Kambagʻallikdan bandlik, bandlikdan farovonlikka

Bugun Namangan shahrida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi oʻz ishini boshladi. Xalqaro hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan anjumanda 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar, xususan, Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari, Jahon banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarlari va yuqori martabali vakillari, shuningdek, qator davlatlar delegatsiyalari hozir boʻldilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum ochilishida ishtirok etib, nutq soʻzladi. Davlatimiz rahbari mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha uchinchi bor oʻtkazilayotgan xalqaro anjuman ishtirokchilarini samimiy qutladi. Tadbirda ishtirok etayotgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al-Jassir, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yang, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bosh vitse-prezidenti Sachiko Imoto, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Kaxa Imnadze, Jahon bankining kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva va barcha mehmonlarga minnatdorlik bildirdi.
Mazkur forumning asosiy maqsadi – kambagʻallikni qisqartirish, barqaror va yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaxshilash singari dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan xalqaro muloqot platformasini yaratishdan iborat. Anjuman avvalida aytib oʻtilganidek, global hamjamiyat 2030-yilgacha dunyoda kambagʻallikka barham berish, atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyotga oʻtish, tinchlik va farovonlikni taʼminlashda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kabi yuksak maqsadlarni mujassamlashtirgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qilgan. Biroq soʻnggi yillarda jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan murakkab shart-sharoitlar oqibatida hozirgi kunga kelib ushbu maqsadlarning atigi 18 foizigagina erishilganidan tashvish bildirildi. Bu esa, oʻz navbatida, masalaga yanada jiddiyroq yondashish masalasini dolzarb qilib qoʻymoqda.
Taʼkidlash kerakki, xalqaro darajadagi murakkab vaziyatga qaramasdan, mamlakatimizda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlar natijasida hozirgi kunda Barqaror rivojlanish maqsadlarining qariyb yarmiga erishilib, ularning 70 foizida ijobiy natija qayd etildi. Bunda aholi bandligini taʼminlash orqali kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha qabul qilingan dasturlar ijrosi muhim oʻrin tutayotgani ayni haqiqat.
Forum manzili etib nega aynan Namangan tanlandi? Bu eng avvalo, viloyatda mazkur sohadagi ishlarning natijadorligi taʼminlanayotgani bilan bogʻliq. 2021-yilda yurtimizda birinchi bor kambagʻal aholi soni ochiqlanganda hududda ushbu koʻrsatkich 15,7 foizni tashkil etgan edi. Anigʻini aytganda, 104,5 mingta oiladagi 459,9 ming nafar kishi kambagʻallik toifasiga kiritilgan. Aniq maqsadni koʻzlagan chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq 2024-yil yakuni bilan 52 ming oiladagi 238 ming fuqaro kambagʻallikdan chiqarildi va bu boradagi koʻrsatkichni 7,6 foizga qisqartirishga erishildi. Demak, oʻrgansa, ommalashtirishga arziydigan tajribalar yetarli. Ular orasida davlatimiz rahbarining oʻtgan yilgi tashrifi chogʻida Uychi tumanini ishsizlikdan xoli hududga aylantirish boʻyicha olib borilgan saʼy-harakatlar haqida alohida gapirib oʻtish lozim. Bu yerda aholi bandligiga erishish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha uch yoʻnalishda amalga oshirilgan amaliy tadbirlar qisqa vaqt ichida oʻzining aniq natijalarini koʻrsatdi va bu bilan butun mamlakat boʻylab eʼtirof etilayotgan Uychi tajribasi maydonga keldi. Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, bir yil ichida tumanda 38289 kishining bandligi taʼminlandi va joriy yil sentyabr oyi boshiga kelib ishsizlik darajasi avvalgi 10,8 foizdan 4,8 foizga tushirildi.
Ikki kun davom etadigan forumning panel sessiyalarida kambagʻallikni qisqartirishda yangi yoʻnalishlarni belgilash, mavjud muammolarga zamonaviy va samarali yechimlar topish hamda Oʻzbekistonda orttirilgan tajribani xalqaro hamjamiyat bilan oʻrtoqlashish maqsadida bozor talablariga mos koʻnikmalar orqali aholi daromadlarini oshirish, kambagʻallikka qarshi kurashishda islom moliyasi imkoniyatlaridan foydalanish yoʻnalishlarida alohida muhokamalar olib boriladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring