“Yoʻlchilarga rahmat aytib qoʻying...”

14:01 28 Yanvar 2026 Jamiyat
174 0

Andijon tumanidagi “Qum koʻcha” mahallasi oʻz nomi bilan qum koʻcha edi. Uzoq yillar davomida asfalt yotqizilmaganligi bois aholi shaxsiy mablagʻi hisobiga shagʻal toʻktirar, biroq, bu bir mavsumdayoq oʻz kuchini yoʻqotar edi. Va nihoyat davlat dasturi asosida mahalladagi asosiy va ichki koʻchalarga asfalt yotqizildi.

-Hamma narsaning salbiy tomonini koʻrishga oʻrganib qolganimizu,-deydi hazilaralash tabassum bilan shu manzilda yashovchi Rayimjon aka Xoʻjamberdiyev. -Asfalt yotqizilishi boshlanishi bilan qoʻlimizga oʻlchov moslamasini olib, koʻchaga yugurdik. Asfaltning qalinligini oʻlchab koʻraylik, dedikda. Qarasak, mutaxassislarning oʻzlari har bir qarichini, ikki chetini, oʻrtasini oʻlchab, nazorat qilib borayotgan ekan. Yoʻlning kenglini ham qatʼiy nazoratga olishdi. Hayolimizga kelgan fikrlardan uyalib, nima qilishni bilmay: “Bizga xizmat bormi?” deb yubordigu!

-U ham mayli,-suhbatga qoʻshiladi yana bir nuroniy. – Aspalchilarga “Bolam, bir arava aspal ber, uyimga kerak edi, pulini beraman” desam, “Ota, sizga bir arava asfalt bersam koʻchaning qaysidir qismiga yupqaroq yotqizishim kerak boʻladi. Shuning uchun uzr, bunday qilolmayman” dedi. Barakalla!

Jurnalist boʻlganim bois “Qachonlardir yoʻlchilarni idorasidagi kattalarni koʻrib qolsangiz, minnatdorchiligimizni yetkazib qoʻying, zoʻr ishlashar ekan”,-deyishdi nuroniylar. Va oʻsha kun keldi. Kuni kecha Andijon viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida ana shu minnatdorchiliklar oʻz egalariga yetkazildi.

-Darhaqiqat, soʻnggi yillarda yoʻllarni asfaltlash ishlari koʻlami kengaydi,-deydi boshqarma boshligʻi Mirzohidjon Nurmatov. -Birgina 2025-yilning oʻzida 650 km.dan ziyod ichki yoʻllarda taʼmirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, 636.9 mlrd soʻm mablagʻ hisobiga 1355,8 km. avtomobil yoʻllarida rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari olib borildi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, amalga oshirilgan bu kabi xayrli ishlar natijasida 324 ta mahallada istiqomat qiluvchi 105 ming nafar aholiga qulay sharoit yaratilgan. Joriy yilda esa yana 178 ta mahallada bunyodkorlik ishlari davom etadi. Ishonamizki, bu ishlar ham yuz minglab hamyurtlarimizning duosiga sabab boʻladi.

Saminjon HUSANOV, ”Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?