Kambagʻallikka qarshi kurashishda Yangi Oʻzbekiston tajribasi

17:25 19 Sentyabr 2025 Siyosat
146 0

Oʻzbekiston soʻnggi yillarda qashshoqlikni qisqartirishda yangi modelni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etdi. Bu eng avvalo manzilli ijtimoiy daftarlar, mahallabay ishlash tizimi, ehtiyojmand aholini daromad manbalari bilan taʼminlash kabi chora-tadbirlarda koʻzga tashlanmoqda. Natijada 7,5 million aholi kambagʻallikdan chiqarilib, 2024-yilda kambagʻallik darajasi 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha bu koʻrsatkichni 6 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu raqamlar forum ishtirokchilari uchun muhim tajriba sifatida xizmat qiladi, chunki kambagʻallikni qisqartirishning barqaror mexanizmlari dunyo mamlakatlari uchun ham dolzarb hisoblanadi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotning ikki barobar oʻsishi, aholi jon boshiga daromadning 3,5 ming dollargacha yetishi ijtimoiy siyosat samaradorligini koʻrsatmoqda. Mazkur natijalar nafaqat iqtisodiy barqarorlikni, balki aholi turmush sifati oshishiga xizmat qilmoqda. Namanganda oʻtkazilgan xalqaro forumda bu jarayonning asosiy yoʻnalishlari va istiqbollari keng muhokama etildi.

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa uchun dolzarb voqea boʻldi. Forum ochilishida Prezidentimiz ishtirok etib, dunyodagi global beqarorlik, iqtisodiy inqirozlar va iqlim oʻzgarishlari ortida yuzaga kelayotgan qashshoqlik muammosiga eʼtibor qaratdi. Bugun kambagʻallik masalasi davlatlar uchun strategik vazifaga aylangani, uni hal qilishda har bir mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosati sinovdan oʻtayotgani taʼkidlandi. Shu maʼnoda mazkur forumning ahamiyati juda katta, chunki u nafaqat milliy islohotlarni, balki jahon hamjamiyati bilan hamkorlikdagi tashabbuslarni ham oʻz ichiga olmoqda.

III xalqaro forumning ahamiyati shundaki, u kambagʻallikka qarshi kurashda kompleks yondashuvni muhokama qilish uchun global maydon yaratib berdi. Forum doirasida Prezidentimiz taʼkidlagan yettita ustuvor yoʻnalish – barqaror ish oʻrinlari yaratish, sifatli taʼlim, xotin-qizlar faolligini oshirish, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, infratuzilmani rivojlantirish va davlat xarajatlarini samarali yoʻnaltirish dolzarb mavzular sifatida qayd etildi.

Ayniqsa, kambagʻal oilalar farzandlarini taʼlim va kasbga yoʻnaltirish, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, aholini tibbiy xizmat bilan qoplash kabi masalalar inson kapitalini rivojlantirishga yoʻnaltirilgani bilan muhim. Forumda 200 ga yaqin xalqaro ekspert ishtirok etib, islom moliyasi imkoniyatlari, biznes inklyuzivligi va moliyaviy arxitektura kabi masalalar muhokama qilindi. Bu global yechimlarni izlashda Oʻzbekistonning tajribasi va tashabbuslari dunyo miqyosida qoʻllanilishi mumkinligini koʻrsatdi.

Forumning yana bir dolzarb jihati – xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlari bilan hamkorlik masalalari boʻldi. Oʻzbekistonning 2026-yilda Xivada xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusi qashshoqlikka qarshi kurashda yangi moliyaviy arxitektura yaratishda muhim bosqich hisoblanadi. Bu bilan mamlakatimiz nafaqat ichki siyosatda, balki global iqtisodiy munosabatlarda ham faol ishtirokchi sifatida namoyon boʻlmoqda.

Shuningdek, infratuzilma rivojlanishi, mahallalarni obod qilish, ish oʻrinlari va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash kabi yoʻnalishlar aholining kundalik turmush sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Xalqaro ekspertlar bu yoʻnalishlarning amaliy natijalari bilan qiziqishi, Oʻzbekiston modelini oʻrganishga intilishi forumning ahamiyatini yanada oshirdi.

Mazkur xalqaro forum bugungi global iqtisodiy muammolar fonida beqiyos ahamiyatga ega. Unda qashshoqlikni qisqartirish boʻyicha milliy tajribalar, global yechimlar va istiqbollar muhokama qilindi. Oʻzbekistonning kambagʻallikka qarshi olib borayotgan izchil siyosati xalqaro maydonda alohida eʼtirof etildi.

Bu forum nafaqat mamlakatimiz, balki butun jahon hamjamiyati uchun qashshoqlik muammosiga innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim platforma boʻlib xizmat qildi. Shubhasiz, mazkur tadbirning natijalari uzoq muddatli istiqbolda Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini mustahkamlash, dunyo mamlakatlari bilan tajriba almashish va kambagʻallikka barham berishda muhim qadam boʻlib qoladi.

Ravshan Fozilov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo'mitasi a'zosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер