Karantin davrida xodimning roziligisiz mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritiladimi?

11:56 23 Noyabr 2020 Siyosat
453 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida olib borilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi nihoyatda qizgʻin kechdi.

Xoʻsh, Mehnat kodeksi loyihasini qabul qilish uchun zarurat bormi? Mazkur hujjat qabul qilingach, qonunchilikda qanday oʻzgarishlar boʻladi?

Avvalo, shuni aytish kerakki, 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksida koʻplab havolaki normalar mavjud, barcha zarur masalalar aniq tartibga solinmagan. Shu sababli uni amaliyotda qoʻllashda bir qator muammolar yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, ushbu hujjatda fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli xil shakllarining faol rivojlanishi hisobga olinmagani, ish beruvchilarni, xususan, qoʻshimcha odamlarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan moslashuvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmagani yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini qabul qilish zaruratini keltirib chiqardi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida esa mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilamoqda.

Ahamiyatli tomoni, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi normalarni ham oʻz ichiga oladi.

Yana bir muhim jihat borki, bu haqda alohida toʻxtalishni oʻrinli, deb bilaman. Chunki Kodeks loyihasida mehnat shartnomasini tuzish bilan bogʻliq ayrim munosabatlar takomillashtirilmoqda. Xususan, ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladigan yoshga aniqlik kiritilib, ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxs toifalari kengaytirilayotir.

Bundan tashqari, mamlakatda yoki mintaqada favqulodda holat yoki karantin choralari eʼlon qilinganda xodimning roziligisiz mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritish shartlari, jumladan, moslashuvchan qulay rejimga oʻtish, toʻliqsiz ish vaqti, masofadan turib ishlash kabilar belgilanmoqda. Bu esa oʻz navbatida, pandemiya davrida ayrim korxona va tashkilotlarda yuzaga kelgan turli holatlarning qayta takrorlanmasligiga, eng asosiysi, bunday muammolarga batamom barham berishga muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, qonun loyihasining qabul qilinishi bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarining muvozanatini taʼminlash, ularni ijtimoiy hamkorlikka jalb qilishda yuqori samara beradi. Ayniqsa, tomonlar oʻz mehnatining natijadorligiga qiziqishini oshirish, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq qilishda bir qator imkoniyatlar yaratadi.

Qahramon ERGASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?