Kabutarlar – tinchlik elchisi

14:38 27 Dekabr 2024 Jamiyat
169 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Dunyoda har bir insonni yangi orzu-umidlar sari ragʻbatlantiruvchi hayotbaxsh kuch bor. Uning nomi – tinchlik. Bu neʼmatsiz hayotning zavqi yoʻq. Inson taqdiri, yurt taqdiri yoʻqlik, mavhumlik domiga tushadi. Shu bois bugun tinchlik neʼmati sayyoramizda eng bebaho boylik sifatida eʼzozlanmoqda.

Bugun dunyoda kechayotgan turfa jarayonlarga tiyrak nazar solgan har bir yurtdoshimiz mamlakatimizdagi bugungi yangilanish va oʻzgarish jarayonlari, ertangi kun istiqboli uning ham zimmasida ekanini biladi. Yaxshi niyat bilan ekilayotgan har bir daraxt, muhtasham imorat poydevoriga qoʻyilayotgan har qaysi gʻisht, bilim-maʼrifat yoʻlida oʻtilayotgan dars, duoga qoʻl ochib soʻralayotgan niyat shu ona-Vatanimizga fayz, baraka baxsh etishini chin dildan anglab yetadi.

Yilning toʻrt faslida ham yurtimizning tabiati dilbar. Har koʻklam tinchlik, halovat va farogʻatli hayot ramzi qaldirgʻochlar uy ayvonlarida zarif qoʻshiqlarini kuylab, polaponlarini uchirma qiladi. Rizq-nasiba topib, bolalarini ulgʻaytiradi. Odatda qish faslida issiq oʻlkalarga uchib ketuvchi laylaklar qahratonda ham suyukli maskanda qolmoqda. Dala-yu dashtlar, ziyoratgohlardagi koʻkka boʻy choʻzgan azim daraxtlarni makon tutgan bu beozor qushlar oilasidagi ahil-inoqlik havasimizni keltiradi.

Margʻilon shahridagi eng katta mahallarning birida Yoʻrmadoʻzda Pir Siddiq majmuasi bor. Shu hududda umrguzaronlik qiluvchi aholi tilida ushbu muborak maskan – Kaptarlimozor deyiladi. Yilning istalgan faslida ushbu mahallaga yoʻlingiz tushsa, muqaddas goʻshaning tabarruk kabutarlari raqsi, xonishlari naqadar yoqimli ekanini his etasiz.

Yoʻrmaduzliklarning aytishicha, bu kabutarlar bir necha asrdan buyon mazkur ziyoratgohda qoʻnim topgan. Bu kabutarlar haqida yoʻrmadoʻzliklar orasida avloddan avlodga oʻtib kelayotgan bir rivoyat yuradi. Bundan oʻn uch asr muqaddam afsonaviy Semurgʻ qushi bir qanotida kabutarlar, ikkinchi qanotida Makka tuprogʻini olib kelib, aynan, shu joyda toʻxtagan. Shu tarzda mahalla nuroniylari yurt tinchligi, qut-baraka, rizq-roʻzni taʼminlashda ramziy maʼnoda boʻlsa-da, kuch-quvvat manbaiga ega boʻlgan ushbu kabutarlarning bir paytlar Semurgʻ qush qanotida uchib kelganiga astoydil ishonadi.

Afsuski, sobiq tuzum davrida ziyoratgoh tashlandiq holda edi. Margʻilon shahrining qutlugʻ 2000-yilligi arafasida Ulugʻ mozor, Said Ahmad xoʻja, Jahon otin Uvaysiy singari koʻplab tarixiy yodgorliklar qatorida Pir Siddiq majmuasi ham mukammal taʼmirlandi. Hozirda bu yerga deyarli har kuni mamlakatimizning turli hududlari, uzoq-yaqin xorij davlatlaridan sayyohlar keladi.

Ayni paytda majmuada minglab kabutarlar doimiy ravishda yashaydi. Turli xil koʻrinishga ega kabutarlarning tabiiy ravishda koʻpayishi uchun maxsus joylar hozirlangan.

— Ota-bobolarimiz kabutarlar baxt keltiruvchi xislatli qushlar deb ardoqlagan, — deydi mehnat faxriysi Adhamjon Umarov. — Har tong Pir Siddiq majmuasi peshtoqlarida bir-biridan chiroyli, koʻrgan koʻzni quvnatadigan kabutarlar umbaloq oshib oʻynaganda, bu manzarani tomosha qilish naqadar yoqimli. Bu yurtimizdagi tinchlik, xotirjam va osoyishta hayot ramzi boʻlsa, ne ajab. Zero, kabutarlar butun dunyoda tinchlik elchisi hisoblanadi.

Yil sarhisobi paytida bunday orombaxsh tuygʻular qalbimizga oʻzgacha huzur-halovat baxsh etadi. Xotirjamlik kayfiyati ruhiyatimiz, turmush tarzimizga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Yangi kun – yangi yilga qatʼiy ishonch, katta orzu-umidlar bilan peshvoz chiqishga undaydi. Yurtimiz tinchligiga aslo koʻz tegmasin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?