Kambagʻallikni qisqartirishning asosiy omili aholini daromadli ish bilan taʼminlashdir
Foto: Xalq so‘zi
Maʼlumki, shu yilning 25-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
— Yigʻilishda kambagʻallikni qisqartirishning asosiy omili – bu aholini daromadli ish bilan taʼminlash ekanligiga alohida urgʻu berilgani bejiz emas, — deydi Fargʻona viloyati Toshloq tumanidagi “Piyozchilik” MFY xotin-qizlar faoli Goʻyoxon Mamatoirova. — Shu maʼnoda, 2023-yilda yurtimizda oilaviy tadbirkorlikka moliyaviy koʻmak kengaytirilishi, mahallalarda mikromarkazlar tashkil etilishi bizni juda ham mamnun etdi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun 12 trillion soʻm yoʻnaltirilishi eʼtiborga molikdir.
“Piyozchilik” MFYda oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik mahallaning “oʻsish nuqtasi” sifatida belgilangan boʻlib, bugungi kunda hududda aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini taʼminlash hamda tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash va buning samarasi sifatida kambagʻallikni tugatish yoʻlida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
2022-yili mahallada hunarmandchilik yoʻnalishida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagidagi qariyb 50 oilaga 650 million soʻmga yaqin imtiyozli kredit ajratildi. Natijada 150 dan ziyod kishi muqim ishli boʻldi.

Ayni paytda “Piyozchilik”da 200 dan koʻproq oilada xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, 30 nafar xotin-qiz oʻz tadbirkorligi orqali mahalladoshlari uchun doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan ish oʻrinlarini yaratgan.
Ulardan biri – Nozimaxon Yoqubova qoʻli gul chevar. Hozirda 10 nafar qiz-juvonni yoniga olib, milliy uslubda kiyimlar tikmoqda. Moʻjaz tikuv xonasida ish toʻxtamaydi, buyurtmalarning esa keti uzilmaydi.
— Biz esa har oyda oʻrtacha 5000 juft poyabzal tayyorlab, ichki bozorga yetkazib beramiz, — deydi yana bir tadbirkor ayol Muqaddas Soliyeva. — Oilamizning yillik daromadi oʻrtacha 120 million soʻmni tashkil etadi. Kosibchilik yoʻnalishida 10 nafar mahallamiz xotin-qizlarini ish bilan taʼminlaganmiz.
“Piyozchilik” MFY hokim yordamchisi Akramjon Rahmonovning taʼkidlashicha, davlatimiz rahbari tomonidan 25-yanvar kungi videoselektor yigʻilishida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda mahalladagi har bir oilaning yagona raqamli pasportini ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda. Shu tariqa kambagʻallikdan chiqarish borasida har bir oilaga alohida dasturlar tuziladi. Bandlik dasturi tayyorlanib, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish, tadbirkorlik loyihalari ijrosi jadallashtiriladi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring