammolar bor. Masalan, bugungi kunda 253 ming gektarda kartoshka ekilayotgan boʻlsa, oʻrtacha hosildorlik 163 sentnerni tashkil etmoqda. Chet ellardagiga qaraganda bu juda past koʻrsatkich.

Yana bir katta muammo urugʻchilik bilan bogʻliq. Aholi va dehqonchilik xoʻjaliklari elita va R1 urugʻlik oʻrniga import qilingan yoki mahalliy sifatsiz kartoshka ekmoqda. Yuqori hosilli urugʻlik kartoshka yetishtirish uchun ekin yerlari va issiqxonalar, ularni saqlash uchun omborxonalar yetarli emas. Hosildorlikning kamayishiga sabab boʻluvchi virus va bakteriyali kasalliklarni tekshiradigan laboratoriyalar yoʻq.

Yigʻilishda ushbu dolzarb masalalarni hal etish, kartoshkachilik va uning urugʻchiligini rivojlantirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Bugungi kunda milliy genofondda 250 xil kartoshka navi mavjud boʻlib, 4 ta korxona va ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan 27 ta navdan milliy urugʻ yaratish boʻyicha ishlar boshlangan.

Ulardan biri Samarqanddagi Oʻzbekiston – Koreya qoʻshma korxonasidir. Uning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida birinchi bosqichda Bulungʻur, Toyloq va Samarqand tumanlaridan 500 gektar, ikkinchi bosqichda Toshkent viloyatining Boʻstonliq, Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlaridan 2 ming gektar yer ajratish moʻljallanmoqda.

Urugʻchilikni rivojlantirish uchun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida 4 gektarlik, Samarqanddagi “Green Korea agro Invest” korxonasida 1 gektarlik issiqxona va sovutgichli omborxonalar qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalar Jahon banki mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi va “in vitro” usulida kartoshka urugʻini yetishtirishning toʻliq sikli yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida “ilm – taʼlim – ishlab chiqarish” tamoyili boʻyicha Kartoshka urugʻchiligi markazi tashkil etiladi. Kartoshkaning yashirin virus kasalliklari va sifat koʻrsatkichlarini aniqlash boʻyicha 4 million dollarlik laboratoriya ishga tushiriladi.

Shu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2025-yildan kartoshka urugʻchiligiga boʻlgan ichki talab toʻliq taʼminlanishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, urugʻlik kartoshka yetishtirish hajmini oshirish va sifatini kafolatlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligiga 500 tonna elita kartoshka urugʻlarini 1 ming 700 ta aholi tomorqalariga bepul tarqatish, kartoshka yetishtiruvchilarga imtiyozli mablagʻlar ajratish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер