Yoʻllardagi tirbandlik qachon barham topadi?

12:01 16 Aprel 2025 Jamiyat
71 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda Samarqand shahrini istiqbolda millionlar shahariga aylantirish maqsadi belgilangan. Buning uchun shaharning transport tizimi, yoʻllari va yoʻl infratuzilmasi yaxshilash dolzarb masalalardan biri boʻlib turibdi. Hozirda doimiy aholi va tumanlardan keluvchilarni qoʻshganda, Samarqand shahrida kuniga necha minglab kishilar harakatlanadi. Ularning koʻplari shaxsiy avtomobillarida, qolganlari jamoat transportidan foydalanadi. Shu bois shaharga kirib kelayotgan aholining koʻchalarda erkin harakatlanishi, manziliga koʻp vaqt sarflamay yetib olishi uchun koʻchalardagi tirbandliklarni bartaraf etish lozim.

Keyingi paytda Samarqandda tirbandliklar uzayib borayotgani sababli koʻplab muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bundan shahardan Qorasuv massivigacha boʻlgan yoʻnalishda harakatlanuvchilar ertadan kechgacha figʻoni falakda. Bu haydovchilarning ham, yoʻlovchilarning ham kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, turli asabbuzarliklarga sabab boʻlmoqda.

— Samarqandda ekologik jihatdan zararsiz dastlabki elektrobus xizmati yoʻlga qoʻyildi, — deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti tadqiqotchisi Akmal Nizomov. — Ayni paytda ularning soni 100 taga yetdi. Bunga qoʻshimcha tramvaylar ham qoʻshilmoqda. Ular toza havoni ifloslantirayotgan, inson salomatligiga zarar yetkazayotgan jamoat transportlari oʻrnini egallamoqda. Shunga qaramasdan, shaharda transport vositalari harakati tirbandligi kundan-kunga oshib bormoqda. Tirbandlikni kamaytirish uchun elektrobuslardan yoʻlovchilar koʻp boʻladigan yoʻnalishlarda foydalanish kerak. Avtobuslar uchun ajratilgan yoʻlaklardan avtobus, yengil va yoʻnalishli taksilar harakatini haftaning dushanbadan juma kunigacha ertalab soat 07:00 dan 09:00 gacha, kechqurun 17:00 dan 19:00 gacha xizmat qilishi belgilab qoʻyilishini hayotning oʻzi taqozo qilmoqda. Shunda tirbandliklarning oldi olinadi.

Mutaxassislarning fikricha, muammolarning yana bir yechimi — bu yoʻl chiroqlarini qayta koʻrib chiqishdir. Agar katta koʻchalarda “aqlli svetoforlar” oʻrnatilsa, onlayn tirbandliklarini koʻrib turish mumkin. Agar eʼtibor bersak, hozir shahar koʻchalarida, yoʻl yoqalarida avtomobillarning egalari ulovlarini istagan joyga qoʻyib ketmoqda. Bu tirbandliklar kelib chiqishining asosiy omillaridan biridir. Shaharda avtomobillar qoʻyish joylari yetishmaydi. Buning uchun avtomobil toʻxtash joylarini koʻpaytirish zarur. Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi sifatida Samarqand shahrining Choʻponota hududidagi Samarqand xalqaro avtoshohbekati ishga tushirilish arafasida. Oʻzbekkent mahallasi hududida ham ishlar olib borilmoqda. Ammo Samarqand tumanining Chumchuqli hamda Parrandachilik mahallasi hududida, Pastdargʻom tumanidagi avtoboshbekat qurilishi hali boshlanmadi.

— Viloyatimizda jamoat transporti qatnovini qulay va barqarorligi borasida izchil ishlar olib borilmoqda, — deydi Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev. — Tashuvchilar eng daromadli paytda emas, aholining ehtiyojidan kelib chiqib harakatlanishini taʼminlashiga harakat qilmoqdamiz. Bu borada yaxlit yoʻl xaritasi ishlab chiqib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz.

Albatta, hayot tezlashayotgan, odamlarning faolligi oshgan bir paytda jamoat transportlarining harakatlanishi ham arzon, sifatli va tez boʻlishiga, “aqlli svetofor”lar oʻrnatilib koʻchalarning oʻtkazuvchanligi ortishiga umid qilamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер